BOKS



BOKS (inglizcha box — mushtlash, zarb) — sport turi, ikki raqibning sirti charm, ichi yumshoq qoplamali qo’lqoplarda qoida asosida yakkama-yakka mushtlashish musobaqasi. Boks tarixi miloddan avvalgi davrda Misr va Bobilda uyushtirilgan yakkama-yakka mushtlashish musobaqalariga borib taqaladi. Yunoniston qadimgi Olimpiya o’yinlari dasturida ham shunday musobaqalar bo’lgan. Zamonaviy Boks vatani Angliyadir (16 17-asrlar). Boksning dastlabki qoidalari shu mamlakatda qabul qilingan (1867). Xalqaro havaskor bokschilar assosiasiyasiga (AIBA; 1946 yil asos solingan) 160 mamlakat a’zo (1999). Boks 1904 yildan Olimpiya o’yinlari dasturiga kiritilgan, 1974 yildan jahon chempionati, 1979 yildan jahon kubogi musobaqalari o’tkazib kelinadi. Boks musobaqasi arqonlar bilan o’ralgan 6×6 metr o’lchamli ring (supa)da o’tkaziladi. Bokschilar og’irligi 270 gramm (10 untsiya) qo’lqoplardan foydalanishadi. Musobaqa 2 minut (daqiqa)dan 4 raund (bo’lim) davom etadi. Raundlar orasida 1 daqiqadan tanaffus beriladi. Musobaqa vaktida raqib yiqilganda, hakam kurashni to’xtatgandan keyin, shuningdek beldan pastga, boshtananing orqa qismiga zarb berish mumkin emas. Ringdagi hakam (referi) musobaqani boshqaradi, ring atrofidagi 5 nafar hakam berilgan aniq zarblarni hisoblab boradi. Natijada ko’p ochko (xol) to’plagan Bokschi g’olib deb topiladi. Zarb ta’sirida garangsiragan (nokdaun) holatga tushgan Bokschining o’ziga kelishi uchun referi kurashni vaqtincha to’xtatadi va hisob ochadi. 10 sekund (soniya) vaqt ichida u kurashga tayyor ekanini bildirmasa referi uni nokaut bo’lgan (yengilgan) deb hisoblaydi. Tomonlardan biri raqibini nokaut qilsa, ochkolar farqini 15 taga yetkazsa, shuningdek bir tomon engil ganini tan olsa (murabbiyi arqonga sochiq tashlasa), referi tomonidan chetlatilsa, zarb ta’sirida tanasining jarohatlangan joyidan qon okishi kamaymasa (tibbiyot xodimi xulosasiga ko’ra) kurash muddatidan oddin to’xtatiladi va ikkinchi tomon g’olib sanaladi. Xalqaro Boks musobaqalari 12 vazn toifasida (48, 51, 54, 57, 60, 63,5, 67, 71, 75, 81, 91 kilogrammgacha va 91 kilogrammdan yuqori) tashkil etiladi. Asosiy musobaqalarga 18 yoshga to’lganlar qo’yiladi. 16-17 va 14-15 yoshlilar o’rtasida ham musobaqalar uyushtiriladi. Shuningdek, ayrim federatsiyalar Boksni ommalashtirish maqsadida o’smir-o’spirinlar o’rtasida 12 tadan ko’proq vazn toifasida ham musobaqalar o’tkazishadi. O’zbekistonda zamonaviy Boks 20-asrning 20-yillaridan ommalashdi. Ilk Boks musobaqasi 1922 yil Toshkentdagi “Fortuna” sport jamiyatida o’tkazilgan. Uni S.L. Jakson uyushtirgan. Bu murabbiy yuzlab Bokschilarni tarbiyaladi. O’zbekistonda keyingi yillarda shaxsan Prezident Islom Karimovning sportga qaratgan e’tibori natijasida Boks jadal rivojlanmoqda. O’zbekiston Respublikasi Boks federatsiyasi 1993 yildan AIBA a’zosi. Mamlakatda 4 Olimpiya o’rinbosarlari bilim yurti va o’nlab bolalar-o’smirlar sport maktabida yoshlarga Boks sirlari o’rgatilmoqda. 20 dan ziyod zamonaviy Boks zallari shug’ullanuvchilar ixtiyorida. Boks milliy terma jamoasi 1999 yil jahon chempionatida faxrli 3-o’rinni egalladi. O’zbekistonning R.Risqiyev, I.Shin, N.Anfimov, G.Ilyosov, M.Abdullayev, O’.Xaydarov, R. Chagayev, T. To’lyakov, L. Zokirov, N. Otayev, T.Turg’unov, H. Ahmedov, K. To’laganov, R. Saidov, S. Mixaylov, D. Yorbekov, Davezboev kabi Bokschilari katta yutuqlarga erishgan. Jahonda professional Bokschilar (Boksni kasbga aylantirganlar) o’rtasida to’rtta yo’nalish bo’yicha musobaqalar utkaziladi. Ularni jahon Boks kengashi (WBC), jahon Boks assotsiasiyasi (WBA), xalqaro Boks federatsiyasi (IBF) va jahon Boks tashkiloti (WBO) uyushtiradi. Professional Boksda qo’lqoplar birmuncha yengil — taxminan 227 gramm (8 untsiya), raundlar soni 6, 8, 10, 12 ta bo’ladi. Har bir raund 3 daqiqadan. Musobaqalar 17 vazn toifasida (47,627; 48,988; 50,802; 52,163; 53,524; 55,338; 57,153; 58,967; 61,235; 63,503; 66,678; 69,853; 72.575; 76,203; 79,379; 88,450 kilogrammgacha va 88,450 kilogrmmdan yuqori) tashkil etiladi. U. Pep, S. Liston, J. Formen, M. Tayson, E. Xolifild (AQSh), L. Lyuis (Buyuk Britaniya) kabi professional Bokschilarning nomlari mashhur. Mustaqillik yillarida O’zbekistonda ham ilk professional Bokschilar yetishib chiqdi: toshkentlik Bokschi A. Grigoryan o’z vazn toifasida 13 marta jahon chempioni bo’ldi (2000 yil).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz