BO’KANTOV



BO’KANTOV — Markaziy Qizilqumdagi qoldiq tog’lar, g’arbdan Janubi sharqqa yo’nalgan. Navoiy viloyati hududida. Mutlaq balandligi 500 metr. Bo’kantovga Tuhfabergan, Bo’zdo’ngtov, Bo’kantov yassitog’ligi kiradi. Geologik tuzilishi jihatdan paleozoy erasida hosil bo’lgan qadimgi burmali yaxlit tog’li o’lka qoldig’i. Mezozoyning quyi bosqichidan to yuqori uchlamchi davrga qadar Qizilqum o’rnida dengiz bo’lgan, o’sha davrda Bo’kantov Orol tarzida ko’tarilib turgan, keyinchalik usti tekislanib ketgan. Bo’kantovning Janubiy yon bag’ri tik va qisqa shimoliy yon bag’ri esa qiya hamda keng. Yon bag’irlarida quruq soy ko’p. Bo’kantovning iqlimi quruq va keskin kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28-30°, dekabr—yanvarning minimum temperaturasi -30°, yillik yog’in miqdori 100-200 millimetr. Bo’kantovda doimiy oqar suvlar yo’q. Suv buloq va quduqlardan olinadi. Bo’zqo’ng’ir tuproq ko’p uchraydi, shuvoq, boyalich, chitir, betaga o’sadi; toshbaqa, kaltakesak, echkemar, yumronqoziq, charx ilon yashaydi. Bo’kantov yaylovlarida Qorako’l qo’ylari boqiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz