BO’G’MA ILONLAR



BO’G’MA ILONLAR (Boinae) soxta oyoqlilar oilasiga mansub ilonlar kenja oilasi. Hozirgi ilonlar orasida eng yiriklari shu oilaga kiradi. Uzunligi 0,5 metrdan 11 metrgacha. Boshqa ilonlardan ko’z kosasi ustidagi suyagining bo’lmasligi bilan farq qiladi. 16 urug’i, 38 turi ma’lum. Janubiy Amerika, Janubiy G’arbiy va shimol Amerika, Afrika, Madagaskar orollari, Markaziy va G’arbiy Osiyo, Malayya arxipelagida tarqalgan. Daryo va ko’llar sohili yaqinidagi o’rmon va chakalakzorlarda yashaydi. Faqat Sharq bo’g’ma iloni (Eryx tartricus) va qum bo’g’ma iloni (Eryx miliaris) ochiq cho’l va dashtlarda, eng yirik ilon — anakonda suvda hayot kechiradi. Bo’g’ma ilonlar zaharsiz. Og’zi katta ochiladi, muskullari kuchli, dumi qisqa, o’pkasi ikkita. Bo’g’ma ilonlar tungi hayvon, ko’zlari kechasi ko’rishga yaxshi moslashgan. O’ljasini poylab kulcha bo’lib oladi. O’ljani sezgan Bo’g’ma ilonlar boshini ko’tarib, tilini tez-tez chiqara boshlaydi, yo’lidagi narsalarni tili bilan paypaslab o’ljasiga tomon o’rmalab keladi. O’ljasiga yaqinlashgach dumi va tanasini yig’ishtirib, yana kulcha bo’lib oladi. So’ngra og’zini katta ochib o’ljaga tashlanadi va tanasini halqa qilib uni o’raydi. Ilon o’ldirilgan o’ljani boshidan boshlab asta-sekin yuta boshlaydi. Oshqozonga tushgan ovqat 3-4 kun davomida hazm bo’ladi. Bu davrda qimir etmasdan yotadi. Bo’g’ma ilonlar ovqatsiz bir necha oy yashay oladi. Bo’g’ma ilonlar tirik tug’adi. Ko’pchilik turlari daraxtlarda va nam joylarda hayot kechiradi. Bo’g’ma ilonlar asosan umurtqali hayvonlar bilan oziqlanadi. Yirik Bo’g’ma ilonlar kiyik va to’ng’izlarni yutishi mumkin. Mayda qum Bo’g’ma ilonlar kalamush va sichqonlarni tutib yeydi. Asl Bo’g’ma ilonlar Constrictor urug’iga kiradi. Asl Bo’g’ma ilonlarning yagona turi oddiy bo’g’ma ilon, ya’ni boa. Bo’g’ma ilonlar, odatda, odamga hujum qilmaydi. Ularning yog’ va go’shti ovqatga ishlatiladi. Terisi jomadon, sumka va poyabzal tikishda qo’llaniladi. Ayrim Bo’g’ma ilonlardan sichqon, kalamush kabi ombor zararkunandalarini qirishda foydalaniladi. 8 turi va kenja turlari Xalqaro qizil kitobga kiritilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz