BOLTIQ TILLARI
BOLTIQ TILLARI — Boltiq qabilalari (baltlar) tillari. Hind Yevropa tillari oilasiga mansub tillar guruhi. Bu guruhga hozirgi latish (Latviyaning asosiy aholisi) tili, litvaliklar (Litvaning asosiy aholisi) tili hamda ulik tillar kiradi. Boltiq tillari 2 katta guruhga ajraladi: 1) g’arbiy Boltiq tillari — pruss va yatvyag (17-18-asrlarda to’liq iste’moldan chiqqan, o’lik) tillari; 2) Sharqiy Boltiq tillari — litvaliklar, latish (kursh, selov va boshqa o’lik) tillari. Bular orasida ba’zi yozuvsizlari ham bo’lgan. Boltiq tillari ilk bor nemis olimlari — A. Shleyxer, Yu. Nesselman va boshqalar tomonidan tadqiq qilingan. Keyinchalik latish — Ya. Endzelin, litvalik F. Kurshat, nemis — F. Shpext, E. Frenkellar bu borada ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Boltiq tillarini o’rganish ishiga xalq og’zaki ijodi namunalari to’plovchilar (latish K. Baron va boshqalar), adabiyotshunoslar (litvalik I. Yablonskiy va boshqalar) sezilarli hissa qo’shdi. Boltiq tillariga oid dialektologik materiallar 19- asr oxirida A. Bilenshteyn, K. Yavnis va boshqalar tomonidan to’plangan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz