BOLGARIYA



BOLGARIYA (B’lgariya), Bolgariya Respublikasi — Yevropaning Janub, Bolqon yarim orolining Sharqiy qismidagi davlat. Sharqda qora dengiz bilan o’ralgan. Maydoni 111 ming kilometr kvadrat. Aholisi 8,3 million kishi (1997). Poytaxti — Sofiya shahri. Ma’muriy jihatdan 9 viloyatga, ular jamoalarga bo’linadi. Sofiya shahri viloyatga tenglashtirilgan. Davlat tuzumi. Bolgariya — parlamentli respublika. 1946 yildan 1990 yil 15 noyabrgacha Bolgariya Xalq Respublikasi deb atalgan. Amaldagi Konstitutsiyasi 1991 yil 12 iyulda kuchga kirgan. Davlat boshligi — prezident (1997 yildan Petr Stoyanov). Uni mamlakat aholisi to’g’ri va yashirin ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 240 deputatdan iborat Xalq Majlisi (doimiy ishlaydigan organ). Yangi konstitutsiyani qabul qilish, Bolgariya hududini o’zgartirish masalasi yoki davlat tuzilishi va mamlakat boshqaruvi shakliga o’zgartirish kiritish masalalarini hal etish uchun 400 vakildan iborat Buyuk xalq Majlisi saylanadi. U o’ziga havola qilingan masalalar yuzasidan uzil-kesil qaror qabul qilganidan so’ng vakolati to’xtatiladi. Vazirlar Kengashi (hukumat) ijroiya hokimiyat organi hisoblanadi. Tabiati. Bolgariya relyefida tog’ va qirlar ustunlik qiladi (mamlakat hududining 70%ga yaqini). Mamlakat o’rtasidan (g’arbdan sharqqa) Bolqon tog’lari (mahalliy nomi StaraPlanina) kesib o’tgan. Bolgariya shimolda Dunay sertepa tekisligi bor; Sharqda bu tekislik Dobruja platosiga tutashgan. Srednagora va Rodop tog’lari oralig’ida Marisa daryosi bo’ylab mamlakatdagi eng unumdor yuqori Frakiya (yoki Marisa) pasttekisligi joylashgan. Qora dengiz sohili aksari pasttekislik. Janub va Janubi g’arbida Rilarodop tog’lari bor. Rila tog’larida Musala cho’qqisi (2925 metr) Bolqon yarim orolidagi eng baland cho’qqidir. Eng muhim qazilma boyliklari: ko’mir (Sharqiy Marisa, Pernik, Bobovdol havzalari), temir (Kremikovsi koni), qo’rg’oshinrux (Rodop), mis (medet) rudalari, tosh tuz (Mirovo), neft, ma’danli suvlar va qurilish materiallari. Bolgariyaning ko’p qismida iqlim mo’tadil kontinental. Janubda O’rta dengiz iqlimining ta’siri bor. Tog’larda balandlik iqlim mintaqalari mavjud. Tekislik va sertepa joylarda iyulning o’rtacha temperaturasi 23-25°, yanvarniki — 2° dan 2,5° gacha, tog’larda -10,8° gacha. Yog’inni g’arbiy va shimoliy g’arbiy shamollar keltiradi. Yillik yog’in tekisliklarda 450-600 millimetr, tog’larda 850-1300 millimetr. Yog’inning ko’p qismi yozning birinchi yarmida yog’adi. Qurg’oqchilik bo’lib turadi. Bolgariya daryolarining hammasi tog’lardan oqib tushadi. Yoz oxirida juda sayozlanib qoladi. Eng katta daryolari: Dunay (kema qatnaydi), Iskir, Marisa, mesta va Struma. Daryolardan sug’orishda va elektr hosil qilishda foydalaniladi. Daryolarga ko’plab suv omborlari qurilgan. Bolgariyada ko’llar kam, borlari ham kichik ko’llar, asosan, rila va pirin tog’larida. 500 dan ko’proq ma’danli buloq bor. Dunay tekisligida aksari kora va bo’z o’rmon tuproq, Bolqon tog’laridan Janubda qo’ng’ir va qoramtir, tog’larda qo’ng’ir o’rmon va tog’ o’tloq tuproqlari, daryo qayirlarida unumdor allyuvial tuproqlar bor. Tabiiy o’simliklar faqat tog’larda saqlanib qolgan. Bolgariya hududining 1/3 qismi o’rmon, shundan 75% i keng bargli daraxtlar (dub, grab va qoraqayin), 24,7% i qarag’ay o’rmonlari. 1700-2000 metrdan balandda subalp va Alp o’tloqlari bor. Tekisliklarning ko’p qismi ekinzor. Hayvonot dunyosi xilma-xil. O’rmonlarda — asl bug’u, ohu, elik va tog’ echkisi, yovvoyi cho’chqa; tog’larda — sassiqko’zan, bo’rsiq, latcha, bo’ri, tulki, olmaxon; o’rmonsiz shimoliy hududlarida yumronqoziq, olaxurjun va boshqa hayvon turlari bor. Qushlar va turli xil sudralib yuruvchilar ko’p. Qora dengizdan — pelamida, skumbriya, kambala, Dunaydan — sevryuga, sazan kabi baliqlar ovlanadi. Milliy bog’lari: Vitasha, Zlatni Pyasisi, Ropotamo, Steneto va boshqalar. Aholisi. Asosiy aholisi bolgarlar, shuningdek turklar, lo’lilar, armanlar, ruslar, makedonlar va boshqalar. Millatlar ham yashaydi. Aholining 67,93% shaharlarda istiqomat qiladi. Davlat tili — bolgar tili. Aholining aksariyati — pravoslavlar; musulmon sunniylar ham bor. Eng yirik shaharlari: Sofiya, Plovdiv, Varna, Ruse, Burgas, StaraZagora. Tarixi. Bolgariyaning eng qadimgi aholisi frakiy qabilalaridir. Milodiy 1-asrda Bolgariyani Rim imperiyasi bosib oldi; uqulaganidan so’ng Bolgariya Vizantiya tarkibiga kirdi. 7-asr boshlarida Bolqonga slavyanlar bostirib kirib, keyinchalik bu erda dastlabki davlat — yetti slavyan qabilasi deb nomlangan ilk feodal davlatini tashkil etishdi. 7-asrning ikkinchi yarmida Bolgariya hududiga xon Asparux (Isperix) boshchiligidagi protobolgarlar — qadimgi bulg’orlar (ko’chmanchi turkiy elat) bostirib kirdi. Ular slavyanlar bilan birga poytaxti Pliska shahri bo’lgan Birinchi bulg’or podsholigi (681— 1018) ni tuzdilar. 9-asr oxiriga kelib protobolgarlar slavyanlar bilan qo’shilib ketdi, slavyanlar tili davlat tili bo’lib qoldi, bolgar deb nomlangan slavyan xalqi vujudga keldi. 1185-87 yillarda aka-uka Petr va Asen boshchilik qilgan yirik xalq qo’zg’olonlari natijasida poytaxti Tirnovo shahri bo’lgan ikkinchi bulg’or podsholigi (1187-1396) tuzildi. 1396 yil Bolgariyani turklar bosib oldi. Mahalliy boylarning bedodligi, og’ir milliy zulm bolgar xalqining ozodlik kurashini kuchaytirdi. Mamlakatda gayduklar (xalq qasoskorlari) harakati keng quloch yoydi. 1876 yilgi eng kuchli aprel qo’zg’oloni shafqatsizlik bilan bostirildi. 1877-78 yillardagi Rossiya-Turkiya urushi natijasida rus askarlari yordamida Bolgariya turklardan ozod qilindi. Ammo mamlakat Turkiyaga qaram bo’lib qolaverdi. 1908 yildan mustaqil podsholik tashkil topdi. Bolgariya 1912-13 yillardagi Bolqon urushlarida qatnashdi. 1-jahon urushida (1915 yildan) Germaniya tomonida harakat qildi. 1919 yilgi Nyoyi sulh shartnomasiga binoan kattagina hududidan, xususan Egey dengizi sohillaridan mahrum bo’ddi. 1923 yil iyun to’ntarishidan keyin hokimiyatni qo’lga olgan hukumat sentabr qo’zg’olonini shafqatsiz bostirdi. 1941 yil martda Bolgariya Berlin paktiga jalb qilindi, Germaniya qo’shinlari Bolgariya hududiga kiritildi. Mamlakat iqtisodiyoti butunlay gitlerchilar manfaatlariga bo’ysundirildi. Bolgar xalqi o’z ozodligi va mustaqilligi uchun kurashni kuchaytirdi. 1942 yilda tuzilgan Vatan fronti fashizmga qarshi bo’lgan barcha kuchlarni birlashtirdi. 1943 yilda Bolgariya xalq ozodlik armiyasi tuzildi. 1944 yilda Ukraina fronti qo’shinlari Bolgariya chegaralariga kirgan paytda Bolgariya hukumati “to’la betarafligi” ni e’lon qiddi. 1944 yil 9 sentabrga o’tar kechasi Sofiyada monarxiyaning fashist hukumatiga qarshi qurolli qo’zg’olon ko’tarildi. Reaktsion hukumat ag’darib tashlandi va Vatan frontining Xalq hukumati tuzildi. Bolgariyaning davlat tuzumi to’g’risidagi referendum qatnashchilari (92,7%) xalq Respublikasi tarafdori ekanini bildirdi. 1946 yil 15 sentabrda Bolgariya Xalq Respublikasi e’lon qilindi. 1990 yil Xalq Majlisiga ko’p partiyali asosda o’tkazilgan saylovda Bolgariya sotsialistik partiyasi g’alaba qozondi, dekabrda koalisiey hukumat tuzildi. 1997 yil apreldagi parlament saylovida demokratik kuchlar Ittifoqi harakatlari va tashkilotlari koalisiyasi g’alaba qildi (bu ittifoq 1989 yilda tuzilgan edi). Bolgariya — 1955 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respubliksi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 5 sentabrda o’rnatgan. Milliy bayrami — 3 mart — Bolgariyaning Turkiya zulmidan ozod bo’lgan kuni (1878). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari va jamoat tashkilotlari. Bolgariyada 80 ga yaqin partiya va siyosiy harakat ish olib boradi. Asosiylari: Bolgariya sotsial-demokratik partiyasi, 1891 yilda asos solingan, 1948 yilda faoliyatini to’xtatgan, 1989 yildan qayta faoliyat ko’rsata boshladi; Bolgariya sotsialistik partiyasi, 1990 yil aprelda tashkil etilgan; Bolgariya biznes bloki, 1991 yil 22 yanvarda ro’yxatdan o’tkazilgan; Bolgariya dehqonchilik xalq Ittifoqi, 1899 yilda asos solingan; huquqlar va ozodlik uchun harakat, Bolgariya musulmon aholisini birlashtiruvchi ijtimoiy-siyosiy tashkilot, 1990 yil yanv.arda asos solingan; Xalq Ittifoqi, siyosiy birlashma, 1994 yilda asos solingan. Bolgariya dehqonchilik xalq Ittifoqi bilan demokratik partiyani o’z ichiga oladi; demokratik kuchlar Ittifoqi, 1989 yil dekabrda tashkil etilgan. Bolgariya mustaqil sindikatlari konfederatsiyasi, 1990 yilda tuzilgan; “Podkrepa” mehnat konfederatsiyasi, 1990 yil tashkil etilgan; “birlik” mustaqil kasaba uyushmasi, 1990 yilda asos solingan. Xo’jaligi. Bolgariya — industrial-agrar mamlakat. Yalpi mahsulotda sanoatning ulushi 36%, qishloq xo’jaligining ulushi 12%, xizmat ko’rsatish sohasi ulushi 52% ni tashkil etadi. Sanoatida mamlakatdagi mehnatga qobiliyatli aholining 41% band. Mashinasozlik, elektron va elektr texnika, metallsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qora va rangli metallurgiya, kimyo va neft kimyosi, yog’ochsozlik, oziq-ovqat tarmoqlari rivojlangan. Yiliga o’rtacha 35,6 milliard kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Bolgariya ning yoqilg’i-energetika zahiralari cheklangan, qazib olinayotgan ko’mirning sifati past. Pleven va Shabla atroflarida ozroq neft, Vrasa yaqinida gaz konlari bor. Elektr energiyaning aksariyatini issiqlik elektr styalari beradi. Kozloduy shahri yaqinida atom elektr stansiyasi qurilgan. Bolgariyaning metallurgiya sanoati mamlakatning rangli metallar (qo’rg’oshin, rux va mis) ga bo’lgan ehtiyojini to’la-to’kis, prokat va qora metallga bo’lgan ehtiyojining ko’p qismini qondiradi. Mashinasozlikda, asosan, ko’tarma transport vositalari (elektr karlar va motokarlar, liftlar), metall qirqish stanoklari, og’ir va energetika uskunalari, qishloq xo’jalik mashinalari, oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar, transport vositalari va boshqalar ishlab chiqariladi. Asosiy mashinasozlik markazlari: Sofiya, Ruse, Varna, Burgas, Gabrovo, Lovech, Plovdiv, Shumen. Tsement sanoati Devnya, Pleven va Vrasadagi zavodlardan iborat. Rilarodop tog’laridagi igna bargli daraxtlar, Bolqon tog’laridagi Buk o’rmon yog’ochlari asosida yog’ochsozlik, jumladan, mebelsozlik tarmog’i barpo etilgan. To’qimachilik sanoatida ip gazlama to’qish, yengil sanoatda tikuvchilik, poyabzal ishlab chiqarish yetakchi o’rinda. Oziq-ovqat sanoatida chetga chiqarishga mo’ljallangan mahsulotlar — tamaki, konserva, vino va konyak ishlab chiqarish rivojlangan. Qishloq xo’jaligida mamlakatdagi mehnatga qobiliyatli aholining 18% band. Bolgariyada g’alla, sabzavot, poliz ekinlari, kartoshka, emxashak, texnika ekinlaridan tamaki, paxta (Janubda), kungaboqar, qand lavlagi etishtiriladi. Qadimdan ekib kelinayotgan efir moyli ekinlar (atirgul, yalpiz, lavanda) asosan Karlovo va Qozonliq soylari bo’yida ekiladi. Bolgariyada bog’dorchilik va tokchilik rivojlangan. Pomidor va chuchuk qalampir ko’p yetishtiriladi. Chorvachilikda qoramol, qo’y, ot, eshak, xachir, cho’chqa, parranda boqiladi, baliq ovlanadi. Asosiy baliq ovlash porti — Burgas. Transporti. Ichki yo’llarda yuk va yo’lovchi tashishda temir yo’l (yuklarning 17% tashiladi) va avtomobil transporti (yuklarning 70% tashiladi) ning ahamiyati katta. Temir yo’llarning uzunligi 6,6 ming kilometr (62% elektrlashtirilgan) va avtomobil yo’llarning uz. salkam 37 ming kilometr (33,8 ming kilometr qattiq qoplamali). Bolgariya hududidan G’arbiy Yevropani yaqin Sharq mamlakatlari bilan bog’lovchi xalqaro temir yo’l va avtomobil magistrallari o’tgan. Dengiz transporti asosan tashqi savdoga xizmat qiladi. Asosiy dengiz portlari: Varna va Burgas. Dunayda kemalar qatnaydi (portlar — Ruse, svishtov, Lom). “Balkan” va “JesAyr” firmalari samolyotlari xalqaro va ichki yo’nalishda yo’lovchilar tashiydi. Tashqi iqtisodiy aloqalari. Bolgariya dunyoning yuzdan ortiq mamlakati bilan savdo-sotiq aloqalarini yo’lga qo’ygan. Chetga ko’tarmatransport mashina-uskunalari (elektr karlar, elektr telferlar), kemalar, tovar vagonlari, avtomatlashtirish vositalari, elektron va elektr texnika mahsulotlari, stanoklar, mebel, mo’yna sanoati mahsulotlari, qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlash asosidagi oziq-ovqat mahsulotlari (konserva, tamaki, sigareta, sharbat, vino, efir moyi), sabzavot va ho’l mevalar chiqaradi; chetdan asosan mashinalar, asbob-uskunalar, transport vositalari, qora metall, neft, kumir, tsellyuloza, engil sanoat mahsulotlari keltiradi. Mamlakatga chet el sayyohligi anchagina foyda keltiradi (1 yilda 1 milliondan ortiq kishi kelib ketadi). Pul birligi — Lev. Tibbiy xizmati. Bolgariyada 70 mingga yaqin o’rinli kasalxonalar bor. 25 mingga yaqin shifokor ishlaydi. Shifokorlarni Sofiya, Plovdiv, varnadagi tibbiyot intlari tayyorlaydi. Boroves, Varna, Drujba, Zlatni Pyasisi, Nesebir, Slinchev Bryag iqlimiy kurortlari, Kyustendil, Xisara ma’danli suv va Tuzla, Pomorie balchiq bilan davolash kurortlari mashhur. Xalq ta’limi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Bolgariyada 7 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy bepul ta’lim joriy etilgan. Politexnika va hunartexnika maktablari, bilim yurtlari va texnikumlar bor. Yirik oliy o’quv yurtlari Sofiya, Plovdiv, Veliko Tirnovo universitetlaridir. Ilmiy markazlari: Bolgariya Fanlar akademiyasi, qishloq xo’jalik fanlari akademiyasi, tibbiyot akademiyasi. Sofiyada Xalq kutubxonasi, universitet hamda Fanlar Akademiyasi kutubxonalari va boshqa ommaviy kutubxonalar, Milliy badiiy galereya, etnografiya, harbiy tarix (Pleven shahrida) muzeylari va boshqalar bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Bolgariyadagi asosiy gazetalar: “Demokratsiya” (“demokratiya”, Demokratik kuchlar Ittifoqining kundalik gazetasi, 1990 yildan), “Duma” (“So’z”, Bolgariya sotsialistik partiyasining kundalik gazetasi, “Rabotnichesko delo” gazetasi o’rniga 1990 yildan), “Zemedelsko zname” (“Dehqonlar bayrog’i”, kundalik gazetasi, Bolgariya dehqonchilik xalq Ittifoqining nashri, 1902 yildan), “Svoboden narod” (“Ozod xalq”, haftalik gazetasi, Bolgariya sotsial-demokratik partiyasining organi, 1990 yildan), “Trud” (“Mehnat”, Bolgariya mustaqil sindikatlari konfederatsiyasining organi, 1923 yildan). Bolgariya telegraf agentligi — BTA, Sofiyapress matbuot agentligi (1967 yilda tashkil etilgan) mavjud. 1929 yildan radioeshittirishlar, 1959 yil noyabrdan teleko’rsatuvlar berib boriladi. Adabiyoti. Bolgariya adabiyoti — slavyan adabiyotlarining eng qadimgisi bo’lib, u 9-asrning 2-yarmida Kirill va Mefodiy tomonidan slavyan yozuvining joriy etilishi natijasida yuzaga keldi. 9-10-asrlardagi yozuvchilar — Kliment Oxridskiy, Konstantin Preslavskiy, Chernorizets Xrabr va boshqalar ijodi diniy nasihat ruhida bo’lgan. Qadimgi bolgar madaniyati Kiyev Rusi davrida Sharqiy slavyanlarning ma’naviy turmushiga ta’sir o’tkazdi, ularning adabiyoti vujudga kelishiga ko’maklashdi. Bolgariyaning Vizantiya hukmronligi (1018— 1187) ostida bo’lishi milliy adabiyot rivojlanishiga to’sqinlik qildi. Ikkinchi bulg’or podsholigi (1187-1396) davrida u yana ravnaq topdi. 14-15-asrlardagi taniqli yozuvchilar — Feodosii Tirnovskiy, Evfimiy Tirnovskiy, Grigoriy Tsamblak. 18- asr 2-yarmida boshlangan Bolgariya milliy uyg’onishi adabiyotning rivojlanishiga zamin yaratdi. Bu davr ruhi paisiy Xilendarskiy, Sofroniy Vrachanskiy asarlarida aks etdi. 19-asrda D. Popskiy, K. Ognyanovich, P. Protich va boshqalar ijod etdilar. Tarjima asarlari ta’sirida sentimental poeziya paydo bo’ldi. Milliy ozodlik harakatining kuchayishi (19-asrning 50-70-yillari) poeziya, proza va dramaturgiyaning rivojiga turtki bo’ldi. Realistik asarlarning paydo bo’lishi L. Karavelov, P. R. Slaveykov, X. Botev nomi bilan bog’liq. I. Vazovning “Zulm ostida” romani, “Unutilganlar epopeyasi” lirik turkumi, P. P. Slaveykovning “Qonli qo’shiq” dostoni shu davrning eng baquvvat asarlaridir. 19-asrning 90-yillarida tanqidiy realism yetakchi oqimga aylandi. Ijtimoiy ziddiyatlar, dehqonlarning norozilik kayfiyatlari haqqoniy tasvirlandi (T. Vlaykov, X. Maksimov, Elin Pelin, A. Strashimirov). I. Vazovning “Darbadarlik qo’shiqlari” she’rlar to’plami, P. Yavorovning “Ekinzorda”, “Do’l” dostonlarida haqqoniyat uchun kurash g’oyasi aks etdi. Karshilik ko’rsatish harakati davrida (1941-44) N. Vapsarov, Ts. Spasov, X. Kirpachev kabi yozuvchilar ham qalam, ham qurol bilan kurashib, yuksak g’oya yo’lida halok bo’ddilar. 2-jahon urushidan keyin S. Dichevning “Ozodlik uchun”, D. Talevning “temir chiroq”, “Prespan qo’ng’iroqlari”, S. Daskalovning “Yo’l”, D. Angelovning “Hayot va o’lim evaziga” romanlarida tarixiy o’tmish yangi davr ruhi asosida talqin etildi. A. Gulyashka, P. Vejinov, K. Kalchev, D. Dimov, G. Karaslavov, E. Stanev kabi adiblarning roman va qissalarida kishilarning yangicha insoniy munosabatlari o’z aksini topdi. Shoirlardan E. Bagryana, D. Gabe, M. Isayev, V. Andreev, B. Dimitrova ijodiyoti bolgar poeziyasida salmoqli o’rin egallaydi. Insoniylik, axloq masalalari O. Vasilev, K. Zidarov, G. Genov dramatik asarlarining asosini tashkil etadi. Me’morligi. Miloddan avvalgi 4-asrda Kozonlik yaqinida frakiylar yaratgan Sevtopolis shahri qoldiqlari saqlangan; rimliklar hukmronligi davridan milodiy 1— 2-asrlardagi Rasiariya, Eskus va boshqa shaharlarning xarobalari qolgan. Janubda — Chobandera, Belovo, Xisar va boshqa shaharlarda 4-9-asrlar me’moriy yodgorliklari, ibodatxona (bazilika tipidagi) lar bor. Bulardan eng mashhuri hozirgi Sofiyadagi muqaddas Sofiya ibodatxonasidir. Bolgariya qadimiy me’morligi ikki davrga — 1-podsholik (681 — 1018), 2-podsholik (1187-1396) davriga bo’linadi. 1-podsholik davri (poytaxti Pliska) da o’z zamonasining kuchqudratini aks ettiruvchi hashamatli binolar va ibodatxonalar qurilgan, ularda marmar toshlardan va bezaklardan foydalanilgan. 2-podsholik davri (poytaxti Tirnovo) da Bolgariya me’morligi yuqori bosqichga ko’tarildi. Tirnovodagi “Qirq jafokash” (1230), Mesembriy (Nesebir) dagi “Aliturgita”, “Ioanna”, “Pantokratora” (13-14-asrlar) va Stanimak (Asenovgrad, 13-asr), Boyan shaharlaridagi ibodatxonalar, Tirnovo qal’a devori va “Baba Vida” (14-asr) qal’asi diqqatga sazovordir. Bolgariyada turklar hukmronligi davrida xalq me’morligi kuchaydi. Bolgariya turklar asoratidan qutulgach (1878), yangi xildagi turar joy, sanoat va maishiy binolar bunyod bo’la boshladi: Sofiyadagi “Sinodal palatasi” va “Mineralli hammom” (1880, me’mor I. Monchilov). Brones shahrida “Bistrisa” — shoh saroyi (me’mor I. Koychev), Sofiyada “Aleksandr Nevskiy” ibodatxonasi (me’mor A. N. Pomerantsev) va boshqalar qurilgan. 1934 yilda Sofiya, Varna, Plovdiv va boshqa shaharlarning loyihalari ishlab chiqildi. 2-jahon urushidan keyin shaharlar va aholi yashaydigan manzilgohlar qayta qurildi, sanatoriy, dam olish uylari, turar joy binolari, zavod, fabrika va boshqa binolar qurilishi avj oldi. Tasviriy san’ati. Bolgariya hududida antik davrga mansub frakiylar qabr toshlari, qadimgi maqbaralarda noyob devoriy rasmlar (Qozonliq yaqinida, miloddan avvalgi 4— 3-asrlar) va boshqa yodgorliklar, o’rta asrlardan ajoyib haykallar, mozaika va naqshli keramika buyumlari saqlangan. 12-14-asrlarda rassomlik (Tirnovo maktabi yetakchilik qilgan), kitob miniatyurasi taraqqiy etgan. Turklar hukmronligi davrida xalq ijodi (o’ymakorlik, keramika, kashtachilik) ko’proqrivojlandi. Bolgariya milliy badiiy realistik maktabi 19- asr o’rtalaridan paydo bo’ldi (Zaxariy Zograf, S. Dospevskiy, X. Sokev, N. Pavlovichlar portret, tarixiy va vatanparvarlik ruhida kartinalar yaratdilar). 1878 yil qo’zg’olonidan keyin I. Mirkvichka, Ya. Veshin, I. Angelov, A. Mitov va boshqa rassomlar xalq hayotini haqqoniy ifodaladilar. 20-asrning birinchi choragida manzarachi rassom (A. Mixov, N. Petrov), siyosiy karikaturachi (A. Bojinov), haykaltarosh (A. Nikolayev, I. Lazarov)lar ijod qildilar. 20-30-yillarda demokratik an’analarni rassomlardan X. Stanchev, S. Venev, haykaltarosh I. Funev, suratkash I. Beshkov va boshqalar davom ettirdi, keyingi vaqtlarda xalq hayotidagi yangi o’zgarishlarni rassomlarning keksa avlodi (S. Venev, D. Gujenov, V. Dimitrovmaystor, M. Markov, B. Mitov, A. Mixov, A. Nikolov, I. Petrov, D. Uzunov, I. Funev va boshqalar) va yoshlar o’z polotnolarida tasvirladilar. Xalq amaliy san’ati: keramika, kashtachilik va boshqalar ham rivojlanmoqda. Teatri. Bolgariya teatr san’ati tarixi xalq o’yini va tomoshalaridan boshlanadi. 19-asrda milliy ozodlik harakatining avj olishi bilan Bolgariya milliy teatri ham tashkil topa boshladi. 1856 yilda birinchi teatr tomoshalari ko’rsatildi. 1866 yilda Brail shahrida (Ruminiya) dramaturg va rejissyor D. Voynikov rahbarligida bolgar truppasi tashkil qilindi. 1883 yil Plovdivda birinchi professional teatr truppasi ish boshladi. 1886 yilda bu yerda “Plovdiv havaskorlik truppasi” tashkil topdi. 1888 yil bu truppa Sofiyaga ko’chib o’tib, “Bolgar xalq asosiy truppasi” deb ataldi. 1891 yil dramatik va opera truppalari tuzildi. 1892 yilda tuzilgan “Kulgi va ko’z yoshlari” truppasi 1904 yilda xalq teatriga aylantirildi. Keyinchalik “Zarya”, R. Popovaning dramatic teatri, Yangi xalq teatri, “Zamonaviy teatr”, “Erkin teatr”, shuningdek Varna, Ruse, Qozonlikdagi teatrlar vujudga keldi. Bolgar teatri taraqqiyotida V. Kirkov, S. Ognyanov, S. Bichvarov, A. Bulevskaya kabi san’atkorlarning faoliyati katta rol o’ynadi. Bolgariya teatrlari repertuaridan milliy dramaturglar I. Vazov, O. Vasilev, K. Zidarov kabilarning, shuningdek jahon klassik va hozirgi zamon chet el dramaturglarining asarlari o’rin olgan. F. Filipov, K. Mirskiy, R. Delcheva, O. Kircheva, S. Gesov, I. Kondov, M. Popova, V. Trandafilov, 3. Yordanova, G. Stamatov kabi rejissyor va aktyorlar Bolgariya teatr san’atining yirik arboblaridir. Musiqasi. Eng qadimgi xalq qo’shiqlari marosim, mehnat, qahramonlik, lirik qo’shiqlardan iborat. Xalq odatlarini ifodalovchi xoro, ruchenisa raqslari bo’lgan. Musiqa folklorida birikki ovozli qo’shiqlar ko’proq, uch to’rt ovozli qo’shiqlar kamroq uchraydi. Xalq qo’shiq va raqslarining vazni yaqin Sharq musiqasi ta’sirida boyigan. Asosiy milliy cholg’u asboblari — gadulka, gayda, kaval va tambura. O’rta asrlarda xalq kuylari va cherkov musiqasi keng tarqalgan, milliy sozanda, bastakorlar yetishib chiqqan. Turkiya asoratidan qutulgach, Bolgariyaning professional musiqa taraqqiyoti uchun qulay sharoit tug’ildi. Xalq qiroatxonalari huzurida xor jamoalari tuzildi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida E. Manolov, D. Xristov, G. Atanasov kabi dastlabki professional kompozitorlar yetishdi. 1904 yilda Sofiyada musiqa maktabi (1921 yildan Davlat musiqa akademiyasi, 1954 yildan Bolgariya davlat konservatoriyasi) ochildi, 1908 yilda opera teatri (1921 yildan Sofiya xalq operasi) tashkil etildi. 20-asr boshlarida A. Bukoreshchliev, D. Xristov, P. Pipkov, Al. Morfov, A. Kristev kabi kompozitor va musiqa folklorchilari asosan xor musiqasi sohasida ishladilar. G. Atanasov “Gergana”, “Sveta” kabi dastlabki Bolgariya operalarini yaratdi. P. Vladigerov simfonik musiqani boshlab berdi. P. Staynov bilan V. Stoyanovlar simfonik va xor musiqasining yirik ustalaridir. O’zbekistonda Bolgariya san’at ustalari ko’p marta kontsert bergan. Kinosi. Bolgariyada 1910 yildan boshlab milliy operatorlar suratga olgan voqeiy va hujjatli lentalar chiqarilgan. Birinchi bolgar badiiy filmi “Savlatli bulg’or” (rejissyor V. Gendov) 1915 yil chiqdi. Bolgariyada birinchi ovozli film “Qulning isyoni” (rejissyor V. Gendov) 1933 yilda namoyish etildi. 2-jahon urushidan keyin Bolgariyada milliy kinosan’at rivojida yangi pogona boshlandi. D. Dakovskiy, B. Sharaliev, A. Yanchev, A. Marinovich, Z. Jandov kabi rejissyorlar, P. Vejinov, A. Vagenshteyn, X. Ganev kabi stsenariychilar etishdi. 50-yillarda “Trevoga” (rejissyor Z. Jandov), “Vatan osmonida tong” (rejissyor A. Marinovich va S. Sirgajiev), “Notinch yo’l” (rejissyor D. Dakovskiy) filmlari ekranga chiqdi. “Shipka qahramonlari” (1955), “Tarix sabog’i” (1957) filmlari yaratildi. Keyingi yillarda chiqqan “Kambag’al ko’cha” (rejissyor X. Piskov), “Biz unda yosh edik” (rejissyor B. Jelyazkova), “Asir qushlar” (rejissyor D. Mundrov), “Shaftoli o’g’risi” (rejissyor V. Radev), “Inspektor va tun” (rejissyor R. Vilchaiov), “Muhabbat” (rejissyor L. Staykov) kabi filmlarda yangi, hayotiy mavzularni ko’tarish, mazmundorlik, ta’sirchanlikning yangi vositalarini izlash sezildi. Bolgariyada har yili 200 ga yaqin hujjatli, ilmiy-ommabop, multfilm va 10-20 badiiy film ishlab chiqariladi. Kino aktyorlardan N. Kokanova, G. Georgievges, S. Danailov, D. Tonchevalar mashhur. O’zbekistonb. munosabatlari. Ikki davlat o’rtasidagi o’zaro munosabatlar uchun huquqiy asos yaratish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, qo’shma korxonalar barpo etish sohasida bir muncha ishlar qilinmoqda. Bolgariya savdo-iqtisodiy delegatsiyasining 1994 yil iyunida O’zbekistonga tashrifi natijasida iqtisodiyot va savdo-sotiqning bir qancha sohalarida hamkorlik qilish haqidagi bayonnomalar imzolandi. 1997 yil noyabrda Bolgariya tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi O’zbekistonda bo’ldi. Shu yil 12 noyabrda Toshkentda Bolgariya tadbirkorlari vakillari ishtirokida O’zbekiston ishbilarmonlari uchun biznesseminar o’tkazildi. Unda ikkala mamlakat o’rtasidagi an’anaviy aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish va iqtisodiy hamkorlik sohasidagi barcha imkoniyatlardan unumli foydalanish haqida kelishib olindi. Bolgariyalik mehmonlarning “O’zbeksavdo”, “O’zbekengilsanoat” uyushmalarida, “O’zbekneftgaz” korporasiyasi (1998 yil dekabrdan xolding kompaniya), Toshkent shahri hokimligi, Sog’liqni saqlash vazirligi va “O’zfarmsanoat” kontsernida o’tkazgan muzokaralari samarali yakunlandi. O’zbekiston Respublikasi bilan Bolgariya o’rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 1995 yilda 19,2 million AQSh dollarini tashkil etdi va 1994 yil ko’rsatkichidan deyarli 2 baravar oshdi. Bolgariya O’zbekistondan paxta tolasi, kalava ip, rangli metallar, noorganik kime mahsulotlari, mexanika asbob-uskunalari sotib olmoqda va transport xizmatidan foydalanmoqda. O’zbekiston esa Bolgariyadan dori-darmon, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, qandshakar, efir moylari, qandolat mahsulotlari, pardozandoz buyumlari, alkogolli va alkogolsiz ichimliklar, tamaki va hokazolar keltiradi. 1997 yil yanvar sentabr oylarida o’zaro tovar aylanmasi 8089,6 ming AQSh dollarini tashkil etdi va O’zbekistonning eksporti importidan 825,2 ming dollar ortiq bo’ldi. Alohida tashkilotlar o’rtasidagi hamkorlik quyidagicha: “O’zfarmsanoat” kontserni Bolgariyaning farmasevtika mahsuloti ishlab chiqaruvchi katta birlashmasi “Farmaxim” bilan qo’shma korxona barpo etishga kirishdi. Jumladan, bronxolitin preparatini ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish shartnomasiga binoan Bolgariya tomoni 200 ming AQSh dollari qiymatiga ega bo’lgan asbob-uskuna va materiallar etkazib beradi. Bu korxona yiliga 1 million flakon preparat ishlab chiqaradigan bo’ladi. “O’zeltexsanoat” uyushmasining “Foton” aktsiyadorlik jamiyati “Karat” nazorat-kassa apparatlari uchun butlovchi qismlar yetkazib berish haqida “Sofiya” firmasi bilan shartnoma tuzdi. O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Bolgariyaning “Bulbank”, “Ferst Investment Bank Ltd” banklari bilan vakillik munosabatlari o’rnatdi. “Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” aktsiyadorlik jamiyati 1990-91 yillarda Bolgariyaga 3 ta Il76 TD samolyotini yubordi. 1997 yil dekabrda O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi ro’yxatidan o’tgan Bolgariya sarmoyasi ishtirokidagi 15 ta qo’shma korxona bulgan. Ular orasida telefon apparatlari ishlab chiqaruvchi “Sitora”, elektr kardiograflar yig’uvchi va ularning ehtiyot qismlarini almashtiruvchi “Kontakt”, tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Sikander”, tish pastasi va boshqa ro’zg’or kimyosi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Albo”, hisoblash texnikasini ta’mirlovchi va ularga xizmat ko’rsatuvchi “Bulteks”, bolalar taomi va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Rossi S. A.” va boshqa korxonalar bor. O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi yuz foiz Bolgariya sarmoyasidagi “Bulgar Tradiud Co” tashqi savdo korxonasini ro’yxatdan utkazgan. Bundan tashqari mazkur vazirlik huzurida Bolgariyaning 2 ta firmasi: “Veko Limited” (akkumulyator ishlab chiqarish, yuk tashish va sayyohlik faoliyati), “U. B. T. Ko” (temir yo’l transporti uchun asbobuskuna va materiallar yetkazib berish, yuk tashish va ekspeditorlik faoliyati) vakolatxonalari rasmiylashtirilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz