BOLONYA MAKTABI
BOLONYA MAKTABI — Italiya tasviriy san’atidagi maktablardan biri. Markazi — Bolonya shahri. Asarlarining o’ziga xos xususiyatlari va ta’sirchanligi bilan 14-asrdayoq Italiya tasviriy san’atida muhim o’rin egalladi. Aka-uka Karrachchilar tomonidan “To’g’ri yo’lga kirganlar akademiyasi” ning tuzilishi (taxminan 1585) bu yerda Yevropa akademizmi qoidalari va kelgusida shakllanadigan Badiiy akademiyalar faoliyatini belgilab berdi. Bolonya maktabi vakillari (aka-uka Karrachchilar, Domenikino, G. Reni, Gverchino) diniy va afsonaviy mavzularda bezak kompozisiyalar, devoriy rasmlar yaratgan. Bolonya maktabi san’at tarixida badiiy ta’lim tizimini yaratdi, barokkoga xos mehrob kartinalar, mahobatli bezak rasmlar, “qahramonona” manzaralar turini ishlab chiqdi. Dastlab asarlari (portret va maishiy janr)ga tuyg’ularning haqqoniyligi va g’oyaning yangiligi xos bo’lgan. Bolonya maktabi akademizmi keyinchalik (Italiya va undan tashqarida keng tarqaldi) hayotdan ajralib qolgan hissiz badiiy voqeaga aylandi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz