Bolalar Bog‘chasi
Bolalar bogʻchasi — maktab yoshigacha boʻlgan bolalarni tarbiyalovchi muassasa. Birinchi marta 1837-yil Germaniyada nemis pedagogi F. Frebel tomonidan tashkil etilgan. Bolalar bogʻchasi xalq taʼlimi tizimining dastlabki boʻgʻini hisoblanadi (qarang maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyasi).
Oʻzbekistonda odatdagi Bolalar bogʻchasi 3—7 yoshli bolalarga moʻljallangan. 2 oylikdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar tarbiyalanadigan yaslibogʻchalar ham bor. Bundan tashqari sogʻlomlashtirish bogʻchalari, jismoniy va aqliy nuqsonli bolalar uchun bogʻchalar, uybogʻcha, mavsumiy bogʻchalar (asosan qishloq xoʻjaligi ishlari koʻpaygan vaqtda tashkil etiladi), "bolalar bogʻchasimaktab" majmui ham mavjud. Bolalar bogʻchasi hokimiyatning ijroiya organlari tomonidan tuman, shahar, muassasa, korxona, xoʻjalikda tashkil etiladi. Bolalar bogʻchasi qaysi tashkilot qaramogʻida boʻlishidan qatʼi nazar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi uni kadrlar bilan taʼminlaydi va faoliyatiga ilmiy pedagogik jihatdan rahbarlik qiladi. Oʻzbekistondagi bogʻchalarda bolalarga chet tillari, xoreografiya, tasviriy va musiqiy sanʼat, kompyuter savodxonligi asoslarini oʻrgatuvchi 800 dan ortiq guruh tashkil etilgan. 2000-yil Oʻzbekiston Respublikasida 6742 Bolalar bogʻchasi ishladi, ularda 608 ming 500 bola tarbiyalandi.Bog'chalar ochilishi ko'plab oilalarga qulaylik va osonlikni yaratib berdi.
Manbalar
uz.wikipedia.org