BO’KTARGILAR



BO’KTARGILAR (Circus) qarchig’aysimonlar oilasiga mansub yirtqich qushlar urug’i. 9 turi bor. Modalari narilaridan katta. Qanotlari uzun va keng, sekin parvoz qilishga moslashgan. Pati yumshoq, boshining ikki yoni va tomog’ini o’rab olgan “yoqasi” bor. Avstraliya va Antarktidadan tashqari, hamma qit’alarda tarqalgan. O’zbekistonda soy bo’ktargisi (S. aeryginosis), dala bo’ktargisi (S. cyaneus), cho’l bo’ktargisi (S. macrourus), qo’riq bo’ktargisi (S. pygargus) uchraydi. Bo’ktargilar qishlash uchun kuzda Hindiston va Afrikaga uchib ketadi. Bahorda yana qaytib keladi (dala bo’ktargisi esa O’zbekistonda qishlab qoladi). Daryo sohillari, cho’l, dasht va dalalarda yashaydi. Uyasini quruq o’t va xascho’plardan erga quradi. Modasi uyasini doim tozalab turadi. 3— 6 dona tuxum qo’yadi. Tuxumini modasi bosadi. Nasl uchun g’amxo’rlik qilish modasi bilan nari o’rtasida qatiy taqsimlangan. Modasi uyada tuxumdan chiqqan jish jo’jalarini qanoti ostida isitib, ularni oziqlantiradi, nari esa oziq tashiydi. Bo’ktargilar har xil hasharotlar, mayda kemiruvchilar, qushlar, kaltakesaklar, qurbaqalar va boshqa hayvonlar bilan oziqlanadi. Kemiruvchilarni qirib, foyda keltiradi. Bo’ktargilarni qo’riqlash kerak.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz