BOLG’A



BOLG’A — zarb berish uchun ishlatiladigan dastaki qurol. Kallak va dastadan iborat. Bolg’a kallagi, odatda, uglerod (0,4—0,6%S) li po’latdan, dastasi asosan yog’ochdan yasaladi. Kallakning har ikki tomoni toblanadi. Bolg’alarning turli xillari, masalan, yog’och Bolg’a, yumshoq muhrali Bolg’a, tepmaydigan (urganda sakrab ketmaydigan) Bolg’a, xavfsiz (zarb paytda detalni berkitib turuvchi) Bolg’a bor. Miskarlikda: 1) xoyis (xoyisk) yoki xoyischorsi Bolg’a — misni yupqalashda; 2) xoyis bag’al, kapchin yoki chambar Bolg’a — misni yoyib yig’ishda; 3) nimchorsi Bolg’a — misda qolgan izlarni ketkazishda; 4) yumaloq Bolg’a — mis idishlarning ichki tomoniga ishlov berishda; 5) teruv Bolg’a — mis idishlarning yuzini silliqlashda ishlatiladi. Temirchilik, taqachilik va pichoqchilikda: 1) metin Bolg’a — ketmon qirg’og’idan elka chiqarishda; 2) dasxoyis Bolg’a — temirchi, taqachi va pichoqchilar bosqonchi bilan birga ishlaganda; 3) teruv Bolg’a — ketmonning orqaoldini, taqaning yuzini tekislashda; 4) dusara Bolg’a — ketmon zo’g’atasining chetini qaytarishda; 5) barchinxoyis Bolg’a — kushpichoq yasashda ishlatiladi va boshqalar. Texnikada metallga zarb bilan ishlov (shakl) beradigan asbob. Temirchilik shtamplashda ishlatiladi. Bug’-havo, pnevmatik, mexanik va gidravlik yuritmali, elektr turlari bor.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz