Bopay Xonim




 

Bopay Xonim (1690 / 1695 — 1780-yil 31-may) — Kichik juz xoni Abulxayrning rafiqasi, Nurali, Yerali va Ayshuaq xonlarining onasi. Oʻgʻli hukmronligi davrida Xan-ana (xon onasi) unvoniga sazovor boʻlgan Bopay Xonim Qozoq xonligidagi eng nufuzli ayollardan biri edi.

Kelib chiqishi



Bopay (Botima) Xonimning Abulxayrxonga turmushga chiqishidan oldingi hayoti haqida ishonchli maʼlumotlar kam. Maʼlumki, u Aday urugʻidan boʻlgan nufuzli qozoq Tabinay botirlaridan biri Suyindiqning qizi boʻlgan.

Xonning xotini



1709-yilda Abulxayrxon Janibek botir bilan koʻchmanchi dushmanlar tomon ketayotib, bir boy oqsoqolning ovulida bir necha kun toʻxtab qolishadi.U yerda Abulxayr sulton Suyindiq botirning qizini, goʻzal va yosh Bopayni koʻrib qoladi va uning yuragini zabt etishga qaror qiladi. Sulton Janibek bilan asosli bahona tufayli uzoq safardan bosh tortadi va oʻzining zodagonligini bildirmay, uni maftun etgan qizning otasiga choʻpon boʻlib yollanadi. Jasur, baland boʻyli, kelishgan Abulxayr uning his-tuygʻulariga javob qaytargan aqlli va zukko Botimaning koʻnglini tezda qozonadi. Qisqa vaqt ichida ular oʻrtasida jiddiy ishqiy munosabatlar boshlanadi va Bopay undan farzand kutayotgan paytda Abulxayr uning otasidan qiziga uylanish uchun rozilik soʻrashga qaror qiladi. Rivoyatda aytilishicha, Suyunduq botir Abulxayrning Bopayga uylanish niyatidan xabar topib, oʻjarlik bilan yolgʻiz qizini zodagonlar oilasidan boʻlmagan kambagʻal va ildizi yoʻq oddiy choʻpon yigitga berishni istamaydi va Abulxayrga yengib boʻlmas toʻsiqlar kelib qolsa qizdan chekinishga majbur boʻladi deb oʻylaydi. Shunday qilib, Suyindiq botir Abulxayrdan „oyoqlari oq boʻlgan 90 ta ot va qora tovonli 60 ta kulrang ot“ koʻrinishida qalin berishini talab qiladi. Abulxayr oʻjar cholning shartiga rozi boʻlib, cholning xotini boʻlmish Bopayning onasiga bir oyga ketayotganini, nima boʻlganda ham kerakli qalinni olib kelishini aytadi. Uzoq sarson-sargardonlardan soʻng, Abulxayr otlar toʻdasini haydab ketayotgan Janibek botirni beixtiyor uchratib qoladi. Zodagonlardan boʻlgan Janibek botir sevib qolgan yosh toʻraga yordam bermoqchi boʻlib, Abulxayr boʻlajak qaynotasiga qalim toʻlashi uchun podasidan 150 ta eng zoʻr aygʻirlarni saralab beradi. Abulxayr sulton otlarni Bopayning ota-onasining ovuliga joʻnatib yuboradi va uning ortidan sovchi sifatida Janibek botir yetib keladi. Oʻjar oqsoqol suyukli qizini qatʼiyatli Abulxayrga berishga rozi boʻlishdan boshqa chorasi qolmaydi va oradan bir necha kun oʻtib Abulxayr sulton va Bopay Xonim turmush qurishadi.

Biografiya



Bopay Xonim Abulxayrxonning suyukli rafiqasi, davlat boshqaruvida qatnashgan jamoat arbobi , diplomat. Bopay Xonim nafaqat xon taxti vorislarining xotini va onasiga, balki Abulxayrning hamkasbiga, uning dono maslahatchisiga va ishonchli tayanchiga aylandi. Bopay Xonimning oʻzi xalq yigʻilishlarida soʻzga chiqib,Qozoq xonligining ichki va tashqi siyosatini belgilab beruvchi masalalarni hal etishda, taniqli soʻz ustalari, xalq huquqi mutaxassislari bilan notiqlik bellashuvlarida qatnashgan. Bopay Xonim qoʻshni davlatlar oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, Rossiya bilan tinch-totuv munosabatlar oʻrnatdi, shu tufayli u koʻp masalalarni diplomatiya yoʻli bilan hal qila oldi. Bopay Xonim chor maʼmurlari, rus ayol imperatorlari va jungʻor hukmdorlari bilan yozishmalar olib borgan. Qozogʻiston tarixi boʻyicha taniqli mutaxassis A. I. Levshin shunday deb yozadi: "…Bopay Xonim oʻz aqlidan yuksak hurmat bilan foydalangan va Qozoq xonligini boshqarishda baʼzan juda kuchli taʼsir koʻrsatgan. Ayollarga qul sifatida munosabatda boʻlishga, ularni har qanday jamoat ishlarida ishtirok etishdan mahrum qilishga odatlangan xalq orasida keng tarqalmagan oʻzining monogramli muhriga ega edi. Bopay Xonim Abulxayrxondan besh oʻgʻil va Zulayho Xonim ismli bir qiz tugʻdi. Jungʻorlar ittifoqni mustahkamlash maqsadida Abulxayrxonning qizini Xontoychining oʻgʻliga soʻraydi. Biroq Bopay Xonim bu fikrni rad etib, jungʻorlar asirligida hali ham qozoq botirlari borligini va marhumlar uchun motam tugamaganini eslatib oʻtadi. Qozoq xonligining tashqi siyosiy ahvoliga bogʻliq boʻlgan masalalardagi savollarda xalq kengashi xon Abulxayrni emas, aynan Bopay Xonimni qoʻllab-quvvatlaganini taʼkidlash lozim.

Xon Abulxayr vafotidan keyin



1748-yil 1-avgustda Barak sultonning pistirmasi tufayli Abulxayr xon jangda vafot etdi. Shu paytdan boshlab Bopay Xonim hukmronligi boshlanadi. Uning birinchi qadami rus imperatori Yekaterinaga yoʻllangan bayonot edi. Bunda, agar Bopay Xonimning oʻgʻli xon boʻlmasa, Rossiya bilan shartnoma bekor qilinishi haqida yozilgandi. 1749-yil 26-fevralda Nurali imperator Yelizaveta Petrovnaning farmoni bilan qozoq xoni etib saylandi. Yangi xonning onasi sifatida Bopay Xonim , Xon- ona darajasiga koʻtariladi. Bopay Xonim shunchalar oʻz hukmini oʻtkazuvchi ayol ediki, Abulxayrxon vafot etgach, oʻn yil davomida oʻgʻillariga juda kuchli taʼsir koʻrsatdi. Bopayxonim turmush oʻrtogʻi vafotidan soʻng oʻz siyosiy yoʻlini oʻzgartirmadi.U Qozoq xonligining taniqli biy va botirlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan oʻgʻli Nurali orqali siyosat yuritdi. Abulxayrxon vafotidan keyin Bopayxonim jungʻorlar bilan munosabat haqidagi fikrini oʻzgartirishga majbur boʻldi va oʻgay qizi Namurun Xonimning Galdan-Cheren oʻgʻli bilan turmush qurishiga rozilik berdi. Biroq nikoh amalga oshmadi — Namurun Xonim vafot etdi. Oradan koʻp oʻtmay Barak ham vafot etdi. Xalq orsida Bopay Xonim oʻgay qizining qotilidan oʻch oldi, degan mish-mishlar tarqaldi.

Tavsifi



Bopay Xonim juda goʻzal ayol boʻlgan. Buni koʻplab xalq afsonalari tasdiqlaydi. 1736-yilda ingliz sayohatchisi va rassomi John Kestel Orenburg choʻllariga sayohat qilgan. Kestelning chizgan rasmlariga qarab, Bopay Xonim bu vaqtga kelib qirq yillik iz bosib oʻtgan, besh farzandning onasi ekanligiga ishonish qiyin.

Vafoti



Bopay Xonim 1780-yil 31-mayda vafot etdi, u turmush oʻrtogʻisiz 32 yil hayot kechirdi. Bopay Joʻsala daryosining yuqorisida dafn etilgan. Xom gʻishtdan qurilgan Bopay Xonim maqbarasi ziyoratgohga aylangan edi. Afsuski, maqbara bugungi kungacha saqlanib qolmagan. Xon hukmronligi tugatilgandan soʻng, Rossiyaning ichki viloyatlaridan Qozoq xonligiga koʻchmanchilar oqib kelgan paytda Bopay Xonim maqbarasi vayron qilingan.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz