BOGOTA
BOGOTA, Santa-Fe-de-Bogota — Kolumbiya poytaxti. Sharqiy Kordilera tog’larining g’arbiy yon bag’ridagi soylikda (2500 metr) joylashgan. Kundinamarka departamenti ma’murii markazi, alohida ma’muriy birlik — poytaxt okrugini tashkil qiladi. Aholisi 6 milliondan ortiq (1997, shahar atrofi bilan). Muhim transport yo’llari tuguni. Xalqaro Eldorado aeroporti bor. Eng issiq oyning o’rtacha temperaturasi 15°, eng sovuq oyniki — 14°. Bogotaga 1538 yilda ispanlar asos solgan. 1598 yildan ispan general kapitanligining, 1739 yildan yangi Granada vitse-Qirolligining poytaxti. 1819 yilda Bogota ispanlardan ozod qilindi va yangi Kolumbiyaning poytaxtiga aylantirildi. 1831 yildanYangi Granadaning, 1863 yildan Kolumbiya Respublikasining poytaxti. Bogota mamlakatning iqtisodiy, siyosiy, madaniy va savdo markazi. Oziq-ovqat, to’qimachilik, poyabzal, tikuvchilik, elektrotexnika, poligrafiya, mashinasozlik, farmasevtika, kimyo va boshqa sanoat korxonalari bor. Bogota yaqinida rezina shinalar va soda ishlab chiqariladi, Zumrad olinadi. Ispanlar mustamlakachiligi davrida va undan keyin qurilgan bir necha me’moriy yodgorliklari saqlangan: katta sobor (1823 yilda qurib bitkazilgan), SanFransisko sobori (1569-1622), Milliy Kapitoliy binosi (1847-1926) va boshqalar. Bogotada. oliy o’quv yurtlari, jumladan Kolumbiya milliy unstituti va boshqa universitetlar, Kolumbiya akademiyasi, Milliy muzey, Milliy arxeologiya va etnografiya muzeyi, mustamlaka davri san’ati muzeyi, Oltin muzeyi (indeyslarning qadimgi oltin buyumlari), Milliy kutubxona, astronomiya rasadxonasi bor.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz