BOKSITLAR



BOKSITLAR (Fransuzcha bauxite, Janubiy Frantsiyada dastlab Boksitlar qatlamlari topilgan Lebo joy nomidan) — alyuminiy rudalari. Asosan alyuminiy gidroksidi (28-80%), temir oksidi va boshqa komponentlar aralashmasidan iborat. Boksitlarning asosiy kimyoviy komponenti glinozyom (A12O3), doimiy tarkibiy qismi temir oksidi (Fe2O3). Rangi to’q qizil, jigarrang, kulrang. Sof og’irligi 1,8— 3,1; qattiqligi tarkibidagi temir oksidiga qarab 3-6. Boksitlar tuzilishiga ko’ra qattiq, jipslashgan va ba’zan uvalanuvchan bo’ladi. Boksitlar konlari asosan nordon, ishqorli va asosli jinslarning lateritlm nurashidan yoki dengiz va ko’llarda glinozyomning ko’p to’planishidan paydo bo’ladi. Boksitlar mineralogik tarkibiga qarab 2 turga bo’linadi: 1) diasporbyomitli Boksitlar, 2) gidrargillitli (gibbsitli) Boksitlar. Birinchisi ko’proq geosinklinal konlarida, ikkinchisi platforma konlarida uchraydi. Boksitlar — alyuminiy olinadigan xom ashyo, shuningdek undan bo’yoq, abraziv va o’tga chidamli materiallar olinadi. Boksitlar foydalanishga yaroqli bo’lishi uchun tarkibidagi glinozyomning kremniy oksidiga nisbati 2,6 baravar ortiq, glinozyom esa 28% dan kam bo’lmasligi kerak. Boksitlar konlari Ukraina (Krivoy Rog) da, Rossiya Federatsiyasi (Ural, Sibir), Qozog’istonda bor. Bu konlarda mayda korund zarrachalari uchrab turadi. O’zbekistonda Boksitlar va uning o’zgarishi natijasida paydo bo’lgan korund qatlamlari shimoliy Farg’ona, Chatqol Qurama va Nurota tog’larida, Qizilqumdagi Tomdi tog’ida topilgan. Xorijda asosan Avstraliya, Yamayka, Surinam, Gayana mamlakatlarida ko’plab qazib chiqariladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz