BOLALAR TEXNIKA IJODI
BOLALAR TEXNIKA IJODI — bolalar faoliyatining turi. Odatda bu faoliyat modellar, mexanizmlar, oddiyroq mashinalar, asboblar, radioelektron qurilmalari va shu kabilarni yasashdan iborat. Bolalar texnika ijodi bolalarda texnikaga qiziqishning shakllanishiga, rasionalizatorlik va ixtirochilik qobiliyatlarining rivojlanishiga yordam beradi, ta’limtarbiya vositalaridan biri bo’lib xizmat qiladi. O’zbekistonda birinchi bolalar texnik ijodiyot markazi 1930 yil texnika va qishloq xo’jalik stantsiyasi nomi bilan tashkil qilingan edi. O’zbekiston Respubliksidagi 142 texnik ijodiyot markazida 8309 to’garak ishlab turibdi, ularda bolalar texnika ijodi bilan shug’ullanmoqda (2000). Bunday to’garaklar va ular ishining mazmuni bolalarning yosh xususiyatlari va tayyorgarlik darajasiga muvofiqlashtiriladi. Bolalar texnika ijodi bilan maktabdan tashki ta’lim muassasalari hisoblangan o’quvchilar saroy va uylari, klublarida ham shug’ullanadilar.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz