Boqiy Jarroh Toshkandiy




Boqiy Jarroh Toshkandiy — toshkentlik alloma va faylasuf.
Ism-taxallusidan maʼlum bo‘lishicha, sohibi olim, tabib bo‘lgan, shu bilan birga u shoir, musiqashunos va xattot bo‘lgan. Sharq mualliflaridan Xatib Tabriziy o‘zining «Mushkot al-masobih” („Chirog‘don”) asarida aytishicha, u o‘z asarini Toshkentda Mavlono Boqiy uyida yozib tugatgan. Bu asarning mavjud 8017 raqamli qo‘lyozmasi muallif nusxasidan 1712-yili Muhammad ibn Ibrohim qo‘li bilan ko‘chirilgan. Shu bilan birga, u xattot sifatida ham anchagina kitoblar ko‘chirgan, baʼzi asarlarga sharhlar yozgan. U Balxga borib u yerda Hindistonning Ahmadobod shahriga yetib kelgan va o‘sha yerda vafot etgan. Boqiy Jarroh Toshkandiy kotiblik qilib, Davlatshoh Samarqandiyning tazkirasini ham ko‘chirgan. Qo‘lyozmada bu nusxa 1581-yili ko‘chirilgan, deb yozilgan. Manbalar xabar berishicha, Boqiy Toshkandiy bir qancha asarlarga sharhlar yozgan. Chunonchi, u „Yusuf va Zulayho“ dostoniga sharh yozgan, olimlar o‘rtasida ko‘pdan sharhlanib keladigan „Odob al-munozara“ asar sharhiga arab tilida hoshiya yozgan.
Maʼlumki, „Odob al-munozara“ning muallifi Abdurahmon ibn Ahmad al-Iyjiy bo‘lib, unga o‘zidan keyin ko‘p olimlar sharh bog‘lagan.
Bu asarga Mirsayyid Sharif Jurjoniydan tortib keyingi davrlarda o‘nlab olimlar sharh bog‘lagan. Ana shu sharhlarning biriga u ham hoshiya yozgan. Boqiy hoshiyasida bu sharhning kimga tegishli ekani aytilmagan. Bu o‘sha davrda mashhur bo‘lgan sharhga bog‘langan hoshiyalardan biri bo‘lgan. Boqiy Toshkandiy fors tilida anchagina ishqiy g‘azallar ham yozgan. Ammo uni turkigo‘y shoir deyishgan. Xo‘ja Xasan Nisoriyning „Muzakkir al-ahbob“ („Do‘stlar yon daftari”) degan kitobida Mavlono Boqiy turkigo‘y shoirlardandir - deb yozgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo‘lyozmada Boqiyning sheʼrlari ham yozilgan: Bu qo‘lyozma esa 1797—1809-yillar orasida ko‘chirilgan.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz