BO’KA TUMANI



BO’KA TUMANI — Toshkent viloyati tarkibidagi tuman. Viloyatning Janubiy g’arbiy qismida joylashgan. 1943 yil 18 mayda tashkil etilgan. Shimoli g’arbda viloyatning Oqqo’rg’on, shimoli Sharqda Piskent, Janubda Bekobod tumanlari bilan, g’arbda Sirdaryo viloyatining Oqoltin va Guliston tumanlari, Sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,59 ming kilometr kvadrat. Aholisi 111,8 ming kishi (2001). Bo’ka tumanida 1 shahar (Bo’ka), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Bo’ston, Ko’korol, Namuna, Ravot, Turon, Chig’atoy, Qoraqo’yli, Qo’shtepa) bor. Markazi — Bo’ka shahri. Tabiati. Bo’ka tumani hududi Janub va Janub g’arbga tomon Sirdaryoga kiya tushgan tog’oldi tekisligidan iborat. Iqlimi keskin kontinental, quruq iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -1″ dan -1,5″ gacha, iyulniki 27°. Vegetatsiya davri 210-215 kun. Yiliga 250-350 millimetr yog’in tushadi. Bo’z tuproqlar bilan qoplangan, lyossli tekislikning ko’p qismi o’zlashtirilgan. Daryo terrasalarida allyuvial tuproqlar, Sirdaryo sohillarida to’qayzorlar bor. Ularda chiyabo’ri, quyon, tustovuq uchraydi. Aholisi, asosan o’zbeklar; shuningdek rus, tojik, qozoq, qirg’iz, turk va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometrga 155 kishi. Shaharliklar 20,5 ming kishi, qishloq aholisi 91,3 ming kishi (2001). Xo’jaligi. Bo’ka tumani sanoati kam rivojlangan. Paxta tozalash zavodi, maishiy xizmat ko’rsatish, ta’mirlash, xalq iste’moli mollari ishlab chiqaruvchi kichik korxonalar, avtobazalar, avtobus taksomotor parki bor. Turkiya bilan hamkorlikda qurilgan “Akkummashservis” korxonasi traktor va avtomobillar uchun akkumulyator batareyalari ishlab chiqaradi. 168 kichik korxona, 15 kooperativ korxona mavjud. Qishloq xo’jalik tuman xo’jaligining yetakchi tarmog’i bo’lib, asosan paxtachilik, sabzavotchilik, chorvachilikka ixtisoslashgan. Tuman hissasiga Toshkent viloyati qishloq xo’jalik yalpi mahsulotining 8,2%, paxta yalpi hosilining 15,2%, g’allaning 9,7% to’g’ri keladi (1995). Bo’ka tumanidagi 22 shirkat xo’jaligining 21 tasi paxtachilikka, bittasi bog’dorchilik, tokchilikka ixtisoslashgan, 1 ta xo’jalikaro qishloq xo’jalik korxonasi, 279 fermer xo’jaligi, 206 shaxsiy kichik korxona bor. Umumiy ekin maydoni (tomorqalar bilan birgalikda) 38,7 ming gektar bo’lib, asosan sug’oriladigan yerlardir. Ekin maydonining asosiy qismi paxta, g’alla, sabzavot, kartoshka, yem xashak ekinlari bilan band. Pilla yetishtiriladi. Baliqchilik bilan shug’ullaniladi. Chorvachiligi asosan go’sht-sut yetishtirishga ixtisoslashgan. Tumanda 25,8 ming qoramol, shundan 11,8 ming sigir, 19,9 ming qo’y va echki bor. Bo’ka tumani Toshkent viloyati va respublika tumanlari bilan avtomobil yo’llari orqali bog’langan. 1999/2000 o’quv yilida 52 umumiy ta’lim maktabida 23400 o’quvchi o’qidi. Akademik litsey, musiqa maktabi, Agrokollej, 50 maktabgacha yoshdagi bolalar muassasasi, 48 kutubxona, muzey, madaniyat saroyi, kinoteatr mavjud. Markaziy kasalxona (370 o’rinli), 3 qishloq kasalxonasi, feldsherakusherlik punktlarida 160 vrach, 975 o’rta tibbiy xodim faoliyat ko’rsatadi. “Xalq ovozi” tuman gazetasi (1952 yildan) nashr etiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz