Boku neft-gaz rayoni



BOKU NEFT-GAZ RAYONI — Ozarbayjon Respublikasining Apsheron yarim oroli va Kaspiy dengizining yarim orolga tutash akvatoriyasidagi nisbatan katta zaxiraga ega bo’lgan neftgaz konlari. Janubiy Kaspiy neftgaz havzasiga mansub 80 dan ortiq kondan iborat. Neft konlari murakkab burmalanishga uchragan qatlamlar (braxiantiklinallar) orasida, ba’zan balchiq vulkanlarida, qum, qumtosh va gillardan tashkil topgan o’rta pliosen davri jinslarida joylashgan. Umumiy maydoni 8500 kilometr kvadrat. Boku neft-gaz rayonida 20 mingga yaqin burg’qudugi kavlangan. Neft uyumlari 4500 metr chuqurlikkacha bo’lgan qatlamlarda uchraydi. Konlar ishga solingandan buen jami 1 milliard tonnadan ziyod neft qazib olingan. Apsheron yarim orolida neft oddiy quduqlardan jun usullar bilan juda qadimdan olib kelingan. 1869 yilda birinchi burg’ qudug’idan neft olina boshlanishi bilan neft sanoati ham rivojlana boshladi. 20-asr boshida Boku neft-gaz rayoni neft qazib olish bo’yicha dunyoda 1 o’ringa chiqdi (1901 yilda 11,4 million tonna). Ammo 1 jahon urushi arafasida neft olish 7,7 million tonnaga tushib qoldi. 1920-yillargacha neft yuza qatlamlarda joylashgan faqat 6 ta kondan olingan. Keyinroq yangi konlar ochilib, nasosli va kompressorli usullar qo’llanila boshladi. Neftni qayta ishlovchi korxonalar (asosan Bokuda joylashgan) ham qayta jihozlandi. 1940 yilda Ozarbayjon Respublikasida 22 million tonna neft qazib olindi (bu o’sha davrda Ittifoqda qazib olingan neftning 71%ni tashkil etdi). 1940-yillar oxirida Kaspiy dengizi tubidan katta neft konlari (“neft toshlari”, Darvin sayozligi va boshqalar) topilib ishga tushirildi. Dengizdagi konlar quruqlik bilan estakadalar orqali tutashtirilgan. Hozir neft 7-8 ming metrdan ortiq chuqurliklardan ham olinmoqda. Gaz kondensata va neft-gaz kondensata konlari ham bor. Tabiiy gazning katta zaxirasi Qoradog’ gaz-neft konida joylashgan. Gaz konlaridan foydalanish 1950-yillar oxiridan boshlangan. Boku neft-gaz rayoni nefti metannaften turiga mansub. Zichligi 849,0—920 kilogramm/metr kub, tarkibidagi oltingugurt 0,13—0,39%, parafin 0,61—6,04% ni tashkil etadi. Gazning tarkibi 90-96% metan, 1,7— 5,3% etan, 0,51,5% propan, 0,31,5% Butan, 0,3—1,5% pentan va boshqalardan iborat. Boku neft-gaz rayonida yangi yirik istiqbolli neftgaz konlari topildi. Gazning zaxirasi 16,5 milliard metr kub. Gaz konlaridan Ozarbayjonning sanoat shaharlariga gaz quvurlari tortilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz