Bolqarıstan
Bolgariya (bolgarcha: България), rasman
Bolgariya Respublikasi (bolgarcha: Република България) – Yevropaning janubiy, Bolqon yarim orolining sharqiy qismidagi davlat. Sharqda Qora dengiz bilan oʻralgan. Maydoni 111 ming km². Aholisi 6,4 million kishi (2022). Poytaxti – Sofiya shahri. Maʼmuriy jihatdan 9 viloyatga, ular jamoalarga boʻlinadi. Sofiya shahri viloyatga tenglashtirilgan.
Davlat tuzumi
Bolgariya – parlamentli respublika. 1946-yildan 1990-yil 15-noyabrgacha Bolgariya Xalq Respublikasi deb atalgan. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-yil 12-iyulda kuchga kirgan. Davlat boshligi – prezident (2017-yildan Rumen Radev). Uni mamlakat aholisi toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat – 240 deputatdan iborat Xalq majlisi (doimiy ishlaydigan organ). Yangi konstitutsiyani qabul qilish, Bolgariya hududini oʻzgartirish masalasi yoki davlat tuzilishi va mamlakat boshqaruvi shakliga oʻzgartirish kiritish masalalarini hal etish uchun 400 vakildan iborat Buyuk xalq majlisi saylanadi. U oʻziga havola qilingan masalalar yuzasidan uzilkesil qaror qabul qilganidan soʻng vakolati toʻxtatiladi. Vazirlar Kengashi (hukumat) ijroiya hokimiyat organi hisoblanadi.
Tabiati
Bolgariya relyefida togʻ va qirlar ustunlik qiladi (mamlakat hududining 70%ga yaqini). Mamlakat oʻrtasidan (gʻarbdan sharqqa) Bolqon togʻlari (mahalliy nomi StaraPlanina) kesib oʻtgan. Bolgariya shimolida Dunay sertepa tekisligi bor; sharqda bu tekislik Dobruja platosiga tutashgan. SrednaGora va Rodop togʻlari oraligʻida Maritsa daryosi boʻylab mamlakatdagi eng unumdor Yuqori Frakiya (yoki Maritsa) pasttekisligi joylashgan. Qora dengiz sohili aksari pasttekislik. Janubiy va janubi-gʻarbida RilaRodop togʻlari bor. Rila togʻlarida Musala choʻqqisi (2925 m) Bolqon yarim oroldagi eng baland choʻqqidir. Eng muhim qazilma boyliklari: koʻmir (Sharqiy Maritsa, Pernik, BobovDol havzalari), temir (Kremikovsi koni), qoʻrgʻoshinrux (Rodop), mis (Medet) rudalari, tosh tuz (Mirovo), neft, maʼdanli suvlar va qurilish materiallari. Bolgariyaning koʻp qismida iqlim moʻʼtadil kontinental. Janubida Oʻrta dengiz iqlimining taʼsiri bor. Togʻlarda balandlik iqlim mintaqalari mavjud. Tekislik va sertepa joylarda iyulning oʻrtacha temperaturasi 23—25°, yanvar niki – 2° dan 2,5° gacha, toglarda —10,8° gacha. Yogʻinni gʻarbiy va shimoliy gʻarbiy shamollar keltiradi. Yillik yogʻin tekisliklarda 450–600 mm, togʻlarda 850–1300 mm. Yogʻinning koʻp qismi yozning birinchi yarmida yogʻadi. Qurgʻoqchilik boʻlib turadi. Bolgariya daryolarining hammasi togʻlardan oqib tushadi. Yoz oxirida juda sayozlanib qoladi. Eng katta daryolari: Dunay (kema qatnaydi), Iskir, Maritsa, Mesta va Struma. Daryolardan sugʻorishda va elektr hosil qilishda foydalaniladi. Daryolarga koʻplab suv omborlari qurilgan. Bolgariyada koʻllar kam, borlari ham kichik koʻllar, asosan, Rila va Pirin togʻlarida. 500 dan koʻproq maʼdanli buloq bor. Dunay tekisligida aksari kora va boʻz oʻrmon tuproq, Bolqon togʻlaridan janubida qoʻngʻir va qoramtir, togʻlarda qoʻngʻir oʻrmon va togʻ oʻtloq tuproqlari, daryo qayirlarida unumdor allyuvial tuproklar bor. Tabiiy oʻsimliklar faqat togʻlarda saqlanib qolgan. Bolgariya hududining 1/3 qismi oʻrmon, shundan 75% i keng bargli daraxtlar (dub, grab va qoraqayin), 24,7% i qaragʻay oʻrmonlari. 1700–2000 m dan balandda subalp va alp oʻtloklari bor. Tekisliklarning koʻp qismi ekinzor. Hayvonot dunyosi xilmaxil. Oʻrmonlarda – asl bugʻu, ohu, elik va togʻ echkisi, yovvoyi choʻchqa; togʻlarda – sassiqkoʻzan, boʻrsiq, latcha, boʻri, tulki, olmaxon; oʻrmonsiz shimoliy hududlarida yumronqoziq, olaxurjun va boshqa hayvon turlari bor. Qushlar va turli xil sudralib yuruvchilar koʻp. Qora dengizdan – pelamida, skumbriya, kambala, Dunaydan – sevryuga, sazan kabi baliqlar ovlanadi. Millim ʻ bogʻlari: Vitasha, Zlatni Pyasitsi, Ropotamo, Steneto va boshqa
Aholisi
Asosiy aholisi bolgarlar, shuningdek turklar, loʻlilar, armanlar, ruslar, makedonlar va boshqa millatlar ham yashaydi. Aholining 67,93% shaharlarda istiqomat qiladi. Davlat tili – bolgar tili. Aholining aksariyati – pravoslavlar; musulmon sunniylar ham bor. Eng yirik shaharlari: Sofiya, Plovdiv, Varna, Ruse, Burgas, StaraZagora.
Tarixi
Bolgariyaning eng qad. aholisi frakiy qabilalaridir. Milodiy 1-asrda Bolgariyani Rim imperiyasi bosib oldi; u qulaganidan soʻng Bolgariya Vizantiya tarkibiga kirdi. 7-asr boshlarida Bolqonga slavyanlar bostirib kirib, keyinchalik bu yerda dastlabki davlat – Yetti slavyan qabilasi deb nomlangan ilk feodal davlatini tashkil etishdi. 7-asrning ikkinchi yarmida Bolgariya hududiga xon Asparux (Isperix) boshchiligidagi protobolgarlar – qad. bulgʻorlar (koʻchmanchi turkiy elat) bostirib kirdi. Ular slavyanlar bilan birga poytaxti Pliska shahri boʻlgan Birinchi bulgʻor podsholigi (681—1018) ni tuzdilar. 9-asr oxiriga kelib protobolgarlar slavyanlar bilan qoʻshilib ketdi, slavyanlar tili davlat tili boʻlib qoldi, bolgar deb nomlangan slavyan xalqi vujudga keldi. 1185–87 yillarda akauka Petr va Asen boshchilik qilgan yirik xalq qoʻzgʻolonlari natijasida poytaxti Tirnovo shahri boʻlgan Ikkinchi bulgʻor podsholigi (1187–1396) tuzildi. 1396-yil Bolgariyani turklar bosib oldi. Mahalliy boylarning bedodligi, ogʻir milliy zulm bolgar xalqining ozodlik kurashini kuchaytirdi. Mamlakatda gayduklar (xalq qasoskorlari) harakati keng quloch yoydi. 1876-yilgi eng kuchli aprel qoʻzgʻoloni shafqatsizlik bilan bostirildi. 1877–78 yillardagi Rossiya Turkiya urushi natijasida rus askarlari yordamida Bolgariya turklardan ozod qilindi. Ammo mamlakat Turkiyaga qaram boʻlib qolaverdi. 1908-yildan mustaqil podsholik tashkil topdi. Bolgariya 1912–13 yillardagi Bolqon urushlarida qatnashdi. Birinchi jahon urushida (1915-yildan) Olmoniya tomonida harakat qildi. 1919-yilgi Nyoyi sulh shartnomasiga binoan kattagina hududidan, xususan Egey dengizi sohillaridan mahrum boʻddi. 1923-yil iyun toʻntarishidan keyin hokimiyatni qoʻlga olgan hukumat Sentabr qoʻzgʻolonini shafqatsiz bostirdi. 1941-yil martda Bolgariya Berlin paktiga jalb qilindi, Olmoniya qoʻshinlari Bolgariya xududiga kiritildi. Mamlakat iqtisodiyoti butunlay gitlerchilar manfaatlariga boʻysundirildi. Bolgar xalqi oʻz ozodligi va mustaqilligi uchun kurashni kuchaytirdi. 1942-yilda tuzilgan Vatan fronti fashizmga qarshi boʻlgan barcha kuchlarni birlashtirdi. 1943-yilda Bolgariya xalq ozodlik armiyasi tuzildi. 1944-yilda ZUkraina fronti qoʻshinlari Bolgariya chegaralariga kirgan paytda Bolgariya hukumati „toʻla betarafligi“ ni eʼlon qiddi. 1944-yil 9-sentabr ga oʻtar kechasi Sofiyada monarxiyaning fashist hukumatiga qarshi qurolli qoʻzgʻolon koʻtarildi. Reaksion hukumat agʻdarib tashlandi va Vatan frontining Xalq hukumati tuzildi. Bolgariyaning davlat tuzumi toʻgʻrisidagi referendum qatnashchilari (92,7%) xalq respublikasi tarafdori ekanini bildirdi. 1946-yil 15 sentda Bolgariya Xalq Respublikasi eʼlon qilindi. 1990-yil Xalq majlisiga koʻp partiyali asosda oʻtkazilgan saylovda Bolgariya sotsialistik partiyasi gʻalaba qozondi, dekabrda koalitsiyey hukumat tuzildi. 1997-yil apreldagi parlament saylovida Demokratik kuchlar ittifoqi harakatlari va tashkilotlari koalitsiyasi gʻalaba qildi (bu ittifoq 1989-yilda tuzilgan edi). Bolgariya – 1955-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 5-sentabrda oʻrnatgan. Milliy bayrami – 3-mart – Bolgariyaning Turkiya zulmidan ozod boʻlgan kuni (1878).
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari va jamoat tashkilotlari
Bolgariyada 80 ga yaqin partiya va siyosiy harakat ish olib boradi. Asosiylari: Bolgariya sotsialdemokratik partiyasi, 1891-yilda asos solingan, 1948-yilda faoliyatini toʻxtatgan,1989-yildan qayta faoliyat koʻrsata boshladi; Bolgariya sotsialistik partiyasi, 1990-yil aprelda tashkil etilgan; Bolgariya biznesbloki, 1991-yil 22-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazilgan; Bolgariya dehqonchilik xalq ittifoqi, 1899-yilda asos solingan; Huqukdar va ozodlik uchun harakat, Bolgariya musulmon aholisini birlashtiruvchi ijtimoiy-siyosiy tashkilot, 1990-yil yanvarda asos solingan; Xalq ittifoqi, siyosiy birlashma, 1994-yilda asos solingan. Bolgariya dehqonchilik xalq ittifoqi bilan Demokratik partiyani oʻz ichiga oladi; Demokratik kuchlar ittifoqi, 1989-yil dekabrda tashkil etilgan. Bolgariya mustaqil sindikatlari konfederatsiyasi, 1990-yilda tuzilgan; „Podkrepa“ mehnat konfederatsiyasi, 1990-yil tashkil etilgan; „Birlik“ mustaqil kasaba uyushmasi, 1990-yilda asos solingan.
Iqtisodiyoti
Bolgariya – industrialagrar mamlakat. Yalpi mahsulotda sanoatning ulushi 36%, qishloq xoʻjaligining ulushi 12%, xizmat koʻrsatish sohasi ulushi 52% ni tashkil etadi.
Sanoatida mamlakatdagi mehnatga qobiliyatli aholining 41% band. Mashinasozlik, elektron va elektr texnika, metallsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qora va rangli metallurgiya, kimyo va neft kimyosi, yogʻochsozlik, oziq-ovqat tarmoqlari rivojlangan. Yiliga oʻrtacha 35,6 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Bolgariyaning yoqilgʻienergetika zaxiralari cheklangan, qazib olinayotgan koʻmirning sifati past. Pleven va Shabla atroflarida ozroq neft, Vratsa yaqinida gaz konlari bor. Elektr energiyaning aksariyatini issiqlik elektr stansiyalari beradi. Kozloduy shahri yaqinida atom elektr stansiyasi qurilgan. Bolgariyaning metallurgiya sanoati mamlakatning rangli metallar (qoʻrgʻoshin, pyx va mis) ga boʻlgan ehtiyojini toʻlatoʻkis, prokat va qora metallga boʻlgan ehtiyojining koʻp qismini qondiradi. Mashinasozlikda, asosan, koʻtarma transport vositalari (elektr karlar va motokarlar, liftlar), metall qirqish stanoklari, ogʻir va energetika uskunalari, qishloq xoʻjaligi mashinalari, oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar, transport vositalari va boshqa ishlab chiqariladi. Asosiy mashinasozlik markazlari: Sofiya, Ruse, Varna, Burgas, Gabrovo, Lovech, Plovdiv, Shumen. Sement sanoati Devnya, Pleven va Vratsadagi zavodlardan iborat. RilaRodop togʻlaridagi igna bargli daraxtlar, Bolqon togʻlaridagi buk oʻrmon yogʻochlari asosida yogʻochsozlik, jumladan, mebelsozlik tarmogʻi barpo etilgan. Toʻqimachilik sanoatida ip gazlama toʻqish, yengil sanoatda tikuvchilik, poyabzal ishlab chiqarish yetakchi oʻrinda. Oziq-ovqat sanoatida chetga chiqarishga moʻljallangan mahsulotlar – tamaki, konserva, vino va konyak ishlab chiqarish rivojlangan.
Qishloq xoʻjaligida mamlakatdagi mehnatga qobiliyatli aholining 18% band. Bolgariyada gʻalla, sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka, yemxashak, texnika ekinlaridan tamaki, paxta (janubida), kungaboqar, qand lavlagi yetishtiriladi. Qadimdan ekib kelinayotgan efir moyli ekinlar (atirgul, yalpiz, lavanda) asosan Karlovo va Qozonliq soylari boʻyida ekiladi. Bolgariyada bogʻdorchilik va tokchilik rivojlangan. Pomidor va chuchuk qalampir koʻp yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy, ot, eshak, xachir, choʻchqa, parranda boqiladi, baliq ovlanadi. Asosiy baliq ovlash porti – Burgas.
Transporti
Ichki yoʻllarda yuk va yoʻlovchi tashishda temir yoʻl (yuklarning 17% tashiladi) va avtomobil transporti (yuklarning 70% tashiladi)ning ahamiyati katta. Bolgariya larning uz. 6,6 ming km (62% elektrlashtirilgan) va avtomobil yoʻllarning uz. salkam 37 ming km (33,8 ming km qattiq qoplamali). Bolgariya hududidan Gʻarbiy Yevropani Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bogʻlovchi xalqaro temir yoʻl va avtomobil magistrallari oʻtgan. Dengiz transporti asosan tashqi savdoga xizmat qiladi. Asosiy dengiz portlari: Varna va Burgas. Dunayda kemalar qatnaydi (portlar – Ruse, Svishtov, Lom). „Balkan“ va „JesAyr“ firmalari samolyotlari xalqaro va ichki yoʻnalishda yoʻlovchilar tashiydi.
Tashqi iqtisodiy aloqalari
Bolgariya dunyoning yuzdan ortiq mamlakati bilan savdo-sotiq aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Chetga koʻtarmatransport mashinauskunalari (elektr karlar, elektr telferlar), kemalar, tovar vagonlari, avtomatlashtirish vositalari, elektron va elektr texnika mahsulotlari, stanoklar, mebel, moʻyna sanoati mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlash asosidagi oziq-ovqat mahsulotlari (konserva, tamaki, sigareta, sharbat, vino, efir moyi), sabzavot va hoʻl mevalar chiqaradi; chetdan asosan mashinalar, asbobuskunalar, transport vositalari, qora metall, neft, kumir, sellyuloza, yengil sanoat mahsulotlari keltiradi. Mamlakatga chet el sayyoxdigi anchagina foyda keltiradi (1 yilda 1 mln. dan ortiq kishi kelib ketadi). Pul birligi – lev.
Tibbiy xizmati
Bolgariyada 70 mingga yaqin oʻrinli kasalxonalar bor. 25 mingga yaqin shifokor ishlaydi. Shifokorlarni Sofiya, Plovdiv, Varnadagi tibbiyot institutlari tayyorlaydi. Boroves, Varna, Drujba, Zlatni Pyasitsi, Nesebir, SlinchevBryag iqlimiy kurortlari, Kyustendil, Hisara maʼdanli suv va Tuzla, Pomoriye balchiq bilan davolash kurortlari mashhur.
Xalq taʼlimi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari
Bolgariyada 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy bepul taʼlim joriy etilgan. Politexnika va hunartexnika maktablari, bilim yurtlari va texnikumlar bor. Yirik oliy oʻquv yurtlari Sofiya, Plovdiv, VelikoTirnovo untlaridir. Ilmiy markazlari: Bolgariya Fanlar akademiyasi, Bolgariya fanlari akademiyasi, Tibbiyot akademiyasi. Sofiyada Xalq kutubxonasi, universitet hamda Fanlar akademiyasi kutubxonalari va boshqa ommaviy kutubxonalar, Milliy badiiy galereya, etn., harbiy tarix (Pleven shahrida) muzeylari va boshqa bor.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi
Bolgariyadagi asosiy gazetalar: „Demokratsiya“ („Demokratiya“, Demokratik kuchlar ittifoqining kundalik gazeta, 1990-yildan), „Duma“ („Soʻz“, Bolgariya sotsialistik partiyasining kundalik gazeta, „Rabotnichesko delo“ gazeta oʻrniga 1990-yildan), „Zemedelsko zname“ („Dehqonlar bayrogʻi“, kundalik gazeta, Bolgariya dehqonchilik xalq ittifoqining nashri, 1902-yildan), „Svoboden narod“ („Ozod xalq“, haftalik gazeta, Bolgariya sotsialdemokratik partiyasining organi, 1990-yildan), „Trud“ („Mehnat“, Bolgariya mustaqil sindikatlari konfederatsiyasining organi, 1923-yildan). Bolgariya telegraf agentligi – BTA, SofiyaPress matbuot agentligi (1967-yilda tashkil etilgan) mavjud. 1929-yildan radioeshittirishlar, 1959-yil noyabrdan telekoʻrsatuvlar berib boriladi.
Adabiyoti
Bolgariya adabiyoti – slavyan adabiyotlarining eng qad.si boʻlib, u 9-asrning 2-yarmida Kirill va Mefodiy tomonidan slavyan yozuvining joriy etilishi natijasida yuzaga keldi. 9—10-asrlardagi yozuvchilar – Kliment Oxridskiy, Konstantin Preslavskiy, Chernorizes Xrabr va boshqa ijodi diniynasihat ruhida boʻlgan. Qad. bolgar madaniyati Kiyev Rusi davrida sharqiy slavyanlarning maʼnaviy turmushiga taʼsir oʻtkazdi, ularning adabiyoti vujudga kelishiga koʻmaklashdi. Bolgariyaning Vizantiya hukmronligi (1018–1187) ostida boʻlishi milliy adabiyot rivojlanishiga toʻsqinlik qildi. Ikkinchi bulgʻor podsholigi (1187–1396) davrida u yana ravnaq topdi. 14—15-asrlardagi taniqli yozuvchilar – Feodosii Tirnovskiy, Yevfimiy Tirnovskiy, Grigoriy Samblak. 18-asr 2-yarmida boshlangan Bolgariya milliy uygʻonishi adabiyotning rivojlanishiga zamin yaratdi. Bu davr ruhi Paisiy Xilendarskiy, Sofroniy Vrachanskiy asarlarida aks etdi. 19-asrda D. Popskiy, K. Ognyanovich, P. Protich va boshqa ijod etdilar. Tarjima asarlari taʼsirida sentimental poeziya paydo boʻldi. Milliy ozodlik harakatining kuchayishi (19-asrning 50—70-yillari) poeziya, proza va dramaturgiyaning rivojiga turtki boʻldi. Realistik asarlarning paydo boʻlishi L. Karavelov, P. R. Slaveykov, X. Botev nomi bilan bogʻliq. I. Vazovning „Zulm ostida“ romani, „Unutilganlar epopeyasi“ lirik turkumi, P. P. Slaveykovning „Konli qoʻshiq“ dostoni shu davrning eng baquvvat asarlaridir. 19-asrning 90-yillarida tanqidiy realizm yetakchi oqimga aylandi. Ijtimoiy ziddiyatlar, dehqonlarning norozilik kayfiyatlari haqqoniy tasvirlandi (T. Vlaykov, X. Maksimov, Yelin Pelin, A. Strashimirov). I. Vazovning „Darbadarlik qoʻshiqlari“ sheʼrlar toʻplami, P. Yavorovning „Ekinzorda“, „Doʻl“ dostonlarida haqqoniyat uchun kurash gʻoyasi aks etdi. Karshilik koʻrsatish harakati davrida (1941–44) N. Vapsarov, S. Spasov, X. Kirpachev kabi yozuvchilar ham qalam, ham qurol bilan kurashib, yuksak gʻoya yoʻlida halok boʻddilar. Ikkinchi jahon urushidan keyin S. Dichevning „Ozodlik uchun“, D. Talevning „Temir chiroq“, „Prespan qoʻngʻiroqlari“, S. Daskalovning „Yoʻl“, D. Angelovning „Hayot va oʻlim evaziga“ romanlarida tarixiy oʻtmish yangi davr ruhi asosida talqin etildi. A. Gulyashka, P. Vejinov, K. Kalchev, D. Dimov, G. Karaslavov, E. Stanev kabi adiblarning roman va qissalarida kishilarning yangicha insoniy munosabatlari uz aksini topdi. Shoirlardan Ye. Bagryana, D. Gabe, M. Isayev, V. Andreyev, Bolgariya Dimitrova ijodiyoti bolgar poeziyasida salmoqli oʻrin egallaydi. Insoniylik, axloq masalalari O. Vasilev, K. Zidarov, G. Genov dramatik asarlarining asosini tashkil etadi.
Meʼmorligi
Miloddan avvalgi 4-asrda Kozonlik yaqinida frakiylar yaratgan Sevtopolis shahri qoldiqlari saqlangan; rimliklar hukmronligi davridan milodiy 1— 2-asrlardagi Ratsiariya, Eskus va boshqa shaharlarning harobalari qolgan. Janubida – Chobandera, Belovo, Hisar va boshqa shaharlarda 4—9-asrlar meʼmoriy yodgorliklari, ibodatxona (bazilika tipidagi)lar bor. Bulardan eng mashhuri hozirgi Sofiyadagi muqaddas Sofiya ibodatxonasidir. Bolgariya qadimiy meʼmorligi ikki davrga – 1podsholik (681 – 1018), 2-podsholik (1187–1396) davriga boʻlinadi. 1podsholik davri (poytaxti Pliska)da oʻz zamonasining kuchqudratini aks ettiruvchi hashamatli binolar va ibodatxonalar qurilgan, ularda marmar toshlardan va bezaklardan foydalanilgan. 2podsholik davri (poytaxti Tirnovo)da Bolgariya meʼmorligi yuqori bosqichga koʻtarildi. Tirnovodagi „Qirq jafokash“ (1230), Mesembriy (Nesebir)dagi „Aliturgita“, „Ioanna“, „Pantokratora“ (13—14-asrlar) va Stanimak (Asenovgrad, 13-asr), Boyan shaharlaridagi ibodatxonalar, Tirnovo qalʼa devori va „Baba Vida“ (14-asr) qalʼasi diqqatga sazovordir. Bolgariyada turklar hukmronligi davrida xalq meʼmorligi kuchaydi. Bolgariya turklar asoratidan qutulgach (1878), yangi xildagi turar joy, sanoat va maishiy binolar bunyod boʻla boshladi: Sofiyadagi „Sinodal palatasi“ va „Mineralli hammom“ (1880, meʼmor I. Monchilov). Brones shahrida „Bistritsa“ – shoh saroyi (meʼmor I. Koychev), Sofiyada „Aleksandr Nevskiy“ ibodatxonasi (meʼmor A. N. Pomeransev) va boshqa qurilgan. 1934-yilda Sofiya, Varna, Plovdiv va boshqa shaharlarning loyihalari ishlab chiqildi. Ikkinchi jahon urushidan keyin shaharlar va aholi yashaydigan manzilgohlar qayta qurildi, sanatoriy, dam olish uylari, turar joy binolari, zavod, fabrika va boshqa binolar qurilishi avj oldi.
Tasviriy sanʼati
Bolgariya hududida antik davrga mansub frakiylar qabr toshlari, qad. maqbaralarda noyob devoriy rasmlar (Qozonliqyaqinida, miloddan avvalgi 4— 3-asrlar) va boshqa yodgorliklar, oʻrta asrlardan ajoyib haykallar, mozaika va naqshli keramika buyumlari saqlangan. 12—14-asrlarda rassomlik (Tirnovo maktabi yetakchilik qilgan), kitob miniatyurasi taraqqiy etgan. Turklar hukmronligi davrida xalq ijodi (oʻymakorlik, keramika, kashtachilik) koʻproqrivojlandi. Bolgariya milliy badiiy realistik maktabi 19-asr oʻrtalaridan paydo boʻldi (Zahariy Zograf, S. Dospevskiy, X. Sokev, N. Pavlovichlar portret, tarixiy va vatanparvarlik ruhida kartinalar yaratdilar). 1878-yil qoʻzgʻolonidan keyin I. Mirkvichka, Ya. Veshin, I. Angelov, A. Mitov va boshqa rassomlar xalq hayotini haqqoniy ifodaladilar. 20-asrning birinchi choragida manzarachi rassom (A. Mixov, N. Petrov), siyosiy karikaturachi (A. Bojinov), haykaltarosh (A. Nikolayev, I. Lazarov)lar ijod qildilar. 20—30-yillarda demokratik anʼanalarni rassomlardan X. Stanchev, S. Venev, haykaltarosh I. Funev, suratkash I. Beshkov va boshqa davom ettirdi, keyingi vaqtlarda xalq hayotidagi yangi oʻzgarishlarni rassomlarning keksa avlodi (S. Venev, D. Gujenov, V. DimitrovMaystor, M. Markov, B. Mitov, A. Mixov, A. Nikolov, I. Petrov, D. Uzunov, I. Funev va boshqalar) va yoshlar oʻz polotnolarida tasvirladilar. Xalq amaliy sanʼati: keramika, kashtachilik va boshqa ham rivojlanmoqda.
Teatri
Bolgariya teatr sanʼati tarixi xalq oʻyini va tomoshalaridan boshlanadi. 19-asrda milliy ozodlik harakatining avj olishi bilan Bolgariya milliy teatri ham tashkil topa boshladi. 1856-yilda birinchi teatr tomoshalari koʻrsatildi. 1866-yilda Brail shahrida (Ruminiya) dramaturg va rejissor D. Voynikov rahbarligida bolgar truppasi tashkil qilindi.
1883-yil Plovdivda birinchi professional teatr truppasi ish boshladi. 1886-yilda bu yerda „Plovdiv havaskorlik truppasi“ tashkil topdi. 1888-yil bu truppa Sofiyaga koʻchib oʻtib, „Bolgar xalq asosiy truppasi“ deb ataldi. 1891-yil dramatik va opera truppalari tuzildi. 1892-yilda tuzilgan „Kulgi va koʻz yoshlari“ truppasi 1904-yilda xalq teatriga aylantirildi. Keyinchalik „Zarya“, R. Popovaning dramatik teatri, Yangi xalq teatri, „Zamonaviy teatr“, „Erkin teatr“, shuningdek Varna, Ruse, Qozonlikdagi teatrlar vujudga keldi. Bolgar teatri taraqqiyotida V. Kirkov, S. Ognyanov, S. Bichvarov, A. Bulevskaya kabi sanʼatkorlarning faoliyati katta rol oʻynadi. Bolgariya teatrlari repertuaridan milliy dramaturglar I. Vazov, O. Vasilev, K. Zidarov kabilarning, shuningdek jahon klassik va hozirgi zamon chet el dramaturglarining asarlari oʻrin olgan. F. Filipov, K. Mirskiy, R. Delcheva, O. Kircheva, S. Gesov, I. Kondov, M. Popova, V. Trandafilov, 3. Yordanova, G. Stamatov kabi rejissor va aktyorlar Bolgariya teatr sanʼatining yirik arboblaridir.
Musiqasi
Eng qad. xalq qoʻshiqlari marosim, mehnat, qahramonlik, lirik qoʻshiklardan iborat. Xalq odatlarini ifodalovchi xoro, ruchenitsa raqslari boʻlgan. Musiqa folklorida birikki ovozli qoʻshiqlar koʻproq, uchtoʻrt ovozli qoʻshiqlar kamroq uchraydi. Xalq qoʻshiq va raqslarining vazni Yaqin Sharq musiqasi taʼsirida boyigan. Asosiy milliy cholgʻu asboblari – gadulka, gayda, kaval va tambura. Oʻrta asrlarda xalq kuylari va cherkov musiqasi keng tarqalgan, milliy sozanda, bastakorlar yetishib chiqqan. Turkiya asoratidan qutulgach, Bolgariyaning professional musiqa taraqqiyoti uchun qulay sharoit tugʻildi. Xalq qiroatxonalari huzurida xor jamoalari tuzildi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Ye. Manolov, D. Xristov, G. Atanasov kabi dastlabki professional kompozitorlar yetishdi. 1904-yilda Sofiyada musiqa maktabi (1921-yildan Davlat musiqa akademiyasi, 1954-yildan Bolgariyadavlat konservatoriyasi) ochildi, 1908-yilda opera teatri (1921-yildan Sofiya xalq operasi) tashkil etildi. 20-asr boshlarida A. Bukoreshchliyev, D. Xristov, P. Pipkov, Al. Morfov, A. Kristev kabi kompozitor va musiqa folklorchilari asosan xor musiqasi sohasida ishladilar. G. Atanasov „Gergana“, „Sveta“ kabi dastlabki Bolgariya operalarini yaratdi. P. Vladigerov simfonik musiqani boshlab berdi. P. Staynov bilan V. Stoyanovlar simfonik va xor musiqasining yirik ustalaridir. Oʻzbekistonda Bolgariya sanʼat ustalari koʻp marta konsert bergan.
Kinosi
Bolgariyada 1910-yildan boshlab milliy operatorlar suratga olgan voqeiy va hujjatli lentalar chiqarilgan. Birinchi bolgar badiiy filmi „Savlatli bulgʻor“ (rejissor V. Gendov) 1915-yil chiqdi. Bolgariyada birinchi ovozli film „Qulning isyoni“ (rejissor V. Gendov) 1933-yilda namoyish etildi. Ikkinchi jahon urushidan keyin B.da milliy kinosanʼat rivojida yangi pogona boshlandi. D. Dakovskiy, B. Sharaliyev, A. Yanchev, A. Marinovich, Z. Jandov kabi rejissor lar, P. Vejinov, A. Vagenshteyn, X. Ganev kabi ssenariychilar yetishdi. 50-yillarda „Trevoga“ (rejissor Z. Jandov), „Vatan osmonida tong“ (rejissor A. Marinovich va S. Sirgajiyev), „Notinch yoʻl“ (rejissor D. Dakovskiy) filmlari ekranga chikdi. „Shipka qaxramonlari“ (1955), „Tarix sabogi“ (1957) filmlari yaratildi. Keyingi yillarda chiqqan „Kambagʻal koʻcha“ (rejissor X. Piskov), „Biz unda yosh edik“ (rejissor B. Jelyazkova), „Asir qushlar“ (rejissor D. Mundrov), „Shaftoli ugrisi“ (rejissor V. Radev), „Inspektor va tun“ (rejissor R. Vilchaiov), „Muhabbat“ (rejissor L. Staykov) kabi filmlarda yangi, hayotiy mavzularni koʻtarish, mazmundorlik, taʼsirchanlikning yangi vositalarini izlash seziddi. Bolgariyada har yili 200 ga yaqin hujjatli, ilmiyommabop, multfilm va 10—20 badiiy film ishlab chiqariladi. Kino aktyorlardan N. Kokanova, G. GeorgiyevGes, S. Danailov, D. Tonchevalar mashhur.
Oʻzbekiston – Bolgariya munosabatlari
Tarixi
7-chi asrning oxirlarida Asparuh Xon tomonidan boshqarilgan Bolgarlar qabilasi Bolqonga koʻchishadi va u yerda mahalliy Slavyanlar bilan birlashib ketib, MA 681 yilda dastlabki bolgar davlatini tuzishadi. Bu slavyan millatining tarixdagi birinchi davlatidir. 9-10-chi asrlarda Bolgar imperiyasi Yevropada juda katta kuchga ega boʻladi va Bolqon yarimorolida hukmronlik qilish uchun Vizantiya Imperiyasiga qarshi urushlar olib boradi. Lekin 969 yilda Bolgar Imperiyasi Kiev Rusi tomonidan katta talofat koʻradi va 1018-yilda Basil II boshchiligidagi Vizantiya Imperiyasi tomonidan butunlay mahv etiladi.
Boshqaruv Organi
Bolgariya Prezidenti (Georgi Parvanov 22-yanvar 2002) toʻgʻridan toʻgʻri 5 yillik muddatga saylanib, bir marotaba qayta saylanish huquqiga ega. Prezident davlat boshqaruvchisi va harbiy kuchlarning oliy qoʻmondoni vazifalarini oʻtaydi. Ayni vaqtda, prezident Milliy Xavfsizlik organining Maslahat Qoʻmitasi rayisi boʻlib, garchi qonun qabul qila olmasada, qonun loyihasini [for further debates] qaytarishi mumkin. Lekin parlament koʻpchilikning ovozi bilan prezidentning vetosini rad etishi mumkin.
Vazirlar Kengashi Bosh Vazir (Sergey Stanishev 2005 yil 17-avgustdan beri) tomonidan boshqariladi. U Bosqaruv Organining oliy aʼzosi boʻlib, hozirda 20-ta vazirdan iborat. Bosh Vazir parlamentning koʻchilik ovozi bilan tayinlanadi va Prezident tarafidan oʻz mahkamasini tuzish uchun mandat beriladi.
Hozirdagi koalitsiya Bolgar Sotsialist Partiyasi (BSP), Simeon II Milliy Xarakati (SMX) va (asosan mamlakatda kamchilikni tashkil etgan Turklarni ifodalovchi) Huquqlar va Ozodlik uchun Xarakatdan tashkil topgan.
Hokimiyat
Bolgariya yakka palatali parlamentga ega. Umum-Milliy Yigʻilishi yoki Narodno Sabranie, 240 deputatlardan iborat boʻlib, ular xalq tomonidan 4 yillik muddatga saylaniladi. Ovozlar 28-ta administrativ boʻlimlarning har biridagi nomzodlarning partiyalari yoki koalitsiyalariga beriladi. Partiya yoki koalitsiya parlamentga kirish uchun eng kamida ovozlarning 4% toʻplashi zarur. Parlament qonunlarning kuchga kirishi, byudjetni tasdiqlash, prezident saylovlariga tayyorgarlik koʻrish, bosh vazir va boshqa vazirlarning tanlovi va ularning ishdan boʻshatilishi, urush eʼlon qilish, qoʻshinlarning Bolgariya hududidan tashqariga chiqishi va xalqaro bitim va shartnomalarni tasdiqlash kabi vazifalarni bajaradi.
Hududiy va mahalliy hokimiyat
Bolgariya Respublikasining hududi provinsiya va munitsipalitelarga boʻlingan. Provinsiyalarning soni 28-ta boʻlib, har biri hokimiyat tomonidan tayinlanadigan provinsiya hokimi bilan boshqariladi. Shu bilan birga, mamlakatda 263-ta munitsipalitet mavjud.
Provinsiyalar
1987-yil 9-ta provinsiyaga boʻlinganidan soʻng, 1999-yildan boshlab, Bolgariya 28-ta provinsiyadan iborat (oblasti, birlikda – oblast). Mamlakat poytaxti alohida provinsiya xisoblanib, har bir provinsiya oʻz poytaxti nomi bilan ataladi:
Manbalar
uz.wikipedia.org