BOG’LOV



BOG’LOV — singan, chiqqan, lat yegan, tirnalgan, yorilgan, jarohatlangan a’zolarni ifloslanish va boshqa ta’sirlardan saqlash, shuningdek gavdaning biror qismini qimirlamaydigan qilib qo’yish va bosib turish uchun qo’llaniladigan vosita. Bog’lovlar qattiq va yumshoq hamda oddiy va murakkab bo’ladi. Mahkamlovchi, bosuvchi, taxtakachlovchi, qotiruvchi va shina Bog’lovlar bor. Mahkamlovchi Bog’lovning plastirli, yelimli va bintli turi ko’p ishlatiladi. Bog’lovlar boshoqsimon, sakkizsimon, spiralsimon va hokazolar shaklda bo’ladi. Ular jarohatni toza saqlash, yara seli va yiringni shimish, shikastlangan to’qimaga shifobaxsh ta’sir ko’rsatish, infektsiyaga qarshi kurashish maqsadida ishlatiladi. Bog’lov tayyorlashda turli bog’lov materiallaridan foydalaniladi. Dokadan salfetka, bint va tamponlar tayyorlanadi. Yaraga bevosita bog’lanadigan Bog’lov materiallari sterillangan bo’lishi lozim. Gigroskopik bo’lmagan paxtani isituvchi kompresslarda ishlatish, shina ostiga qo’yish yoki gips Bog’lovda qo’llash mumkin. Sterillangan va sterillanmagan Bog’lov materiallari: salfetka, bint, paxta o’rami, bog’lov paketi va boshqa dorixonalarda sotiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz