BOG’OT
BOG’OT — Xorazm viloyatidagi qishloq. Boyut tumani markazi. Bog’ot shimoli g’arbda xo’jalik, Janubi Sharqda Beshariq qishloqlariga yondosh. Yaqin temir yo’l stantsiyasi Xonqadan 12 kilometr. Bog’otdan Urganchgacha 30 kilometr. Aholisi 8,8 ming kishidan ziyod (2000). Tarixiy manbalardan Bog’ot 2000 yillik tarixga ega ekanligi ma’lum. Bog’ot Janubdagi Qal’ajiq (Dovudqal’a) dan topilgan buyumlar milod boshlariga oidligi aniqlangan. Bu qal’a “Buyuk ipak yo’li”da joylashganligi sababli iqtisodiy, ijtimoiysiyosiy hayotda katta rol o’ynagan. Hozirgi kungacha qal’aning g’arbiy qismi mahalliy aholi o’rtasida “Cho’yanbozor” deb yuritiladi. Hozirda qal’aning ayrim qismlarigina saqlanib qolgan. Bog’otda to’qimachilik, tikuvchilik fabrikalari, paxta tozalash zavodi, non mahsulotlari kombinati, MTP va boshqa sanoat korxonalari mavjud. Bog’ot hududidan Urganch — Hazorasp, Xiva — Hazorasp avtomobil magistrallari o’tgan. Bog’otda 19- asr oxirlarida katta karvonsaroyli bozor bo’lgan. Bozor ochiq hovlidan iborat to’rtburchak shakdda qurilgan, rastalari yopiq bo’lib, burchaklarida salobatli gumbazlari bo’lgan. Paxsa devorli va asosi mustahkam bo’lmaganidan saqlanmagan. Bozor atrofida kosib va hunarmandlarning kichik uylari qurilgan. Bog’ot 1970 yildan so’ng bosh reja loyihasiga ko’ra rivojlanib bormoqsa. Madaniyat saroyi, yoshlar uyi, musiqa maktabi, mehmonxona, Markaziy kasalxona binolari, ishlab chiqarish binolaridan to’quv va tikuvchilik fabrikalari, non kombinati, ochiq va yopiq “Navro’z” bozori majmuasi, “Xumo” choyxonasi, “Baxt uyi”, 300 o’rinli tennis korti kabi jamoat binolari mavjud. 4 ommaviy va bolalar kutubxonasi, musiqa maktabi, 3 umumiy ta’lim maktabi, kattalar ta’lim markazi, bolalar va o’smirlar ijod uyi, 6 maktabgacha bolalar muassasasi, istirohat bog’i, sport va sog’lomlashtirish majmui faoliyat ko’rsatadi (2000).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz