BOLTAYUTAR



BOLTAYUTAR (Gypaetus barbatus) — yirtqich qushlar turkumining qarchig’aysimonlar oilasiga mansub qush. O’zbekistonda uchraydigan yirtqich qushlarning eng yirigi. Uzunligi 1,1 metrgacha, qanoti yoyilganda 2,7 metrga boradi. Boshi va tanasining qorin tomoni oqish yoki sarg’ish, orqa tomoni qoramtir. Tumshug’i ostida qattiq qilsimon patlardan hosil bo’lgan bir tutam kokili bor. Boltayutar Markaziy Osiyo, Arabiston, Janubiy Yevropa va Afrikaning shimoli sharqida tarqalgan, O’zbekistonda tog’larning qoyali joylarida yashaydi. Nurota tog’laridek past tog’larda ham, Pomir va Tyanshan kabi baland tog’larda ham uchraydi. Uyasini qoyalar orasiga quradi. Dekabr — yanvarda 1-2 ta tuxum qo’yadi. Tuxumini erkagi bilan urg’ochisi galma-gal bosadi, lekin urg’ochisi ko’proq o’tiradi. 55-60 kunda bola ochadi, bolasi 4 oyda uchirma bo’ladi. Boltayutar odamga va yirik sut emizuvchilarga hujum qilmaydi. O’limtiklar va suyaklar bilan oziqlanadi. Qanoti katta va keng bo’lib, o’limtiklar axtarib uzoqqa uchishga moslashgan. Ba’zan kaklik, quyon, sug’urlarga hujum qiladi. Kopetdog’ etagida toshbaqalar bilan oziqlanishi aniqlangan. Boltayutar toshbaqa kosasini kuchli tumshug’i bilan sindira oladi. Suyaklarni ham hazm qiladi. Tirnoqlari to’mtoq, barmoklari kaltaligidan tirik hayvonlarni tutib o’ldira olmaydi, lekin o’ljasini panjalari bilan changallab ucha oladi. Boltayutar ko’pchilik mamlakatlar qizil kitobiga kiritilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz