BOLTIQ QALQONI
BOLTIQ QALQONI — Sharqiy Yevropa platformasining shimoliy g’arbiy qismida, uning tokembriy burmali fundamentining yer yuzasiga chiqib qolgan qismi. Nisbatan yoshroq cho’kindi jinslari qoplami deyarli uchramaydi. Rossiyaning shimoliy garbiy (Kareliya Respublikasi, Murmansk viloyati) qismi, Finlyandiya va Shvetsiya hududlarini o’z ichiga oladi. Fundamentining tokembriy jinslari kuchli metomorflashgan va murakkab joylashgan bo’lib, turli yoshga mansub majmualardan iborat. Arxey va quyi proterozoy jinslari (gneyslar, kristalli slaneslar va boshqalar) dan tuzilgan. Ularning mutlaq yoshi 3500 million yildan 2700— 2500 million yilgacha. Proterozoyning nisbatan yoshroq Kareliya va svekfin majmualari ko’proq tarqalgan, ular burmali sistemalar hosil qilib, shakllanishi bundan 1850-1750 million yil avval yakunlangan. Shuningdek granitrapakivlar ham rivoj topgan (1640— 1620 million yil). Paleozoydan boshlab vaqt vaqti bilan ko’tarilgan. Boltiq qalqonida temir rudasi (Shvetsiya, Rossiya Federatsiyasi), mis-nikel rudalari (Rossiya Federatsiyasi), paleozoy ishqorli intruziyalari orasida apatit (Xibin, Rossiya Federatsiyasi) konlari bor.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz