BOLG’ALASH MASHINASI
BOLG’ALASH MASHINASI — metall zagotovkalarga zarb va bosim bilan ishlov beradigan mashina. Bolg’alash, hajmiy va yassi shtamplashda ishlatiladigan xillari bor. Bolg’alash mashinasining bug’ yoki qisilgan havodan ishlaydigan bug’ havo, ish porshenlari va kompressor porshenlari orasidagi havoning siqilishi va siyraklanishi hisobiga ishlaydigan pnevmatik, harakatlanuvchi qismlari dvigatel bilan mexanik tarzda bog’langan mexanik, yuqori bosimli suyuqlik bilan harakatga keltiriladigan gidravlik va boshqa turlari bor. Ishlash usuliga ko’ra oddiy (tushuvchi) va qo’sh harakatli (tushuvchi qismlari qo’shimcha tezlashtirilgan) Bolg’alash mashinasi bo’ladi. Kinematik bog’langan 2 ta babali (muhrali) shabotsiz Bolg’alash mashinasida babalar bir-biriga tomon bir xil tezlikda harakatlanadi, natijada zarbiy energiya asosga ta’sir qilmaydi. Yuqori tezlikda ishlaydigan Bolg’alash mashinasi keng tarqalgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz