BOKKACHCHO
BOKKACHCHO (Boccaccio) Jovanni (1313, Parij—1375.21.12, Chertaldo, Florentsiya yaqinida) — italyan yozuvchisi, Yevropa Uyg’onish davri adabiyotining yirik vakili. Neapolda huquq fanlarini o’rgangan. Bokkachcho Florentsiya siyosiy hayotida faol qatnashgan. Dastlabki asarlari (“Filokolo”, 1336; “Filostrato”, 1338)da ishqiy sarguzashtlar tasvirlangan. Bokkachchoning antik mifologiya syujetlari asosida yaratilgan “Ameto” (1341), “Fezolan parilari” (1345) pastorallari, “Fyametta” (1343) qissasi hamda sonetlari bor. Yuzta novelladan iborat “Dekameron” (1350-53) asari Bokkachcho ijodining cho’qqisi hisoblanadi. Unga 7 juvon va 3 yigitning 10 kun davomida aytgan hikoyalari asos bo’lgan. Asar nomlanishi (Yunoncha Dekameron — o’n kunlik) shundan. Bokkachcho bu asarida xurofotga qarshi oddiy inson va uning erkin muhabbatini ulug’lab, zohidona hayotni rad qilgan. Bokkachchoning ijodi Uyg’onish davri italyan hikoyachiligidagina emas, balki 15-16-asrlar Yevropa adabiyotida ham realizmning shakllanishida katta ahamiyatga ega bo’ldi. Yozuvchi hayotining so’nggi yillarida “Quzg’un” (1354-55) dostoni va “Dante Aligeri hayoti” (taxminan 1360) kitobini yozgan. “Dekameron” o’zbek tiliga Q. Mirmuhamedov tomonidan tarjima qilingan (1978).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
TELEGRAM XIZMATLAR
Kanal va guruhlar uchun o'zbek obunachilar
Kanalga o'tish
Uzpedia.uz