BOJXONA
BOJXONA — 1) boj undiradigan joy; 2) chegara orqali o’tadigan jami yuklarni, jumladan, bagaj va pochta jo’natmalarini nazorat qiladigan davlat muassasasi; o’tkazilayogan yuklarni tekshirish, tartibga solish va rasmiylashtirish, ulardan boj va yig’imlar undirish bilan shug’ullanadi. Bojxona haqidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartib-qoidalarning buzilishini oldini olish, ularga nisbatan choralar ko’rish, surishtiruv va tezkor qidiruv ishlari olib borish, kontrabandaga qarshi kurashish ham Bojxona vakolatiga kiradi. Bojxonalar, odatda, dengiz va daryo portlarida, xalqaro aeroportlarda, temir yo’l stansiyalari, chegara punktlarida joylashadi. Bojxona muassasalari tashqi savdoda mamlakat manfaati ta’minlanishini nazorat qiladi, qimmatbaho boyliklar (san’at asarlari, nodir metallar va boshqalar) ning mamlakat hududidan olib chiqib ketilishining oldini oladi. Dastlabki Bojxonalar savdogarlarga ko’rsatiladigan xizmatlar uchun boj undirish maqsadlarida tashkil etilgan. Qadimgi Xitoyda ipak qurtini tashqariga olib chiqmaslikni Bojxona qat’iy nazorat qilgan. Buyuk Britaniyada 1006 yildan boshlab orolga keltiriladigan har qanday yukdan “qirol haqi” undirilgan. Boltiq dengizini Jahon okeani bilan tutashtiradigan bo’g’ozdan o’tganligi uchun olinadigan “Zund boji” asrlar davomida Daniya qirolligi xazinasini boyitib kelgan. Savdo-sotiq erkinligi va xavfsizligini ta’minlashda Bojxona muhim o’rin tutgan, olib o’tilayotgan tovarga maxsus belgi qo’yilgan va bu tovardan boj olinganini ifoda etgan. O’rta asrlarda karvon yo’llarida, maxsus joylar (ko’priklar, dovonlar hamda shahar tashqarisi va boshqalar)da savdo karvonlaridan boj oluvchi Bojxonalar bo’lgan. O’rta Osiyo hududida Bojxonalar uzoq tarixiy davrda shakllanib kelgan. O’zbekistonda birinchi Patta Hisor Bojxonasi 19-asrning oxirlarida Rossiya imperiyasi O’rta Osiyoni bosib olgandan keyin tashkil etilgan. Bu Bojxona Afg’oniston orqali o’tadigan yuklarni nazorat qilgan. Sobiq Ittifoq vujudga kelgach, bu post Termiz Bojxonasiga aylantirildi. Keyinchalik havo yo’llarining rivojlanishi bilan 1958 yilda Toshkent aeroportida Toshkent Bojxona posti tashkil etildi va u Termiz Bojxonaga bo’ysundirildi. 1959 yil aprelda Toshkent Bojxona posti Bojxonaga aylantirildi. O’zbekiston Bojxona tizimining keyingi rivoji natijasida 1984 yilda Toshkent Bojxonasi tarkibida bo’lgan Tuzel qo’rg’oni (aeroport) va Farg’ona Bojxona postlari barpo etildi. 80-yillar oxiriga kelib, O’zbekistonning iqtisodiy aloqalari kengayishi bilan Bojxona tizimini takomillashtirish zarurati tug’ildi. 1988 yil oktabrda Toshkent Bojxonasi negizida O’zbekiston Respublikasi bojxonasi tuzildi. Bu Bojxonalar respublika organlariga bo’ysunmay sobiq Ittifoq Bojxonasi tarkibiga kirar edi. O’zbekiston o’z mustaqilligini qulga kiritgach, 1991 yil 24 oktabrda O’zbekiston Respublikasi bojxona qo’mitasi tuzildi. Tashki iqtisodiy faoliyatni, Bojxona ishini tartibga soluvchi qonunlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi, ular xalqaro huquq me’yorlari bilan uyg’unlashtirildi. 1997 yil 8 iyulda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan Respublika Bojxona xizmatiga huquqni himoya qilish organi maqomi berildi. 1997 yil 29 avgustda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 9-sessiyasida O’zbekiston Respublikasining “Boj tarifi to’g’risida”, “Davlat bojxona xizmati to’g’risida”gi qonunlari, 1997 yil 26 dekabrda O’zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilindi. Qoraqalpog’iston Respublikasida, barcha viloyatlarda va Toshkent shahrida bojxona xizmati boshqarmalari, qo’shni davlatlar bilan chegara hududlaridagi magistral yo’llarda shu boshqarmalarga qarashli Bojxona postlari faoliyat ko’rsatadi. Respublikada Bojxona organlarining asosiy vazifalari o’z vakolati doirasida O’zbekistonning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash; O’zbekiston Bojxona ishlariga oid qonunchilikning buzilmasligini nazorat qilish; uzrning xalqaro shartnomalardagi Bojxona ishlariga oid bandlarning bajarilib borilishini ta’minlash; kontrabandaga qarshi kurash; Bojxona statistikasi, shuningdek tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish; valyuta nazoratini amalga oshirish, strategik hamda respublika uchun muhim boshqa mahsulotlarni olib chiqib ketilmasligi ustidan nazorat yuritish va boshqalardan iborat. O’zbekiston hududida Bojxonalar faoliyatini uyushtirish va unga rahbarlikni O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi olib boradi. O’zbekiston Respublikasi Jahon bojxona tashkilotiga a’zo (1994). O’tkir Komilov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz