BOG’ O’RMON IHOTAZORLARI
BOG’ O’RMON IHOTAZORLARI — mevali bog’lar, uzumzorlar va boshqa mikroiqlimini yaxshilash va tabiatning zararli omillaridan saklash uchun ular atrofiga belbog’ usulida, bog’ ichida karta chegaralari bo’ylab barpo etiladigan daraxtzorlar. Bog’ o’rmon ihotazorlari shamol tezligini susaytiradi, qishda bog’larni qor quyunlaridan asraydi. Bu esa mevali daraxtlarning yaxshi o’sib, rivojlanishi, hosildorligining oshishiga ta’sir ko’rsatadi. Bog’ o’rmon ihotazorlari bog’ning chegarasi bo’ylab (2-3 qatorli to’rsimon tuzilishda) asosiy va ichki maydonchalar bo’ylab (1-2 qatorli yarim panjarasimon tuzilishda) ichki yordamchi ihotazorlardan tarkib topadi. Ichki ihotazor asosan o’zaro 300-400 metr oralig’ida joylashtiriladi. Ihotalar tutashgan joylarda 8-12 metr enlikda ochiq joylar qoldiriladi. Qator oraliqlari 2,5—3 metr, qatordagi daraxtlar oralig’i 1,5—3 metr bo’ladi. Bog’ o’rmon ihotazorlari bog’ barpo etishdan 2-3 yil ilgari har bir mintaqaga mos tez o’sadigan, ildiz bachki chiqarmaydigan daraxt ko’chatlari (terak, qayrag’och, zarang, uchtikan va boshqalar) ekiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz