BOLONYA



BOLONYA — shimoliy Italiyadagi shahar, Emiliya-Romanya viloyati va Bolonya provintsiyasining ma’muriy markazi. Shimoliy Apennin tog’lari etagida, Reno daryosi bo’yida, Po daryosi bilan kanal orqali bog’langan. Aholisi 404 ming kishi (1995). Mamlakatning muhim iqtisodiy va madaniy markazi. Yirik transport yo’llari tuguni. Qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan, oziq-ovqat, priborsozlik, traktorsozlik, poligrafiya, elektrotexnika, qora metallurgiya sanoati rivojlangan. Gidroturbina, temir yo’l uskunalari, oziq-ovqat va kimyo sanoatlari uchun mashinalar, o’g’it, keramika va poyabzal ishlab chiqaradigan korxonalar bor. Yevropadagi eng qadimgi universitet (11-asr), muhandis, veterinariya, savdo institutlari, badiiy akademiya va badiiy liseylar, muzeylar mavjud. Shahar miloddan avvalgi 6-asr oxirlarida etrusklarning yirik shahri sifatida tashkil topgan. O’rta asrlarda o’zining huquq maktablari bilan nom chiqargan. 1861 yildan Italiya qirolligi tarkibida. Bolonya markazida me’moriy yodgorliklarga boy Viktor Emmanuil maydoni bor: Sanstefano roman cherkovi majmuasi (11-13-asrlar), uyminoralar (11-12- asrlar), gotika palassosi (13— 15-asrlar), Sanpetronio cherkovi (14— 17-asrlar), barokko va Renessans uslubidagi hashamatli saroylar (15-asr) va boshqalar.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz