BOLOHOVUZ MASJIDI



BOLOHOVUZ MASJIDI — Buxorodagi me’moriy yodgorlik, tomonlari 11,5 metrli murabba tarhli bino. Bolohovuz masjidining katta gumbazli masjidi 1712 yil, hovli va hujralari 19-asrda, ayvoni 1915-17 yillarda, masjid yonidagi alohida turgan minora ham shu yillarda usta Shirin Murodov va usta Hafizovlar tomonidan qurilgan. Bolohovuz masjidi qalqonsimon va murakkab bo’rtma naqshlar bilan bezatilgan. Mehrobiga nafis naqshlar ishlangan. Ganch shuvoqli peshtoq masjidning Sharq tomonida bo’lib, bo’g’ot osti ganch naqshlar bilan bezatilgan. Peshtoqning yon tomonlariga ikki qavatli baland tokchali hujralar qurilgan. Bolohovuz masjidining 20 ta baland va ingichka yog’och ustunli ayvoni bor. Ayvonning yon devorlaridagi tokchalari naqshlar bilan bezatilgan. Bolohovuz masjidida juma nomozi o’qilgan. Masjidning ayvoni va qandil osilgan shipi ayniqsa serhasham. Registon maydoni tomonidan Bolohovuz masjidiga qaralsa peshayvoni, maydon yonboshidagi kichkina minorasi va o’rtasidagi hovuz kishida ajoyib taassurot qoldiradi. Hovuz qirg’oklari yirik toshlar bilan zinapoyali qilib mustahkamlangan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz