Bolshaya sovetskaya ensiklopediya




Katta sovet ensiklopediyasi (Большая Советская Энциклопедия, БСЭ) — SSSRda chiqarilgan universal ensiklopedik nashr, jahondagi yirik ensiklopediyalardan biri. Moskvadagi "Sovetskaya ensiklopediya" ("Sovet ensiklopediyasi") nashriyoti tomonidan rus tilida nashr etilgan. 1-nashri 1926—47 yillarda chiqqan; 65 asosiy jild va alohida SSSR jildidan iborat; 65 ming maqolani oʻz ichiga oladi, adadi 50— 80 ming; bosh muharriri — O. Yu. Shmidt (1941-yilgacha). 2-nashri 1950—58 yillarda chiqqan, 50 asosiy jild va 51-qoʻshimcha jilddan iborat; 100 mingga yaqin maqolasi bor, adadi 250—300 ming; 2 jildli alfavitli koʻrsatkichi chiqqan (1960); bosh muharriri — S. I. Vavilov (1951-yilgacha), B. A. Vvedenskiy (1951-yildan). 3-nashri 1969—78-yillarda chiqqan, 30 jilddan iborat; 100 mingdan ortiq maqolani qamragan, adadi 630 ming; 1 jildli koʻrsatkichi bor (1981); bosh muharriri — A. M. Proxorov (1969-yildan).

Katta sovet ensiklopediyasi AQSH va Gretsiyada tarjima kilinib, nashr etilgan. U sobiq Ittifoqda ensiklopediya ishining rivojlanishiga taʼsir koʻrsatgan. Oʻzbek Sovet Ensiklopediyasi (1971—80)ni nashr etishda ham K.S.E. tajribasidan foydalanilgan. 1957—90 yillarda Katta sovet ensiklopediyasi ning Yejegodnigi (yillik toʻplami) chiqarildi (yana qarang Ensiklopediya).

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz