BOG’ TUZISH SAN’ATI
BOG’ TUZISH SAN’ATI, bog’dorlik san’ati — xiyobon, bog’, Park, chorbog’ va boshqa ko’kalamzorlashtirilgan joylar yaratish san’ati. Me’moriy rejasi, tarkibidagi ko’shklari, hovuzlari, xilma xil daraxtlari, chamanlari bilan me’morlikda alohida o’rin tutadi. Doim o’z tusini o’zgartirib turuvchi yirik dovdaraxtlarning tabiat hamda badiiy ijod bilan uyg’unlashuvi Bog’ tuzish san’atining o’ziga xos xususiyatidir. Bog’ tuzish san’atida mahalliy iqlim, bo’rtma tasvir, haykallar, kichik shakllar me’morligi va boshqalar muhim rol o’ynaydi, shular bilan dov-daraxtlar, turli inshootlar, suv havzalari, xiyobonlar hamda har xil gul va o’simliklar ekish, ularni parvarish qilish asosiy mezon hisoblanadi. Bog’ tuzish san’atida yaratiladigan rangbarang mujassamotlarni 2 asosiy turga — muntazam va manzarali (tabiiy manzaraga taqlidan) bog’larga ajratish mumkin. Ular dastlab saroy, qo’rg’on, ibodatxonalar tarkibiy qismi sifatida yaratilgan. Qadimgi Misrda bog’lar muntazamligi bilan ajralib turgan; mujassamot markazi bo’lgan bosh bino to’g’ri xiyobon orqali darvoza bilan bog’lanib, bog’ hududini (har birida hovuz bo’lgan) teng ikki bo’lakka ajratgan. Qadimgi Mesopotamiyada rivoj topgan manzarali bog’lar (miloddan avvalgi 7-asr) o’zaro zinalar bilan bog’langan tepaliklarda bunyod etilgan (dunyodagi yetti mo’jizaning biri bo’lgan Semiramida osma bog’lari), sayr etish va ov qilishga mo’ljallangan yirik qo’riqxonalari ham bo’lgan. Yunonistonda qurilgan ibodatxonalar atrofi simmetrik tarzda ekilgan daraxtlar bilan o’ralgan. Miloddan avvalgi 5-asrdayoq qator ustunlar va haykallar bilan bezatilgan muntazam bog’lar barpo etish rasm bo’lgan. Bunday bog’larda janglarda halok bo’lgan qahramonlar xotirasiga sport musobaqalari o’tkazilgan. Qadimgi Rim Bog’ tuzish san’atida ustunlar qatori bilan o’ralgan, tabiat manzaralari va me’moriy shakllar o’zaro bog’langan, sun’iy suv havzalari, favvoralar qurilib, shuningdek daraxt va butalar, haykallar, kichik shakldagi ko’shk va Pergolalar bunyod etilib, pog’onasimon gulchirmashgichlar va o’simliklar bilan qoplangan bog’lar muhim rol o’ynagan. O’rta Osiyo xalqlari Bog’ tuzish san’atida qadimgi tajriba va an’analarga ega. Dastlabki bog’lar me’morligi asosan xom g’isht, paxsa va sinchkor imoratlardan iborat bo’lgan, davrlar o’tishi bilan buzilib ketgan. O’zbek dostonlarida, qadimgi miniatyura rasmlaridagi turli jannatmakon bog’lar, ular o’rtasidagi ajoyib ko’shkkoshona, hovuz-favvoralar ta’rifidan qadimgi bog’lar tuzilishini o’rganish mumkin. Arab sayyohlari O’rta Osiyo shaharlari bog’larga burkanganligini ko’rib hayratda qolganlar, hatto Samarqand shahrini Arab xalifaligining eng go’zal bog’i deb ta’riflaganlar. Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” (10— 11-asrlar) da Mansur ibn Nuh (961 — 976) davridagi Buxoro bog’lari haqida qisqa ma’lumot qoldirgan: “Jo’yi Muliyonning jannatni eslatuvchi go’zal maqomidan ko’ra yaxshiroq biror joy va manzil Buxoroda yo’q edi. Chunki uning hamma joyi saroylar, bog’lar, gulzorlar va bo’stonlar bilan qoplangan. Doimiy oqib turuvchi suvlar bilan ta’minlangan. Uning chamanzorlari bir-birlariga tutashib ketgan va ularning oralaridan ariqlar o’tib, ming tarafga qarab oqar edi”. Narshaxiy yana Malik Shamsulmulk (11-asr) Buxoroning Ibrohim darvozasi yaqinida Shamsobod nomli go’zal bog’lar, qasrlar me’moriy majmuoti yaratganini yozadi. Amir Temur davrida barpo etilgan Samarqand atrofidagi bog’larning tuzilishi o’ziga xos bo’lgan. Bog’lar ikki xil ko’rinishda barpo etilgan. Bir toifadagi bog’lar muntazam reja asosida barpo qilingan bo’lib, gul va dov-daraxtlar aniq tartib bilan o’tqazilgan. Bu turdagi bog’lar tepa yon bag’rida zinapoyasimon qilib barpo qilingan. Ikkinchi toifadagi bog’lar qo’riqxonaga o’xshash bo’lib, tabiiy daraxtzorlardan foydalanilgan, umumiy maydoni esa qisman obodonlashtirilgan (bog’i Jahonnamo shunday bog’lardan edi). Bog’larning teng tomonli yoki to’rtburchak maydonlari baland devorlar bilan o’rab olinardi, kiriladigan asosiy darvoza ravoqli qilib ishlangan va koshin bilan bezatilgan. Darvoza burchaklarida guldastalar bo’lgan. Bizgacha yetib kelgan “Irshod azziroa” risola (16-asr boshi, Hirot) da Temuriylar davri tajribasi umumlashtirilgan. Risolaning bir bobida chorbog’ — to’rt bo’lakdan iborat bog’ni barpo qilish qoidalari (“ko’chat, gul, daraxt, muattar o’tlar o’tqazish, chorbog’ga tartib berish va uni barpo qilishda izchillikka rioya qilish”) bayon etilgan. Unda asosiy bino yoki saroyni bog’ning Janubiy tomoniga qurish zarurligi ko’rsatilgan. Teng tomonli yoki to’rtburchakli qilib rejalashtirilgan bog’ning umumiy maydon atrofi devor bilan o’ralib, ichkari tomonda devordan bir oz naridan ariq o’tkaziladi. Ariq bo’ylab uning devor tarafiga oq terak (“Safidori Samarqandiy”), bog’ tarafiga esa gulsafsar ekiladi. Ariqqa yondosh qilib yo’lka quriladi. Undan ichkariroqqa o’rik ko’chatlari qizg’ish gullaydigan shaftoli bilan navbatma-navbat qilib o’tqaziladi, so’ngra tokzorlar tiklanadi. Chorbog’ning o’rtasidan katta ariq o’tkazilib, undan irmoq orqali chiqarilgan suv saroy binosi oldidagi katta hovuzga kelib quyilgan. Hovuz atrofi bo’znoch, gulsafsar, Gulira’no kabi manzarali o’simliklar va gullar bilan bezatilgan. Katta ariq bo’ylab ikkita yonlama yo’lka olinib, ularning har ikki tarafidagi to’rtburchak maydonlar chorchamanmaysazorlarga bo’lingan. Birinchi maysazorga tok, ikkinchisiga — behi, uchinchisiga — shaftoli va to’rtinchisiga — nok ko’chatlari o’tqazish lozim bo’lgan. Har bir chamanzorda shakl berilgan gulzor (gazon) tartib qilingan: birinchisiga — binafsha, gulsafsar, atirgul, za’far, nargis; ikkinchisiga — bog’ va tog’ lolasi, oddiy va dasht gulsafsari, havorang yasmin, sariq sallagul, sariq binafsha; uchinchisiga turli nav atirgullar; to’rtinchisiga — sariq va oq yasmin, liliya, qalampirgul, sariq gulsafsar, Xitoy lolasi, gulidovud (guli javhar) ekilgan. Bu gullar shunday tanlab olinganki, ular erta bahordan kuzgacha navbat bilan almashinib har turli vaqtda gullagan. Binolar atrofiga chinor va bedona tut, Sharq tarafdan uylarga yaqinroq qilib olcha va gilos, shim.ga qaragan old tomonining o’rtasiga qizil sallagul ekilgan. Me’moriy tuzilgan bog’larda suv inshootlari — ariq, hovuzlarga alohida ahamiyat berilgan. Hovuzlardan bittasi katta, qolganlari turli hajmda va shaklda — murabba, ko’p burchakli, kungurali, ko’pincha o’rtasida favvorasi bo’lib, zinapoyasimon (terrasali) bog’larda pog’onali sharshara (kaskad)lar ham hosil qilingan. Bog’ barpo qilishda ko’p hollarda oldindan daraxt ekib ancha obod qilib qo’yilgan joylar tanlab olingan. Keyin ularga reja asosida tartib berilgan. 15-16-asrlarda Temuriylar saltanati davrida Afg’oniston, Hindiston, Eron, Turkiya kabi mamlakatlarda Bog’ tuzish san’ati yanada rivojlandi. Bog’i Jahonoro, Bog’i Zog’on, Bog’i Nav, Bog’i Zubayda, Bog’i Bobur, Bog’i Dilorom, Bog’i Kalon, Bog’i Orom, Bog’i Safed kabi bog’lar barpo etildi. 17-19-asrlarda Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklarida shahar tashqarisida chorbog’lar (chorbog’i gul, Fatxoboddagi Bog’i Shamol, Chorbog’xosa, Akrombek bog’i, “Zulmobod” saroyi, Rahmonqul lashkarboshi bog’i, Abdusattor lashkarboshi bog’i, qozi Kalon Badriddin bog’i, Barodbek bog’i, Sitorai Mohi Xosa, Xivada qibla toza bog’, Rofanik va boshqalar) barpo etilgan. Sharqda Bog’ tuzish san’ati an’analari asosida barpo etilgan Eron bog’larini yunonlar “paradiza” (jannat) deb ataganlar. Bu bog’lar o’rtasida hovuz bo’lib, unda g’oz va oqqushlar suzib yurgan. Bog’ni kesib o’tgan anhordan ariqlarga suv oqqan, ba’zi ariqparda sun’iy sharsharalar hosil qilingan. Daraxt va gullar tartib bilan o’tqazilgan. Qadimda eng ajoyib va orombaxsh bog’larni arablar yaratgan. Ular S’erraneva (Ispaniya)da tog’ suvlaridan foydalanib, toshli yerlarni bog’-bo’stonga aylantirganlar. Quyuq soyali sarv, buksus, sada, xurmo daraxtlari o’tqazganlar. Hovuzlar atrofiga o’yma naqshli kursilar qo’yilgan. Ba’zi gul va ko’kat ko’chatlari katta tosh idishlarga ekilgan. Yo’laklar gulzorlardan balandroq bo’lgan. Hovuzlardagi suv kichik sharsharalar hosil qilib ariqlarga tushgan. Ariq va hovuzlar tagiga turli rangdagi koshinlardan naqshlar ishlangan. Alhumro saroyi, Generalif kabi bog’lar saqlanib qolgan. Uzoq Sharq (Xitoy, Yaponiya, Koreya) da manzarali bog’lar keng rasm bo’lgan. Unda tabiiy manzaralardan, kichik shakllar me’morligidan, pastak dov-daraxtlardan, yumaloq-yassi toshlar yordamida xushmanzara bog’lar yaratilgan. Yevropada Bog’ tuzish san’ati Sharq an’analari ta’sirida rivojlandi. Uyg’onish davrida Italiyada notekis joylarda haykal, kichik shakllar me’morligi, zina, sharshara va boshqalardan foydalanilgan. Mujassamot markazi bo’lgan bosh bino va boshqalar bilan birgalikda aniq reja asosida muntazam bog’lar barpo etilgan (me’morlar J. Viiola, P. Ligorio va boshqalar). 17-18-asrlar Frantsiya, Angliya va boshqa davlatlarda manzarali bog’lar qat’iy xandasiy shaklidagi reja bo’yicha muntazam bog ansambllari (Frantsiyadagi Versal bog’i va boshqalar, me’mor A. Lenotr) yaratildi. Bunda saroy binolari bog’ mujassamoti markazi bo’lib, hovuz, kanal va favvoralar, haykal, kichik shakllar me’morligi, xiyobon, gulzor va daraxtzorlar uyg’unlashtirilib yaxlit me’moriy inshoot yaratilgan. 18— 19-asrlarda Rossiyada ham Bog’ tuzish san’ati yuksaldi. Ayniqsa saroy bog’ ansambllari keng rivojlandi: Letrodvores, Tsarskoe selo (Pushkin)dagi Ekaterina bog’i, Pavlovskdagi manzarali bog’lar jahon Bog’ tuzish san’atining eng yaxshi namunalaridandir. 20-asrdan Bog’ tuzish san’atining yangi turlari vujudga keldi (sport bog’i, oymoma bogi, ko’rgazma bog’i va boshqalar). Ommaviy dam olish uchun shahar bog’lari yaratildi (Nyuyorqdagi Markaziy bog’, Myunxendagi olimpiya majmuaviy bog’i va boshqalar); turli maqsadlarda foydalaniladigan bog’lar (bolalar, hayvonot, o’simliklar, memorial inshootlar majmuaviy bog’i va boshqalar), o’rmonzor ichidagi bog’lar (Kiyevdagi Golosiv o’rmonida, Vilnyusdagi Vingis, Moskvadagi Izmaylov bog’i va boshqalar), sun’iy ko’l qirg’oqlarida va suv omborlarida (Irkutskdagi “Yoshlar oroli”, Kiyevdagi Dnepr gidroparki va boshqalar) barpo etilgan bog’lar. O’zbekistonda dastlabki madaniyat va istirohat bog’i 1882 yilda Toshkentda barpo etildi (keyingi yillarda bu bog’ bolalar madaniyat va istirohat bog’iga aylantirilgan). Bu yerda turli ko’rgazmalar: sanoat, qishloq xo’jalik ko’rgazmasi va ilmiy ko’rgazma (1890), Turkiston suratlar (fotografiya) ko’rgazmasi (1899) va boshqalar o’tkazilgan. Botanika bog’i (1922) sobiq general-gubernator bog’i hududida. Bobur bog’i (1932) to’qimachilik kombinati xodimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan. Andijondagi hozirgi Alisher Navoiy bog’i Ro’zioxunboyning xususiy chorbog’i (1880) o’rnida barpo qilingan. 1960-80 yillarda O’zbekistonda tashkil etilgan Madaniyat va istirohat bog’lari asosan bir xil qolipda, uzoq yashaydigan manzarali daraxtzorlardan iborat bo’lib, ularda ommaviy-siyosiy, madaniy-maishiy, jismoniy tarbiya va sog’lomlashtirish ishlari olib borilgan. Yozgi kinoteatr, teatr, qiroatxona, o’yin avtomatlari, umumiy ovqatlanish xonalari bo’lgan. 1991-96 yillarda Madaniyat va istirohat bog’lari shaharning bosh rejasiga muvofiq maxsus loyihalash ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan qayta ta’mirlanish va yangilarini yaratish loyihalari ishlab chiqildi (Toshkentdagi xalq xo’jaligi yutuqlari ko’rgazmasi, Mustaqillik maydoni, Farg’onadagi Navoiy bog’i va boshqalar). O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakat shahar markazlarida iqlimi, manzarasi, shaharsozlik va iqtisodiy sharoiti hisobga olinib, o’simliklar, manzarali va mevali bog’lar suv qurilish inshootlari, sun’iy havzalari, kanallari, favvora, hovuzlar qadimgi milliy an’analarni rivojlantirgan holda barpo etilmoqda. Po’lat Zohidov, Muhammadamin Rasulov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz