BO’G’OZLIK



BO’G’OZLIK — urg’ochi hayvon organizmida homilani olib yurish davridagi fiziologik holat. Bu jarayon otalanishdan boshlanib yetuk homilaning tug’ilishi bilan tugaydi. Bo’g’ozlik bir homilali va ko’p homilali bo’lishi mumkin. Bo’g’ozlikning kechishiga qarab fiziologik va patologik turlarga bo’linadi. Fiziologik Bo’g’ozlik ona va homila organizmlarida jarayonlarning me’yorda kechishi bilan tavsiflanadi. Patologik Bo’g’ozlikda ona va homila organizmida fiziologik jarayonlar buziladi va Bo’g’ozlik muddatiga yetmay tugaydi yoki homila nuqsonli tug’iladi. Sigir, biya, tuya va boshqa hayvonlar bo’g’ozligi 5-6 oyligidan biqinini paypaslab va to’g’ri ichakka qo’l tiqib aniqlanadi. Bunda bola qattiq va qo’zg’aluvchan tuyuladi, emchakda sirachsimon modda hosil bo’ladi. Bo’g’ozlikning so’nggi davrida elin kattalashadi. Quy, echki, cho’chqa, it va boshqa mayda hayvonlar bo’g’ozligi biqinini paypaslab va laboratoriyada qon, siydik, sut, yungida serologik, biologik va kimyoviy o’zgarishlarni tekshirish asosida aniqlanadi. Bo’g’oz hayvonlarda tsiklik kuyukish alomatlari yo’qoladi. Hayvonlar yuvosh, ehtiyotkor bo’lib, tez yurmaydi, ishtahasi ochiladi. Bo’g’ozlikning so’nggi davrida hayvon ozib, qornining o’ng tomoni nomutanosib o’zgaradi, shoxlarining asosi ingichkalashadi. Bo’g’ozlikning normal borishi uchun bo’g’oz hayvonlarni toza, yengil ozuqa bilan boqish, qishda sovuq suv ichirmaslik kerak. Sigirlarning tug’ishiga 1,5—2 oy qolganda sog’ishni to’xtatib, tagiga qalin to’shama solib turiladi. Ish hayvonlari og’ir ishda ishlatilmaydi. Ermuhammad Toshpo’latov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz