BOLTA
BOLTA — yog’ochni chopish, kesish, yo’nish, yorish, daraxt ag’darish uchun ishlatiladigan dastaki qurol. Metall kallak va yog’och dastadan iborat. Tig’i dastasiga parallel bo’ladi. Bolta kallagi uglerodli po’latdan tayyorlanib, tig’iga asbobsozlik po’lati payvandlanadi va toblanadi, dastasi qattiq yog’ochdan 40-50 santimetr uzunlikda yasaladi. Boltaning katta bolta (og’irligi 3 kilogrammgacha), o’rta bolta (2,5 kilogrammgacha), boltacha (1 kilogrammgacha) va oybolta kabi xillari bor. Neolit va jez asrlarida yo’nib tayyorlangan tosh Boltalar ishlatilgan. Jez davrida zo’g’otali (dasta uchun teshikli) mis va jez Bolta paydo bo’lgan; temir asrida zo’g’otali temir Bolta tarqalgan. 19-asr oxirlarigacha Bolta yasash temirchiliknlng alohida tarmog’i bo’lib, Bolta ustasi boltachi-temirchi deb yuritilgan. Osiyoda jangovar bolta — oybolta ayniqsa ko’paygan. Boltani Buxoro va Samarqandda “tovar” (fors.tojikcha — tabar) deb atashgan. Bolta “Devonu lug’otit turk” (11 asr) da baldu, “tafsir” (12-asr) da bolta, “Muqaddimat uladab”, “Qisas ulanbiyo” (13— 14-asrlar), “Boburnoma” (15-16 asrlar) da boltu tarzida uchraydi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz