Bolalar Va O`smirlar Gigiyenasi
Bolalar va oʻsmirlar gigienasi — gigiyenaning bir sohasi boʻlib, goʻdaklikdan boshlab to 17—18 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlarning salomatligini saqlash va mustahkamlash masalalari bilan shugʻullanadi. Hayot sharoiti, oʻquv-tarbiya va mehnat oʻsayotgan organizmning kamol topishi va salomatligiga qanday taʼsir qilishini oʻrganish va shunga asoslanib, yosh avlodning sogʻlom oʻsishiga hamda har tomonlama toʻgʻri rivojlanishiga yordam beradigan gigiyena tadbirlarini ishlab chiqish Bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi vazifasidir. Uning tavsiyanomalari shaxsiy, yaʼni har bir ayrim bolaga va muayyan bolalar guruhiga taalluqli boʻlishi mumkin. Bolalar va oʻsmirlar gigienasi tashqi muhit omillarining bola organizmiga, uning hayot faoliyatiga, taʼlim-tarbiyasiga taʼsirini oʻrganadi, oʻsayotgan avlodning barkamol hamda jismoniy va maʼnaviy jihatdan uygʻun rivojlanishi uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.
Bolalar va oʻsmirlar sogʻligʻini oʻrganish va saqlash. Buning uchun biologik va ijtimoiy omillar, tashqi muhit hamda umumiy taraqqiyot qonunlarining bolalar va oʻsmirlar organizmiga taʼsirini oʻrganish talab etiladi. Har bir yoshga oid kasalliklarning kelib chiqish sabablarini aniqlash esa kasallikning oldini olish chora tadbirlarini belgilash va hayotga tatbiq etish imkonini beradi. Hozirgi yosh avlodning sogʻligʻini belgilangan muddatda tekshira borish (tibbiy koʻrikdan oʻtkazish) bilan birga antropometrik usullarni qoʻllash orqali ularning jismoniy rivojlanishi aniqlanadi.
Shaxsiy gigiyena qoidalariga bolalar juda yoshligidanoq odatlanishi zarur. Bolada asosiy fiziologik jarayonlar — uyqu, uygʻoqlik, ovqatlanish (emish)ning oʻz vaqtida almashinib turishi ayniqsa bolaning birinchi yoshida katta ahamiyatga ega. Har kuni maʼlum soatlarda ovqatlanish (emish), uxlash bolaning oʻsishi va rivojlanishiga, ayniqsa nerv sistemasiga yaxshi taʼsir qiladi. Bolani hamisha maʼlum vaqtda (har 2—3,5 soatda) emizish tartibiga amal qilish lozim. Yosh bola hamisha maʼlum vaqtda uxlab, maʼlum vaqtda uygʻonishi uchun qulay sharoit yaratish, uxlaganida uni tinch qoʻyish, uygʻoqligida esa koʻruv va eshituv aʼzolariga turli yoʻllar bilan taʼsir etish (kattalarning gap soʻzlari, rangli, jarangdor oʻyinchoqlarga bola diqqatini jalb qilish), gavda vaziyatini oʻzgartirib turish (bolani vaqti-vaqti bilan qoʻlga olish yoki qorni bilan yotqizib qoʻyish) kerak. Bola nechogʻli yosh boʻlsa, organizmi dam olish va uxlashga shuncha koʻp ehtiyoj sezadi. Uni ochiq havoda (qishda ham) har kuni kamida 2 soat sayr qildirish, oʻynatish zarur. Shunda qon kislorodga toʻyinib, organizmdagi almashinuv jarayonlari bir maromda kechadi.
Bolalar va oʻsmirlar faoliyati gigiyenasi. Bunda bolalarning sogʻligʻiga qarab ish faoliyatini belgilash va asta-sekin oshira borish hamda charchashning oldini olish tadbirlarini koʻrish asosiy masala hisoblanadi. Shunga asosan bogʻcha, maktab yoshidagi bolalarning yoshiga mos keladigan kun tartibi joriy qilinadi. Oʻsib kelayotgan organizmning xususiyatlarini hisobga olgan holda, maktab oʻquvchilarining mashgʻulot tartibi ularning yoshiga qarab turlicha belgilanadi. Uyda dars tayyorlashga ajratilgan vaqt 1sinf oʻquvchilari uchun 1— 1,5 soat, 3—4 sinf oʻquvchilari uchun 1,5—2 soat, 5—6 sinf oʻquvchilari uchun 2 soat, 7—8 sinf oʻquvchilari uchun 2,5—3 soat, 9—10 sinf oʻquvchilari uchun 3—4 soat boʻlishi kerak. Bola dars tayyorlagan vaqtda har 40—45 min.dan keyin 10—15 min. dam olishi zarur. Bolalar dars tayyorlab charchamasligi uchun mashgulotlardan keyin turli oʻyin, sport, foydali mehnat bilan shugʻullanishlari yaxshi natija beradi.
Tashqi muhit gigiyenasi. Bolalar va oʻsmirlar gigiyenasining bu qismida bolalar va oʻsmirlar muassasalari loyihasini tuzish va kurishda gigiyena tadbirlarini koʻzda tutish, jumladan ularni aholi yashaydigan joylarga qurish, xonalar yorugʻ va issiq boʻlishi, sanitariyatexnika inshootlari toʻgʻri qurilishi, toza havo, ichimlik suv hamda bolalar uchun moʻljallangan jihozlar bilan taʼminlanishi kerak.
Bolalar va oʻsmirlarning ovqatlanish gigiyenasi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlarining ahamiyati, bolalar muassasalari (bolalar uylari, sanatoriylar, tashkil qilingan sayohat va yurishlar)da ovqatlanish tartibi oʻrganiladi hamda oʻsish davrida energiya sarfi meʼyori ishlab chiqiladi. Bolalarga toʻyimli, mazali va xilmaxil ovqat berish, ovqatda oqsil, yogʻ, uglevod, vitamin, mineral tuzlar yetarli boʻlishi kerak. Toʻgʻri ovqatlanish bolaning turli kasalliklarga chidamini oshiradi, aqliy, jismoniy va mehnat qobiliyati barkamol boʻlishini taʼminlaydi. Maktabgacha tarbiya yoshidagi va maktab yoshidagi bolalar 4— 4,5 soatda ovqatlanishi kerak. Nonushtada sutkali kaloriyaning taxminan 25%ini beradigan oqsillarga boy sabzavot, guruchdan pishirilgan ovqatlar, tushlik sutkali kaloriyaning 35—40%ni, kechki ovqat sutkali kaloriyaning taxminan 20—25%ini tashkil etishi va birmuncha yengil sutli, sabzavotli hamda yormadan pishirilgan ovqatlardan iborat boʻlishi lozim. Sutkali kaloriyaning qolgan 10—15%ni ikkinchi nonushtadan yoki tushlikdan keyin isteʼmol qilgan maʼqul.
Bolalar va oʻsmirlarga tibbiy xizmat koʻrsatish. Bolalar va oʻsmirlar gigiyenasining bu qismida tibbiy xizmat koʻrsatishni ilmiy nuqtai nazardan ishlab chiqish hamda epidemiyaga qarshi tadbirlar koʻrish moʻljallangan. Salomatligi zaiflashib qolgan, nimjon (revmatizm, tonzillit, sil intoksikatsiyasi bilan ogʻrigan), shuningdek kasallikdan tuzalib kelayotgan bolalar uchun bolalar poliklinikasi yoki maktab vrachi ishtirokida alohida tartib tuziladi; ana shunday kasalliklarni boshdan kechirgan asabiy bolalarning oʻqishini davom ettirishi hamda salomatligini tiklay borishi uchun maxsus sharoit yaratiladi (sanatoriy maktablari va boshqalar). Bunday muassasalarda oʻqish bilan birga shifobaxsh badantarbiya, fizioterapiya, maxsus parhez, sof havodan koʻproq bahramand boʻlish kabi davo usullari qoʻllaniladi. Bolani yoshligidan boshlab toʻgʻri uyushtirilgan jismoniy tarbiya va chiniqtirish tizimiga oʻrgata borish katta ahamiyatga ega. Hayotining birinchi oylarida massaj va jismoniy mashklar bilan birga toza havodan bahramand qilish, keyinchalik esa sochiqni hoʻllab badanni artish, choʻmilish, kattaroq yoshdagi bolalarni dushga tushirib yoki ustidan suv quyib choʻmiltirish bola organizmining kasallikka chidamini oshiradi va baquvvat qiladi. Bu tadbirlar muntazam boʻlishi va vrach bilan maslahatlashib olinganidan keyingina tatbiq etilishi kerak.
Manbalar
uz.wikipedia.org