BOLTAYEVA IKROMA
BOLTAYEVA IKROMA (1916.16.1, Kitob — 1993.21.11, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1956). Pedagogika bilim yurtida (1930-32), Lohutiy nomidagi Toshkent teatr texnikumida (1933-34) ta’lim olgan. Ijodiy faoliyatini Qashqadaryo teatrida boshlagan. 1934-45 yillar Samarqand teatrida ishlab, Qunduz (“Tog’ qizi”), Ledi Milford (“Makr va muhabbat”), Maysara, Jamila (“Maysaraning ishi”, “Boy ila xizmatchi”) kabi obrazlarni yaratgan. 1946 yildan Hamza teatrida. Boltayevaning obrazlari mukammal va tugalligi bilan ajralib turadi. Yuksak aktyorlik mahorati, ifodali nutqi, yorqin maishiy bo’yoqlar vositasida o’ziga xos qaytarilmas obrazlar yaratishga erishdi. Mashhur rollari: Varvara (“Momaqaddiroq”), Hafiza, Saltanat, Netayxon, Shakarbuvi (“Yangi yer”, “Shohi so’zana”, “Tobutdan tovush”, “Ayajonlarim”), Dezdemona (“Otello”), Nuri (“qutlug’qon”), Marhamat (“Parvona”), Huriniso, Saodat (“Oltin devor”, “Istanbul fojiasi”), Bashorat, Farmonbibi (“Kelinlar qo’zg’oloni”) va boshqalar. Kinoda (Halima, “Mahallada duvduv gap” va boshqalar) ham rollar ijro etgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1979).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz