Bo'hton
Tuhmat (jinoyat huquqida) — biror shaxsni obroʻsizlantirish maqsadida ataylab yolgʻon va uydirma gaplar tarqatish. Tuhmat qilish shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, jinoiy javobgarlikka tortishga olib keladi. Bunda aybdor shaxs eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi (Oʻzbekiston Respublikasining JK, 139-modda, 1-qism). Agar T. qilish nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali sodir etilgan boʻlsa, bu ogʻirlashtiruvchi holat sifatida shaxsni toʻgʻridan toʻgʻri jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi. Aybdor shaxs eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi (Oʻzbekiston Respublikasi JK, 139-modda, 2-qism). Agar Tuhmat ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab; ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan holda; xavfli retsidivist tomonidan; gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, aybdor 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi. Shuningdek, shaxs oʻzining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini Oʻzbekiston Respublikasining FK asosida ham himoya qilishi mumkin. Fuqaro oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan, basharti bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga toʻgʻri kelishini isbotlay olmasa, sud yoʻli bilan raddiya talab qilishga haqli. Manfaatdor shaxslarning talabiga koʻra, fuqaroning shaʼni va qadrqimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yoʻl qoʻyiladi. Basharti, fuqaroning shaʼni, qadrqimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan boʻlsa, ayni shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Agarda bunday maʼlumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki qaytarib olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibini sud belgilaydi. Fuqaro ommaviy axborot vositalarida uning huqukdari yoki qonun bilan himoyalanadigan manfaatlarini kamsituvchi maʼlumotlar eʼlon kilinganda u ayni oʻsha ommaviy axborot vositalari orqali chiqib, oʻzini himoya qilish huquqiga ega. Oʻzining shaʼni, qadrqimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar tarqatilgan fuqaro bunday maʼlumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va maʼnaviy ziyonning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqlidir.
Manbalar
uz.wikipedia.org