BONU
BONU (taxallusi; asl ismi Samar Bonu Sirojiddin qizi) (1837, O’sh — 1891, Andijon, Mingtepa qishlogi) — o’zbek shoirasi, ma’rifatparvar. Huvaydoning chevarasi. “Meros dedim bobomlardin” masnaviysida Hofiz, Navoiy, Shams Tabriziy, Ahmad Yassaviy va bobosi Huvaydoni tilga olib, shoirlik iste’dodi otabobosidan meros ekanligini ta’kidlagan. Ularning asarlariga tajnis, tatabbular yozgan. Bonu 19 yoshida beva qolgan. “Bonu g’arib” she’rida bu ogir judolik va musibatni turmush hodisalari bilan bog’lab, o’zi kabi ayollar qismatidan, zamonasidagi haqsizliklardan zorlangan. She’rlarida Layli, Shirin, Uzrolar bilan dardlashgan (“Yor jabr etdi” va boshqalar). Bonu ruhidagi isyonkorlik, oqilalik asarlariga singib ketgan. Sevgi mavzuidagi she’rlari shaxsiy his-tuyg’ular bilan chegaralanmay, keng ijtimoiy mazmun kasb etgan. Bonu ijodida shaxs va zamon, ayollar taqdiri masalasini asosiy o’ringa qo’ygan. Erk uchun o’zi tanlagan yo’lning to’g’riligiga ishongan (“Falak ozoridan ming dod”, “Hech qaysi inson ham”, “Dilda dardim kim bilur?”, “Benavolar” va boshqalar), bu yo’lda sobit turgan. Bonu she’rlarini to’plab devon tuzgan. As: She’rlar, T., 1963. Ad.: Jalolov T., O’zbek shoiralari, T., 1980.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz