BOG’I BOBUR



BOG’I BOBUR — Kobul shahrida Bobur barpo etgan bog’ (1515-20). Bog’i Bobur shaharning Sherdarvoza tepaligi yon bag’ridagi bir necha ga maydonni egallagan nihoyatda xushmanzara, obod, shahar aholisining oromgoh va ziyoratgoh joyi. Har yili 21 mart (Navro’z kuni) da ko’chat o’tqazish marosimi shu Bog’dan boshlanadi. Bog’da Bobur maqbarasi, uning yonida Boburning kichik o’g’li Hindol, nevaralari: Ruqiya Sulton begim, Hakim Mirzo va boshqa avlodlarining qabrlari joylashgan. Bog’ ichida oq marmardan ishlangan kichik masjid, maktab, jismoniy mashq maydonchalari, hovuz, obod choyxona va supalar bor. Mevali daraxtlar va gullar hamda Bobur davridan qolgan Azim chinorlar bog’ning ko’rki. Bog’i Boburning atrofi kungurador devor bilan qurshalgan. Bobur Bog’i Boburdan tashqari Afg’oniston va Hindistonda O’rta Osiyo an’analari asosida o’nlab bog’lar bunyod etgan (bog’i Kalon, bog’i Vafo, Zarafshon bog’, Dilorom bog’, orom bog’ va boshqalar). Bu bog’lardagi ariqlar tekis va to’g’ri olinib, daraxtlar tartib bilan o’tqazilgan. Gullar ekilib, atrofiga mayda rangdor toshlar terilgan. Hindiston va Afg’onistonda bo’lmagan o’simlik va daraxtlar Movarounnahrdan olib borilgan. Afg’onistonda uzoq yillar davomida bo’layotgan fuqarolar urushi tufayli Bog’i Boburga birmuncha zarar yetdi. Andijon shahrining Janubi sharqida — Bog’ishamolda Bog’i Boburning ramziy shaklida maxsus bog’ bunyod etildi. Ushbu bog’ ham Kobul shahridagi bog’ga taqlidan Bog’i Bobur deb yuritiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz