BOMBAJ



BOMBAJ (Fransuzcha, bombage), konserva bankalarining bo’rtishi — konservalarni saqlashda uchraydigan buzilish turi. Qopqoqlarning bo’rtishi Bombaj deb ataladi. Bombajning biologik, kimyoviy va fizik turlari mavjud. Biologik Bombaj idishlarning zich yopilmasligi yoki yetarlicha sterilizatsiya qilmaslik natijasida vujudga keladi, unda mikroorganizmlar rivojlanib, gazlar paydo bo’ladi. Bunday konservalar foydalanishga yaroksiz hisoblanadi. Kimyoviy Bombaj konservalardagi kislotalarning idish qopqog’i (temir qismi) ga bo’lgan ta’siri natijasida yuzaga keladi: vodorod ajralib chiqib, qopqoq bo’rtadi. Ko’pincha nordon mevarezavor va sirkalangan konservalarda uchraydi. Fizik Bombaj konservalarning muzlashidan kelib chiqadi (bankadagi mahsulot hajmi kattalashib qopqoq bo’rtadi). Fizik va kimyoviy Bombajga uchragan konservalardan faqat sanitariya nazorati ruxsati bilan foydalanish mumkin.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz