BOQILLONIY
BOQILLONIY, Abu Bakr Muhammad attayyib alboqilloniy (?, Basra— 1013,Bagdod) —kalomning yirik vakili. Kalomni ash’ariya maktabiga mansub bo’lgan Ibn Mujohiddan (980 yil vafot etgan) o’rgangan. 982-983 yillarda Buvayhiylar amiri Adudaddavla topshirig’iga ko’ra Vizantiyada bo’lgan. Fiqh masalalarida molikiylik mazhabiga suyangan. Boqilloniy 52 asar yozgan bo’lib, bizgacha 6 tasi yetib kelgan. Ilohiy sifatlar va ilohiy mohiyat haqidagi muipaziliylar oqimiga mansub Abu Hoshim aljubbaiy ishlab chiqqan g’oyaga qo’shildi. Bir necha mu’taziliylarning, jumladan Abbad bin Sulaymon (844 yil vafot etgan) ning bu masalaga doyr g’oyalarini rivojlantirib, Xudoning sifatlari haqida fikr yuritdi. Boqilloniy fikricha, hamma narsa Xudo tomonidan belgilangan. Iroda erkinligi muammosini ham Boqilloniy yuqoridagi fikrga muvofiq ravishda hal qildi: Xudo faqat “borliq” va “asos”ni yaratganligini, inson esa borliqni shakllantirib, amaliyotni muayyan yo’singa solishini uqtirdi. U imomat masalasida shialar va rofiziylar bilan bahsga kirishib, Imom yoki xalifa lavozimi merosiy emas, balki ular saylanishi zarur deb hisobladi. Ammo bu lavozimga saylanadigan kishi Alining avlodlaridan bo’lishi shart bo’lmasa ham, qurayshiylardan bo’lishi lozim. Agar Imom o’ziga topshirilgan vazifani uddalay olmasa vazifasidan tushirish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, imomning vazifalari quyidagilar: 1) musulmonlar jamoasini tashqi dushmanlardan himoya qilish; 2) adolatsizlikning oldini olish; 3) qonunga muvofiq jazolanishi kerak bo’lgan shaxslarga chiqarilgan hukmning ijrosini nazorat qilish; 4) urush vaqtida qo’lga tushgan o’ljani musulmonlar o’rtasida taqsimlash; 5) haj xavfsizligini ta’minlash.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz