BONN
BONN — Germaniyadagi shahar, Shimoliy Reyn Vestfaliya yeri hududida, Reyn daryosining chap sohilida. Aholisi 412 ming kishi (1995). Bonnga 1-asrda rimliklar asos solgan. 1273-1794 yillarda Kyoln kurfyurstlari qarorgohi. 1814 yildan Prussiya tarkibiga kirgan. 1945-49 yillarda Germaniyaning Angliya okkupatsiya qilgan zonasida bo’lgan. 1949 yildan GFR poytaxti. 1989 yildagi siyosiy o’zgarishlar tufayli GFR va Germaniya Demokratik Respublikasi qo’shilib, Birlashgan Germaniyaning federal poytaxti statusi Bonndan Berlinga o’tdi. Xorijiy davlatlar elchixonalari hozircha Bonnda. Bonn muhim transport yo’llari tuguni. Reyn bo’yidagi port. Xalqaro aeroport bor. Sanoat korxonalari juda kam. Mavjud sanoat tarmoqlarining aksariyati iste’mol mollari ishlab chiqaradi; elektrotexnika, rangli metal buyumlari, aniq mexanika, optika, farmasevtika, mebel, keramika, yozuv qog’ozi, oziq-ovqat, tamaki korxonalari bor. Poligrafiya sanoati rivojlangan. Bonnda GFR savdo-sanoat palatasi, sanoat va moliya kontsernlarining ko’pdan-ko’p idoralari, madaniyat muassasalari va boshqalar joylashgan. Bonn atrofida qo’ng’ir kumir qazib chiqariladi. Bonnda Germaniyadagi eng yirik oliy o’quv yurti — Bonn universiteti, konservatoriya, Betxoven uymuzeyi, kutubxona bor. Roman sobori (11-13 asrlar), gotika uslubidagi Sanremigiy cherkovi (12741317), ratusha (1737) va boshqa me’moriy yodgorliklari saqlangan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz