BOLQON URUSHLARI
BOLQON URUSHLARI — Bolqon yarim orolida 1912-13 yillarda bo’lib o’tgan ikki urush. Birinchi Bolqon urushi (1912 yil 9 oktabr 1913 yil 30 may) Bolqon Ittifoqi (Bolgariya, Serbiya, Gretsiya, Chernogoriya) bilan Turkiya o’rtasidagi urush. London sulh shartnomasi (1913 yil 13 may) ga ko’ra, mag’lub Turkiya Istanbul va Sharqiy Frakiyaning bir qismidan boshqa Bolqondagi barcha mulklaridan mahrum bo’lgan. Ikkinchi Bolqon urushi (1913 yil 29 iyun — 10 avgust) — Bolgariyani Serbiya, Chernogoriya, Gresiya va ularga qo’shilgan Ruminiya va Turkiyaga qarshi urushi. Urush Bolgariyaning mag’lubiyati bilan tugadi. Buxarest sulh shart nomasiga (1913 yil avgust) ko’ra, Bolgariya Ruminiyaga Janub Dobruja, Gretsiyaga Makedoniyaning Janub qismini va G’arbiy Frakiyaning bir qismini, Serbiyaga Makedoniya shimol qismining deyarli hammasini berishga, Turkiyaga Adrianopol (Adirna) ni qaytarishga majbur bo’ldi. Bolqon urushlari xalqaro ziddiyatlarning keskinlashuviga, 1914-18 yillardagi 1-jahon urushining tezlashuviga yo’l ochib berdi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz