BOKU



BOKU (ozarbayjoncha Baki) — shahar, Ozarbayjon poytaxti. Ozarbayjonning yirik sanoat, fan va madaniyat markazi. Temir yo’l tuguni. Kaspiy dengizining g’arbiy sohilidagi yirik port. Apsheron yarim orolining Janub qismida. Bokuning Markaziy qismi Boku buxtasiga zinapoyasimon pasayib tushuvchi amfiteatr shaklida joylashgan. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 3°, iyulniki 25-30°, yiliga 180-300 millimetr yog’in yog’adi. Kuz faslida ko’pincha kuchli shamollar bo’lib turadi. Aholisi 1080,5 ming kishidan ziyod (1999; shahar Kengashiga bo’ysunuvchi aholi punktlari bilan birga 1713,3 ming); 19-asr avvalida Bokuda 4,5 ming kishi, asr so’ngida 112 ming kishi yashagan. Aholisi asosan, ozarbayjonlar va ruslar, shuningdek yahudiylar, dog’istonliklar va boshqalar ham bor. Boku birinchi marta 5-asr yozma manbalarida, shuningdek Sharq geograflari (Istaxriy, Alma’sudiy, Almuqaddasiy) asarlarida esa 9-10- asrlardan tilga olinadi. Muqaddasiy asarida Bokuning port shaharligi aytilgan. Bokuda neft konlari borligi haqida Yoqut Hamaviy, Zakariyo al-Qazviniy, Hamdulloh Kazviniy, Avliyo Chalabiy, Abdurashid Bakuviy asarlarida ma’lumotlar keltirilgan. O’sha zamonlardayoq Bokuda neft chiqarilgan va Sharq mamlakatlariga, jumladan O’rta Osiyoga ham jo’natib turilgan. 12-asrning 2-yarmidan Shirvon davlatining siyosiy markazi bo’lgan. Kaspiy dengizi bo’yidagi shaharlarning savdo aloqalari Boku porti orqali amalga oshirilgan. Boku qal’asi 15-16-asrlarda Janub Kavkazdagi kuchli qal’alardan biri bulgan. 1540 yilda Bokuni Safaviylar egalladi, 1580-yillarga kelib turklar davlati tarkibida. 1604 yilda Eron shohi Abbos I Boku qal’asini zabt etdi. 17-asrda Boku anchagina katta shahar hisoblangan. Turk sayyohi Avliyo Chalabiyning yozishicha, Bokudan olinayotgan neft shoh xazinasiga katta daromad keltirgan. 1723 yil shaharni rus qo’shinlari bosib oldi, lekin 1735 yilda u Eronga qaytarib berildi. 1747 yildan Boku xonligining poytaxti bo’lgan. Keyinroq, Rossiya-Eron urushi davrida (1804-13) Bokuni Rossiya ikki marta bosib oldi (1806 va 1813). 1897-1907 yillarda Boku Batumi neft quvuri o’tkazilgan. 1901 yil Boku konlaridan 11,4 million tonna neft qazib olindi (jahonda qazib olingan neftning 50%). Boku 1917 yilgacha gubernya markazi bo’lgan. 1917 yil 31 oktabr (13 noyabr) da Bokuni bolsheviklar egallab, sho’rolar hokimiyatini o’rnatdi. Ammo zo’rlik bilan o’rnatilgan hokimiyat 1918 yil 31 iyulda ag’darib tashlandi. 1920 yil 28 aprelda hokimiyat markazdan yuborilgan qizil Armiya yordamida yana bolsheviklar qo’liga o’tdi va Boku Ozarbayjon Respublikasining poytaxti deb e’lon qilindi. 1991 yil avgustdan Boku mustaqil Ozarbayjon Respublikasi poytaxti. Bokuda neft va gaz chiqarish, neftni qayta ishlash, neft-kimyo, kimyo, mashinasozlik (neft sanoati uchun jihozlar ishlab chiqarish, elektrotexnika, radioelektronika va boshqalar), metallsozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Boku bir qancha yirik issiqlik elektr stansiyalardan iborat o’z energetika sistemasiga ega. Shahardagi ko’p sonli sanoat korxonalari orasida neft konlari alohida o’rin tutadi. Bokuning Sharqiy qismida neftni qayta ishlaydigan zavodlar (yangi Boku, Qorayev nomli va boshqalar), kimyo, mashinasozlik, metallsozlik zavodlari (yuqori voltli apparatura, sovutkichlar, televizor, gaz apparatlari va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalar); yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari (to’qimachilik, kamvol, mayin movut kombinatlari, poyabzal fabrikalari, go’sht kombinati, un zavodlari va boshqalar) ishlab turibdi. Boku — yirik transport tuguni. Yuk oborotida dengiz savdo porti yetakchi o’rinni egallaydi. Boku — Turkmanboshi (sobiq Krasnovodsk) o’rtasida dengiz paromi ishga tushirilgandan keyin uning ahamiyati yanada ortdi. Xalqaro aeroport bor. Shahar atrofiga qatnovchi temir yo’l Bokuni sanoat korxonalari, konlar, kurortlar bilan bog’laydi. Boku bilan Rostov-Don, Tbilisi, Yerevan, Astara shaharlari temir yo’l orqali bog’langan. Shaharda 1924 yildan tramvay, 1932 yildan avtobus, 1941 yildan trolleybus qatnovi yo’lga qo’yilgan. 1967 yil Bokuda metropolitan ishga tushirildi. Boku atrofida yangi yo’ldosh shaharlar barpo etildi: Zabrat, Mashtaga, Dubendi va Primorsk. Bokuda tarixiy yodgorliklardan Siniqqal’a (Pa.), Qiz qal’asi (12-asr) minoralari, qadimgi saroylar, Shirvonshohlar saroyi (15-asr), Safaviylar sulolasi davridagi (17-asr) karvonsaroy, shuningdek qasrlar, minoralar, masjidlar saqlanib qolgan. 1920-yillarda shaharning eski qismi ta’mirlandi, yangi bog’va maydonlar barpo bo’ldi. Nizomiy muzeyi, Vazirlar Kengashi binosi, katta stadion va boshqalar qurildi. Bokuda 1945 yilda Ozarbayjon Fanlar Akademiyasi tashkil etilgan. 11 oliy o’quv yurti, shu jumladan 3 universitet, 7 teatr, qariyb 30 muzey (shu jumladan san’at muzeyi, gilamchilik muzeyi, amaliy san’at muzeyi) bor. Boku va uning atrofida ko’pgina kurortlar joylashgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz