BOMBAY



BOMBAY, Mumbay (Mumba ma’budasi nomidan) — Hindistondagi shahar. Maxarashtra shtatining ma’muriy markazi (1960 yildan). Hindistonning g’arbiy qirg’og’i yaqinidagi Bombay va Solsett orolilarida joylashgan, ko’prik va ko’tarmalar bilan materikka tutashgan. Aholisi 9,9 million kishi (1991). Bombayni 1532 yilda Portugaliya mustamlakachilari bosib olgan. 1661 yildan Angliya ixtiyoriga o’tdi. 1668 yildan inglizlarning Ostindiya kompaniyasi Bombayda harbiy va savdo bazalar qura boshladi. 19-asrda Hindistonning muhim iqtisodiy va ijtimoiy markaziga aylandi. Bombayda hindistonliklarning ingliz mustamlakachilariga qarshi siyosiy chiqishlari bo’lib o’tgan (1908, 1946). Bombay mamlakat shaharlari orasida aholisining soni bo’yicha birinchi, iqtisodiy va madaniy mavqei jihatidan ikkinchi o’rinda. Shaharda turli dindagi har xil millat vakillari (marathlar, gujoratlar, sekxlar, balujlar, otashparast forelar) yashaydi. Bombay Hindistonning Arabiston dengizi sohilidagi eng katta porti. Bir yillik yuk ortib tushirish 30 million tonna. Bombayda yirik tovar, fond, paxta birjalari, milliy va chet el banklari, sug’urta kompaniyalari joylashgan. Ichki va xalkaro aviatsiya yo’llari tuguni. Mamlakatning asosiy eksport va importi Bombay orqali o’tadi. Chetga marganes va boshqa. rudalar, paxta, ip gazlama, teri va charm, moyli o’simlik urug’lari chiqariladi. Chetdan mashina va uskunalar, ko’mir, neft, g’alla keltiriladi. Sanoati rivojlangan. Bombay mamlakatning asosiy sanoat xususan, to’qimachilik sanoati markazlaridan biri (mamlakat ip gazlama sanoatining qariyb 3/4 qismi Bombayda), shuningdek bank-moliya markazi; Bombayda nefti i qayta ishlash, mashinasozlik, yog’ochsozlik, poligrafiya, oziq-ovqat sanoati tarmoqlari mavjud. Bombay binolari evropacha va hindcha uslub bilan asosan 19-20-asrlarda qurilgan. Bombay orolidagi Fort (qal’a) shaharning shahristoni hisoblanadi. Bu yerda davlat muassasalari, banklar, universitet (18S7) va boshqalar bor. Bombay markazida katta Kroford bozori (1871) joylashgan. Bombay yaqinida Tarapur AES bor. Shahar 16 asrdan ma’lum.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz