Bolivya
Boliviya (Bolivia), Boliviya Respublikasi (República de Bolivia) -Jan. Amerikaning markaziy qismida joylashgan davlat. Maydoni 1098581 km². Aholisi 7,5 mln. kishi (1996). Rasmiy poytaxti — Sukre, hukumati joylashgan amaldagi poytaxti — LaPas. Maʼmuriy jihatdan 9 departamentga, departamentlar 98 viloyatga boʻlinadi.
Davlat tuzumi
Boliviya — unitar respublika. 1967-yil 2-fevralda qabul qilingan konstitutsiyaga koʻra davlat boshligi — prezident. U 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyati — Milliy kongress boʻlib, u ikki palata: senat va deputatlar palatasidan iborat. Deputatlar va senatorlar umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 4 yil muddatda saylanadi. Ijroiya hokimiyatini prezident va hukumat amalga oshiradi. Hukumatni prezident tayinlaydi va unga boshchilik qiladi.
Tabiati
Boliviyaning gʻarbini And togʻlari va baland togʻli Puna platosi egallaydi. Punaning shimoli-gʻarbida lava platolari, janubi-sharida balandligi 3800 m gacha boʻlgan togʻ havzalari bor; qoldiq koʻllar (Poopo) va shoʻrxoklar uchraydi. Titikaka koʻlining bir qismi ham B. hududida. Shimoli-sharqidagi tekisliklar Amazonka pasttekisligiga tomon astasekin pasaya boradi va bu yerda Beni va Mamore daryolari tizimiga kiradigan soyjilgʻalar oqib yotadi. B.da qalay, volfram, molibden, surma, mis, rux, qoʻrgʻoshin va kumush konlari bor.
Boliviya gʻarbida yiliga 150 mm gacha, sharqida 500–600 mm, And togʻlari yon bagʻrida 2000 mm gacha yogʻin yogʻadi. Punada iyulning oʻrtacha temperaturasi 3—7°, yanvarniki 9—11°. Sharqiy tekisliklarda (shim. da) 4—5 oydan (jan.da) 9 oygacha qurgʻokchilik boʻladi. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 17—22°, yanvarniki 24—28°. Iiliga shimoliy da 1300–1600 mm, janubida 800 mm gacha yogʻin tushadi. B.da tezoqar, kichik togʻ daryolari ham bor. Mamlakat shimolidagi daryolar tropik yomgʻirlar davrida toshadi va 120 ming km² gacha maydonini suv bosadi. Boliviya gʻarbida chala choʻl oʻsimliklari, sharqida baland togʻ tropik dasht oʻsimliklari oʻsadi. And togʻlarining sharqiy yon bagʻrida tropik oʻrmonlar, sharqiy tekisliklarda asosan savanna oʻsimliklari oʻsadi; shimolida gileya, janubiy da siyrak tropik oʻrmonlar ham uchraydi. Hayvonlardan maymun, zirhaor, tapir, kemiruvchilar, qushlar, sudraluvchilar, hasharotlar va boshqa bor. Milliy bogʻlari: IsiboroSekurs, Uanchaka, PilonLaxas va boshqa
Aholisi
Boliviya aholisining 2/3 qismi kechua va aymara nomli indeys xalqlari; qolganlari ispan tilida gaplashadigan boliviyaliklar, aksari duragaylar, kisman ispanlardan tarqalgan kreollardir. B.ning sharqidagi tropik oʻrmonlarda turli qabilalarga mansub indeyslar yashaydi. Rasmiy tillari — ispan, kechua va aymara tillari. Aholisining yarmisi kechua, aymara, guarani tillarida gaplashadi. Shahar aholisi 58%. Dindorlar — asosan katoliklar. Eng yirik shaharlari: LaPas, Kochabamba, SantaKrus, Oruro, Sukre.
Tarixi
Boliviya hududida qadimdan ibtidoiy jamoa tuzumi bosqichidagi indeys qabilalari yashab kelgan. 14-asr boshlarida Boliviya hududi Ink davlati tarkibiga kirgan. 1532—38 yillarga kelib, ispanlar zabt etdi va mahalliy xalqdan bir necha oʻn ming kishi qirib tashlandi. Boliviya 300 yil mobaynida Ispaniya imperiyasi tarkibida boʻlib (1542-yildan Boliviya hududi Peru, 1776-yildan LaPlata vitseqirolligi tarkibiga kirgan), Yuqori Peru deb atalgan. 1809—25 yillar mobaynida ispanlar istibdodiga qarshi milliy ozodlik urushlari boʻlib turdi. 1824-yil 9-dekabrda Simon Bolivarning safdoshi general Sukre ispan qoʻshinlarini tormor keltirdi. 1825-yil 8-avgustda Yuqori Peru mustaqil deb eʼlon qilindi va Bolivar sharafiga Boliviya deb ataddi. Bolivar mamlakat prezidenta qilib saylandi, lekin u mamlakatni idora qilishni Sukrega topshirdi. 1836—39 yillarda Boliviya Peru bilan yagona konfederatsiya tashkil etdi. 1879—83 yillarda Boliviya bilan Peruning Chiliga karshi, 1932—35 yillarda Paragvayga qarshi urushida Boliviya oʻzining qalay va selitraga boy dastlabki hududining 2/3 qismini yoʻqotdi. Birinchi jahon urushida Boliviya betaraflik siyosatini tutgan boʻlsada, mamlakat iqtisodiy resurslari Antanta davlatlari manfaatiga xizmat qildi. 1943-yil aprelda B. Germaniya, Italiya va Yaponiyaga urush eʼlon qildi, ammo urush harakatlarida qatnashgani yoʻq. 1952-yilda B.da harbiy diktatura rejimiga qarshi qoʻzgʻolonda "Milliy inqilobiy harakat" partiyasi armiyani tormor keltirdi. Qalay sanoati davlat ixtiyoriga olindi va agrar islohotlar oʻtkazila boshladi. 1964-yil 4-noyabrda Boliviya reaksionerlari mamlakatda harbiyfashistik diktatura oʻrnatdi. Agrar islohotlar toʻxtatildi, korxonalar amerikaliklarga qaytarib berila boshladi. 1967-yilda mamlakatning koʻpgina joylarida partizanlar harakati boshlandi. Yirik kasaba uyushmasi — Boliviya ishchilar markazi demokratik tuzumni qayta tiklash, mehnatkashlarning turmushini yaxshilash va qishloq xoʻjaligi da islohotlar oʻtkazish uchun kurashdi. 1970-yil 4-oktabrda vatanparvar kuchlar rahbari general Xuan Xose Torres prezidentlik lavozimini egallab, mustaqil tashqi siyosat yurita boshladi. Biroq 1974-yilda hokimiyatni qoʻlga olgan harbiy hukumat demokratik kuchlarni taʼqib qilish yoʻlini tutdi. 80- yillarda mamlakatning ichki siyosiy ahvoli beqaror boʻlib turdi. 1985-yilgi saylovdan keyin B. prezidentlik boshqaruviga oʻtdi. 1997-yil 2-avgustda B. Milliy kongressi tomonidan saylangan prezident Ugo Banser Suares hukumati mamlakatni mustaqil idora qila boshladi. 1945-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 6-avgust — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1825).
Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Fuqarolar "Birdamlik" ittifoqi, partiya, 1989-yilda tashkil etilgan; Soʻl millatparvar inqilobiy partiya, 1964-yilda tuzilgan; Soʻl millatparvar inqilobiy harakat, 1979-yilda rasmiylashgan; Boliviya Kommunistik partiyasi, 1950-yilda tuzilgan; Soʻl inqilobiy harakat, 1971-yilda asos solingan; Millatparvar demokratik harakat, 1979-yilda tuzilgan; Millatparvar inqilobiy harakat, 1942-yilda asos solingan; Sotsialistik partiya1, 1971-yilda asos solingan; Tupak Katari nomidagi ozodlik uchun inqilobiy harakat, 1978-yil tashkil etilgan; Xristiandemokratik partiya, 1954-yil asos solingan. Boliviya ishchilar markazi kasaba uyushmasi, 1952-yilda tuzilgan.
Xoʻjaligi
Boliviya iqtisodiyotining asosini konchilik sanoati tashkil etadi. Boliviya zaif rivojlangan va mamlakatni oziq-ovqat bilan taʼminlay olmaydi.
Sanoati
Boliviya qalay qazib olish va eksport qilishda dunyoda oldingi oʻrinlardan birida turadi. Surma, volfram, mis, rux, qoʻrgʻoshin va vismut rudalari, oltin, k’umush, oltingugurt ham qazib chiqariladi (asosiy konchilik markazlari — Oruro, Potosi, Tupisa, Korokoro va boshqalar). Asosiy neft konlari Chukisoka, Tarixa departamentlarida joylashgan. Elektr energetika, rangli metallurgiya, neft kimyosi, toʻqimachilik (ip va jun gazlama), oziq-ovqat korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. 1,9 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi (asosan GESlarda).
Qishloq xoʻjaligi ningasosiy tarmogʻi — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekinlari — kartoshka va makkajoʻxori. Bundan tashqari sholi, bugʻdoy, paxta, shakarqamish, kofe, banan, kakao va boshqa ham yetishtiriladi. Qoʻy, qoramol, lama, choʻchqa boqiladi. Oʻrmonlarda geveya sharbati, xin daraxtining poʻstlogʻi va koka barglari yigʻib olinadi.
Transporti
T.ylarninguz. — 3,9 ming km, avtomobil yoʻllari — 38,9 ming km (1996). Titikaka koʻlida kemalar qatnaydi. Daryo yoʻllari — salkam 20 ming km. Neft quvurlari koʻp. Togʻli hududlarda otulovning ahamiyati katta. Mamlakatning 30 shaharida aeroport bor. Asosiy aeroport - La-Pasdagi El-Alto.
Tashqi savdo uchun B. Molyendo (Peru) va Antofagasta (Chili) portlaridan foydalanadi. Chetga asosan konchilikruda sanoati mahsulotlari, neft, tabiiy gaz, paxta, kofe chiqaradi. Chetdan oziq-ovqat mahsulotlari, mashinalar, asbobuskunalar, binokorlik materiallari, xom ashyo va chala tayyor mahsulotlar oladi. Savdo sohasidagi asosiy mijozlari: AQSH, Braziliya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Argentina, Germaniya, Chili, Peru. Pul birligi — boliviano.
Tibbiy xizmati
Boliviyada davlatning baʼzi kasalxona, ambulatoriya va tibbiy yordam postlaridan tashqari barcha tibbiy muassasalarda tibbiy yordam pulli. Shifokorlar turli universitetlarning tibbiyot maktablari tomonidan tayyorlanadi.
Maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari
Boliviyada 15 yoshdan oshgan aholining atigi 3 foizi savodsiz. Mamlakatda 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalarning umumiy majburiy taʼlimi haqida qonun qabul qilingan. Yoshlar umumiy oʻrta, hunartexnika va ped. maktablarida, oliy oʻquv yurtlarida taʼlim oladilar. Yirik oliy oʻquv yurtlari: LaPas, Kochabamba, Potosi, Sukre untlari. Ilmiy markazlari: Milliy Fanlar akademiyasi, Tarix akademiyasi, B. akademiyasi. Kutubxonalari: untlarning kutubxonalari, Madaniyat departamentining kutubxonasi, LaPasdagi Munitsipal kutubxona. Muzeylari: LaPasdagi "Tiaunako" milliy muzeyi, Potosidagi zarbxona milliy muzeyi.
Matbuoti, radioeshittirishi, telekoʻrsatuvi
Yirik ommaviy kundalik gaz.lari: "Diario" ("Gazeta", 1904-yildan), "Deber" ("Burch", 1953-yildan), "Oy ("Bugun", 1968-yildan), "Ultima ora" ("Soʻnggi soat", 1929-yildan), "Rason" ("Idrok", 1990-yildan). Axensia de Notisias Fides—ANF axborot agentligi 1979-yilda tashkil etilgan. Bosh aloqa boshqarmasi — hukumat radioeshittirish xizmati mavjud. Mamlakatda 158 radiostansiya boʻlib, ularning koʻpchiligi tijorat asosida ishlaydi. Telekoʻrsatuv 1969-yildan olib boriladi, uning bir kanalini hukumat nazorat qiladi.
Adabiyoti asosan ispan tilida. Boliviyada qad. indeys madaniyati namunalaridan "Olyantay" nomli boliviyaperu dramasi saqlangan. Mustamlaka davri (16—18-asrlar) adabiyotida F. Guaman Pom, A. de Kalanchaning tarixiy xronikalari diqqatga sazovor. 18-asr oxiridan boshlab mustaqillik uchun kurash davrida vatanparvarlik publiiistikasi va sheʼriyati yaratildi. 19-asr Boliviya adabiyotida romantizm hukmronlik qildi. Uning yirik namoyandalari: R. X. Bustamante, N. Galindo, M. X. Muxia, B. Lens va boshqa Bu davrda romantizm bilan bogʻliq holda indeyslar hayotiga qiziqish kuchaydi. N. Agirrening "Xuan de la Rosa", L. Ansoategi de Kamperoning "Ualparrimachlar", A. Argedasning "Bronza rangli irq" romanlari shu mavzuga bagʻishlandi. "Olov oqim" (1935, O. Serruto), "Iblis metall" (1946, A. Sespedes), "Ajal shaxtalari" (1962, F. Ramires Velarde) romanlarida konchilarning ogʻir hayoti, inqilobiy kayfiyatlari tasvirlandi. B.ning yirik yozuvchilaridan M. Mendosa Lopes, X. Felman Velarde asarlarida, mashhur yozuvchi X. Laraning "Surumi" (1945), "Yanakuna" (1952), "Qonimiz" (1959) romanlarida ijtimoiy tenglik uchun kurash masalalari oʻz ifodasini topdi.
Meʼmorligi va tasviriy sanʼati
5— 8-asrlarda B. togʻli joylari meʼmorligida tiauanako madaniyati gullab yashnadi (katta yaxlit toshlardan yasalgan inshootlar, afsonalardagi qahramonlarni aks ettiruvchi tosh haykallar va boshqalar). 16—18-asrlarda B.da Potosi, Sukre, LaPas, Kochabamba, Oruro kabi shaharlar qurildi. Bu shaharlarda mahalliy aholi ustalari ishtirokida ibodatxonalar, saroylar va boshqa binolar barpo etildi. Ularda indeyslarning qad. sanʼat va meʼmorligi bezaklaridan foydalanilgan. 19—20-asrlarda B.da sanoat va jamoat binolari qurila boshladi. Bu binolar Yevropa va Amerika meʼmorligi uslubida, turar joy binolari qad. B. meʼmorligi uslubida kurilgan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida rassomlardan A. Nogales, X. Garsia Mesa, S. Iturralde ijod qildilar. 20-asr boshlarida B. sanʼatida modernizm oqimi keng tarqaldi. 20- yillarga kelib, millim rassomlik maktabi tarkib topdi. Keyingi yillarda rassomlardan S. Gusman de Roxas, B. Berdesio, V. S. Romero, M. Exido, haykaltarosh M. Nunyes del Prado oʻz asarlarida xalq tarixi va hayotini, zamondoshlar obrazini, tabiat goʻzalligini aks ettirdilar. 20-asr oʻrtalaridan Koʻp qavatli temirbeton binolar qurila boshladi, shaharlar taʼmirlandi, sanoat korxonalari qurildi.
Musiqasi
B.da indeyslar musiqasi — beguala, vidala, uanka kabi lirik qoʻshiqlar, uayno, uaynito, nombo kabi cholgʻu asboblari, qamish nay, doʻmbirani eslatuvchi putunka keng tarqalgan. Ispaniyadan oʻtgan olti torli gitara boliviyaliklarning sevimli sozi hisoblanadi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlaridagi yirik kompozitorlar E. Kabo, T. Vargas, X. Maydanadir. LaPasda milliy konservatoriya va milliy simfonik orkestr bor.
Teatri
16—17-asrlarda missionerlar Potosidagi bayram va sayillarda teatrlashtirilgan tomoshalarni tashkil etishgan. 1617—19 yillarda LaPasda ikkita teatr ochildi. Bayram kunlaridagi karnavallar milliy madaniyatning oʻziga xos xususiyati boʻlib qolgan. Ashula va raqslar orasida diablados deb atalgan va yaxshilik bilan yomonlikning kurashi tasvirlanadigan tomoshalar koʻrsatilgan. Professional teatr sanʼati suyet rivojlangan. Sukre shahridagi yozgi teatr ahyonahyonda ishlaydi, unda yarim professional truppalar qatnashadi. Mahalliy dramaturglardan R. Muxia, X. Berrios, M. Flores, A. Saavedra Peres va boshqalarlarning pyesalari sahnalashtirilgan. LaPasda Sahna sanʼati va deklamatsiya akademiyasi bor. 1949-yil Teatr va radio arboblari jamiyati tashkil etilgan.
Kinosi
1943-yilda tashkil etilgan B. kino instituti asosan hujjatli filmlar tayyorlaydi; yiliga bir nechagina badiiy film chiqaradi. Mashhur filmlari: "Ukamau", "Kondor qoni" (rejissyor X. Sanximes).
1996-yilda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Boliviya oʻrtasida savdoiqtisodiy munosabatlardagi tovar aylanmasi 4,84 mln. AQSH dollarini tashkil qildi, mamlakatimizga rux rudalari va konsentratlari keltirildi.
Boliviya (Boliviya Respublikasi, ispancha República de Bolivia, kechua Bulibiya, aymara Wuliwya) — Janubiy Amerikaning markaziy qismidagi davlat. Simon Bolivar sharafiga shunday nomlangan.
Boliviya shimol-shimoli-sharqdan Braziliya, janubi-sarqdan Paragvay, janubdan Argentina, janubi-gʻarb va gʻarbdan esa Chili va Peru bilan chegaradosh.
Manbalar
uz.wikipedia.org