BO’KALAR
BO’KALAR — to’garak chokli ikkiqanotlilar kenja turkumiga mansub hasharotlar 3 oilasining umumiy nomi. Tanasi, odatda, tuklar bilan qoplangan, ba’zan yalang’och bo’ladi. Voyaga yetgan Bo’kalarning og’iz organlari reduktsiyaga uchragan, oziqlanmaydi. Uzoq yashamaydi. Urg’ochi va erkak Bo’kalar g’umbakdan bir vaktda chiqib, muayyan bir joyda to’planadi. Ko’pchilik turlarining qurtlari sut emizuvchilar va odamning ichki paraziti hisoblanadi. Oshqozon Bo’kalar (Gasterophilidae); uzunligi 9-15 millimetr, 30 ga yaqin turi ma’lum; otlar, karkidonlar, fillarda parazitlik qiladi. O’rta Osiyoda 6 turi, shu jumladan ot bo’kasi Gasterophilus intestinalis keng tarqalgan. Tuxumini hayvonlar juniga, ko’pincha hayvonlar labi tegadigan joylarga qo’yadi. Tuxumdan chiqqan qurtlari hayvonning og’iz bo’shlig’i orqali oshqozoniga o’tib, uning devorini yallig’laydi. Qurt u erdan ichak orqali tuproqqa tushib g’umbakka aylanadi. Ba’zan oshqozon Bo’kalarning 1 yoshdagi qurti odam terisiga kirib, kasallik paydo qilishi mumkin. Burunhalqum Bo’kalar (Destridae); uzunligi 10-18 millimetr, 35 ga yaqin turi bor, tuyoqli hayvonlar paraziti hisoblanadi. O’zbekistonda 4 turi: qo’y bo’kasi (Oestris ovis), tuya bukasi (Cephalopina titilator), rus bo’kasi (Rhincestrus purpureus), o’zbek bo’kasi (Rh. uzbekistanicus), shuningdek kalta Bo’ka (Rh. latifrons) uchraydi. Urg’ochi Bo’kalar tirik qurtini hayvonlar burun bo’shlig’iga sepib ketadi. Qurtlari kelgusi yil bahorigacha nafas yo’lida parazitlik qiladi. Qurtlar odam ko’ziga tushib qolganida miaz, kon’yunktivit paydo qiladi. Teri bo’kalari (Hypermatidae) ning uzunligi 4-12 millimetr, 35 ga yaqin turi ma’lum, shimoliy yarim sharning mo’tadil mintaqalarida tarqalgan. O’zbekistanda 2 turi — ho’kiz bo’kasi (Hyperma bovis) va Janubiy bo’kasi (N. lineatum) tarqalgan. Tuxumlarini hayvonlar yungiga yopishtirib qo’yadi. Qurtlar teri ostida rivojlanadi. Ular bosh yoki ko’zga o’tib qolganida og’ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ba’zan burunhalqum va teri bo’kalari kenja oila sifatida Bo’kalar (Oestridae) oilasiga kiritiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz