BOLTAYEV ABDULLA



BOLTAYEV ABDULLA (1896 — Xiva 1966) — naqqosh, O’zbekiston xalq rassomi (1950). Xorazm naqqoshligining yirik vakillaridan, chizma va bo’yama naqsh ustasi. Bo’yoqchi, matoga gul bosuvchi usta oilasida tugilgan. Xivalik mashhur naqqosh va koshinkor usta Eshmuhammad Xudoyberdiyevdan hunar o’rgangan. Yirik hashamatli binolar (masalan, Islomxo’ja madrasasi va minorasi, 1912) qurilishida va ularni bezashda ishtirok qilgan. 1920 yildan mustaqil ishlay boshlagan. 1924 yildan Xorazm viloyati o’lkashunoslik muzeyida ilmiy xodim. Xorazm vohasidagi atoqli ganch, tosh, yog’och o’ymakorlari, naqqosh larning eng yaxshi naqshlarini to’plagan, ularni ijodiy o’rganib, o’zi ham naqsh namunalari yaratgan. Xiva naqqoshligiga xos shox, poya (tanob, raftor), barg, gul va g’unchalarga o’xshash aylanma islimiy naqshlar Boltayev ijodida asosiy o’rin egallaydi. Naqsh namunalari, axtalari va girixlarida islimiy naqshlar uyg’unlashtirilgan. Ko’pgina xorazmlik ustalar uning chizmalari asosida ishlagan. Masalan, Ota Polvonov uning chizmalari asosida bezagan ustun va eshik 1937 yil Parijda amaliy san’at ko’rgazmasida namoyish qilingan. Boltayev ishtirokida ko’hna Ark, Toshhovli, Nurullaboy saroyi va boshqa me’moriy yodgorliklar ta’mirlangan. 1946-47 yillarda Toshkentdagi Navoiy teatri binosining Xiva zalini bezagan ustalarga rahbarlik qilgan, shu teatr binosi eshiklari, tosh detallaridagi naqshlar uning chizmalari asosida ishlangan. Boltayev tayyorlagan naqsh namunalari, uning chizmalari asosida ishlangan kulollik buyumlari Moskva (Sharq xalqlari san’ati muzeyi), Toshkent (O’zbekiston davlat san’at muzeyi, amaliy san’at muzeyi, O’zbekiston ba badiiy ko’rgazmalar direktsiyasi), Xivadagi muzeylarda saqlanadi. Ad: Xo’jayev A., Naqqosh Abdulla Boltayev, T., 1963.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz