Bofort dengizi




Bofort dengizi (/ˈboʊfərt/; fransuzcha: Mer de Beaufort, Iñupiaq: Taġiuq) — Shimoliy Muz okeanining chekka qismida joylashgan dengiz. Shimoli-gʻarbiy hududda, jumladan Yukon va Alyaskaning shimoliy qismida hamda Kanada Arktika arxipelagidan gʻarbda joylashgan. Dengiz gidrograf ser Frencis Beaufort sharafiga shunday nomlangan. Kanadadagi eng uzun Makkenzi daryosi Tuktoyaktukdan gʻarbroqda joylashgan Bofort dengizining Kanada bilan tutash boʻlgan qismiga borib quyiladi. Bu hudud dengiz qirgʻogʻidagi bir nechta doimiy aholi punktlaridan biri hisoblanadi.

Ogʻir iqlimi bilan ajralib turadigan dengiz yilning asosiy qismida muzlagan holatda boʻladi. Tarixiy jihatdan, 100 km (62 mi) ga qadar tor dovon yoʻlidagi muzlar faqatgina avgust-sentyabr oylarida qirgʻoqlari yaqinidagi qismlarigina erigan holatda boʻlgan. Ammo soʻnggi yillarda Arktikadagi iqlim oʻzgarishi tufayli yoz oxirida muzsiz hudud sezilarli darajada kengaygan. Yaqin vaqtgacha Bofort dengizi Arktika dengiz muzini toʻldirish uchun muhim suv ombori vazifasini oʻtab kelgan. Dengiz muzi koʻpincha Bofort dengizining asosiy okean oqimi boʻlgan Bofort Girasida bir necha yil davomida aylanib, mustahkam va qalin koʻp yillik muz hosil qilgan.

Dengiz sohilida taxminan 30 000 yil oldin aholi yashagan degan daʼvolar toʻliq tasdiqlanmagan; hozirda bu hududdagi aholi zichligi juda past koʻrsatkichga ega. Dengiz shelfida katta miqdordagi neft va tabiiy gaz zaxiralari mavjudligi aniqlangan, masalan, Amauligak koni shular jumlasidandir. Kon 1950—1980-yillar oraligʻida aniqlangan va oʻsha davrning soʻnggi qismidan boshlab ularni oʻrganish hududdagi insonlarning asosiy mashgʻulotiga aylangan. Anʼanaviy baliqchilik, jumladan, kit va tyulen ovlash faqat mahalliy hududlarda amalga oshiriladi. Mazkur mashgʻulot turi tijorat ahamiyatiga ega emas. Shu sababli dengizga beluga kitlarining katta koloniyalari doimiy tarzda kelib turadi va ularning koʻpayishiga antropogen omili taʼsir qilmaydi. Oʻz dengiz hududida haddan tashqari koʻp miqdorda baliq ovlashning oldini olish maqsadida AQSh 2009-yil avgust oyida ehtiyotkor tijorat baliqchilikni boshqarish rejasini amalga oshirdi. 2011-yil aprel oyida Kanada hukumati Inuvialuit bilan okeanlarni boshqarish boʻyicha katta rejani ishlab chiqishda birinchi qadam sifatida oʻzaro kelishuv memorandumini imzoladi. Kanada hukumati 2014-yil oktyabr oyida Bofort dengizida hech qanday yangi turdagi tijorat baliq ovlash ishlari, toki Inuvialuitga barqaror zaxiralar holatini koʻrsatmaguncha amalga oshirilmasligini eʼlon qildi.

Kanada hukumati Bofort dengizining qirgʻoqlarini „dengizdagi qoʻriqlanadigan hududlar“ (MPA) deb belgilagan. MPA Amundsen koʻrfazidagi Parry yarim orolini oʻrab olgan hamda Tarium Niryutait MPA qismi Makkenzi daryosi deltasi va estuariyasi hududida joylashgan. Himoya qilinadigan hududlar Inuvialuit jamoasi uchun jonivor turlari va yashash joylarini himoya qilish maqsadida ajratib qoʻyilgan.

Hajmi



Xalqaro gidrografiya tashkiloti Bofort dengizining chegaralarini quyidagicha belgilaydi:

Shimolda. Point Barrow va Alyaskadan, Lands End, Shahzoda Patrik oroligacha boʻlgan hududni (76°16′N 124°08′W / 76.267°N 124.133°W / 76.267; -124.133 G O);
Sharqda. Lands Enddan Shahzoda Patrik orolining janubi-gʻarbiy qirgʻogʻi orqali Griffiths-Pointgacha, hamda u yerdan Banks orolining shimoli-gʻarbiy chekkasi boʻlgan Cape Prince Alfredga, uning gʻarbiy qirgʻogʻi orqali esa Cape Kelletga, janubi-gʻarbiy nuqta esa Baturst burnigacha boʻlgan hududni qamrab oladi (70°36′N 127°32′W / 70.600°N 127.533°W / 70.600; -127.533 G O).

Chegara qismlari




Kanadaning Yukon hududi va AQShning Alyaska shtati chegara qirgʻoqlaridan boshlanuvchi Bofort dengizidagi xalqaro chegarada xanjar shaklidagi hudud bilan bogʻliq hal qilinmagan nizo mavjud. Kanada dengiz chegarasi gʻarbidagi 141-meridian boʻylab 370 km gacha boʻlgan Alyaska-Yukon quruqlik chegarasidan biroz uzoqlikdagi maydonni, oʻz hududiga qarashli deya daʼvo qiladi. Amerika Qoʻshma Shtatlarining fikricha esa, chegara chizigʻi qirgʻoqqa 370 km masofada perpendikulyar tushib, qirgʻoqdan teng uzoqlikdagi masofada joylashgan. Bu farq taxminan 21,000 km (8,100 mi²) maydonni tashkil etadi, hamda, koʻp yillar davomida mazkur hududga har ikkala davlat daʼvo qilib kelgan.

Kanadaning joylashuvi va AQSh bilan oʻzaro chegaralar Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyasi oʻrtasidagi Sankt-Peterburg shartnomasida (1825) belgilab qoʻyilgan. Kanada ushbu shartnoma boʻyicha Buyuk Britaniyaning vorisi hisoblanib, shartnomada quyidagicha yozilgan:

Demarkatsiya chizigʻi Gʻarbiy uzunlikning 141-darajasi kesishish nuqtasida qirgʻoqqa parallel joylashgan togʻlar choʻqqisiga qadar boradi soʻngra, koʻrsatilgan kesishish nuqtasidagi Meridian chizigʻidan Muz okeaniga qadar choʻzilgan

— 3-modda, „Buyuk Britaniya va Rossiya oʻrtasidagi Amerikaning shimoli-gʻarbiy sohilidagi tegishli hududlarning chegaralari va Tinch okeanida navigatsiya toʻgʻrisidagi konvensiya“, 1825-02-16, 75 CTS 95[16]
Kanada hududi ushbu shartnomaga koʻra, quruqlikdan Bofort dengiziga meridian boʻylab choʻzilishi lozimligi taʼkidlanadi. Amerika Qoʻshma Shtatlari esa bu kengaytmani rad etgan va uning oʻrniga teng masofaga asoslangan chegara chizigʻini taʼkidlaydi. Ammo AQShning pozitsiyasi 1867-yilda shunga oʻxshash shartnoma matni va Alyaskani sotish shartnomasi boʻyicha shunga oʻxshash talqinni qabul qilgandagi holat bilan biroz farqli hisoblanadi. AQSh ham, Kanada ham 1958-yildagi kontinental shelf toʻgʻrisidagi konvensiyaga rioya qilishga rozi; ikkala mamlakat ham chegara Xalqaro Sud tomonidan belgilab qoʻyilgan talablarni bajarishga tayyor ekanligini maʼlum qilgan. AQSh rasmiylarining taʼkidlashicha, „Teng masofa dengiz chegarasini belgilash uchun kerakli tamoyil boʻlib, bu hududda alohida holatlar yuzaga kelmasa va teng masofalilik boʻlganda adolatli chegaralanish amalga oshirilgan boʻladi“. Kanada rasmiylarining fikricha, teng masofalilik prinsipi adolatli chegara boʻlinishiga olib kelmaydi. Yukon qirgʻogʻi botiq, Alyaska yarim oroli esa qavariq tuzilishga ega. Bu esa oʻz navbatida AQShning mazkur hududga nooʻrin egalik qilishi holatining sezilarli darajada kengayganini namoyish etadi. Kanada Milliy Energetika Kengashining maʼlumotlariga koʻra, „xanjar hududi“ ichida tabiiy zahiralar mavjudligi sababli bu bahs katta ahamiyatga egadir. Jumladan, bu hududda 20 yil davomida mamlakat ichki isteʼmolini qoplaydigan 1,700,000,000 m (6.0×10 cu ft) lik gaz va 1,000,000,000 m (3.5×10 cu ft) dan ortiq boʻlgan neft zaxiralari mavjudligi aniqlangan. Shu sababli, Kanada bu chegarada „maxsus holatlar“ qoʻllanishi kerak, deb taʼkidlaydi, AQSh esa buni rad etadi. Bu nizo shu nuqtai nazardan AQSh va Kanada oʻrtasidagi Meyn koʻrfazi boʻyicha tortishuvlarning aksi hamdir, bu holatda AQSh „maxsus holatlar“ va Kanada teng masofa tamoyili uchun bahslashganlar. Oxirgi bahsda ikkala argument ham rad etildi va chegara geografik omillarni hisobga olgan holda geometrik tamoyillar asosida chizilgan. Biroq, AQSh ham, Kanada ham bu masalani tezkor hal etishni yoki Xalqaro Sudda arbitraj talab qilishmagan va ikkalasi ayni paytda dengiz muhitini saqlashga qaratilgan bir qancha tadbirlarda hamkorlikda faoliyat yuritishmoqda.

2004-yil oxirigacha AQSh suv ostidagi sakkizta yer uchastkasini neftni qidirish va ishlatish uchun ijaraga oldi hamda bu Kanadaning diplomatik noroziligiga sabab boʻldi. 2009-yil 20-avgustda Amerika Qoʻshma Shtatlari Savdo vaziri Gary Locke Alyaska shimolidagi Bofort dengizida, shuningdek, uning atrofidagi bahsli hududlarda baliq ovlash taqiqlanishini eʼlon qilgan. 2010-yil iyul oyida Ottavada AQSh—Kanada muzokaralari boshlandi, keyingi uchrashuv 2011-yilga rejalashtirilgan edi. Hududda qoʻshma geologik tadqiqot boshlangan va bu masala CIA World Factbook tomonidan hal qilingan, deb belgilangan. 2010-yil sentyabriga qadar hech qanday rasmiy hujjat eʼlon qilinmagan.

Tijoriy maqsadda baliq ovlash moratoriysi



2009-yil 20-avgustda Amerika Qoʻshma Shtatlari savdo vaziri Gary Locke Alyaska shimolidagi „Bofort dengizida baliq ovlashga moratoriy“ eʼlon qilgan. Lockening fikri quyidagicha:

„Iqlim oʻzgarishi oqibatida Arktika dengiz muzlari kamayganligi sababli, Arktika suvlarida tijoriy maqsadda baliq ovlashga qiziqish tobora ortib bormoqda. Biz ushbu nozik ekotizimning umumiy holatiga zarar yetkazmaydigan barqaror baliq ovlash tizimini rejalashtirish imkoniyatiga egamiz. Bu reja tarixda baliq ovlashga ixtisoslashmagan hududlarda tijoriy maqsadlarda baliq ovlashning rivojini tabiat bilan hamohang tarzda kechishini taʼminlaydi.“

Hozir bu suvlarda keng tarqalgan tijoriy baliqchilik mavjud emas.

Moratoriy global isish bu hududa tijoriy maqsadda baliq ovlash uchun ochiq qilinishini kutgan holda joriy etilgan. Moratoriy Kanadada koʻplab munozaralarga sabab boʻldi, chunki AQSh moratoriy eʼlon qilgan mintaqada bahsli suvlarning katta xanjar shaklidagi hududi mavjud edi. Canada.com saytida Randy Boswellning yozishicha, bahsli hudud Bofort dengizining 21,436 square kilometre (8,276 mi²) maydonni egallagan. Uning aytishiga koʻra, Kanada aprel oyida AQSh moratoriy rejasini birinchi marta eʼlon qilganida, AQShga „diplomatik yozishma“ topshirgan. Kanadaning Yangi Demokratik partiyasi rahbari Jack Layton AQShning Bofort dengizidagi bahsli suvlarga moratoriy qoʻyishini „tariximizdagi Kanada hududiga qilingan eng yirik tajovuz“ deb atagan.

Geografiyasi




Alyaskadagi Kongakut daryosi va Yukondagi Firth daryosi kabi bir qancha daryolar Bofort dengiziga quyiladi. Dengizga suvi quyiladigan asosiy daryo Kanadadagi eng uzun Makkenzi daryosi boʻlib, dengizning Kanada hududidagi qismiga, Tuktoyaktukdan gʻarbroqda quyiladi. Sohil boʻyidagi shelf maydoni ancha tor, ayniqsa dengizning Alyaska qismidagi Point Barrow choʻqqisi yaqinida va sharqiy hududidagi koʻplab suv osti vodiylarini oʻz ichiga oladi. U Makkenzi daryosining deltasi yaqiniga borgan sari kengayib boradi, lekin uning kengligi 145 km (90 mi) dan oshmaydi. Sohil yaqinida chuqurliklar 60 m (200 ft) dan pastroq, lekin ular shimolga qadar bir necha kilometrgacha ortib boradi, hamda geologik jihatdan okeanlarnikiga oʻxshash ulkan platformaga aylanadi. Dengizda va Makkenzi daryosining deltasida koʻplab kichik orollar mavjud. Bir necha yirik orolchalar Makkenzi daryosining gʻarbiy qismida joylashgan, masalan Herschel oroli (qirgʻoqdan 4 km (2.5 mi) uzoqlikda boʻlib, 18 km (6.9 mi²) maydonga ega) va Barter oroli (qirgʻoqdan 0.3 km (0.19 mi) uzoqlikda, 13 km (5.0 mi²) maydonga ega) shular jumlasidandir. Sohillari past, maksimal balandligi 250 and 750 m (820 and 2,460 ft) gacha yetadi. Tuproq butun yil davomida taxminan 1 m (3 ft 3 in) dan past boʻlgan chuqurlikda muzlaydi yoki undan yuzaroq qismlarda abadiy muzloq yerlarni hosil qiladi. Yozda bu hududlarning faqatgina bir necha oʻn santimetr qismigina eriydi. Binobarin, bu yerda binolarni abadiy muzlikka botgan yogʻoch qoziqlar ustida, yerdan ancha yuqoriroqda bunyod etish kerak.

Gidrologiyasi va iqlimi




Bofort dengizi yil davomida muzlagan holatda boʻladi, avgust va sentyabr oylari bundan mustasno. Bir vaqtlar qirgʻoq yaqinidagi muz qatlami parchalanib, suvning kenglik chizigʻi 50–100 km (31–62 mi) gacha ochilib qolgan. 2000-yillarda, Arktikadagi iqlim oʻzgarishi sababli, yoz oxirida muzsiz hudud sezilarli darajada kengaygan. 2012-yil sentyabr oyida Arktika dengiz muzining rekord darajadagi erishi kuzatilgan. Bunda muz erishi chegarasi shimolga tomon juda katta hududga siljigan.

Makkenzi daryosidagi muzlar ertaroq, may oyining oxiri — iyun oyining boshlarida eriydi. Ushbu erish oʻrtacha suv oqimini taxminan 150,000 to 250,000 m/s (5,300,000 to 8,800,000 cu ft/s) ga qadar oshiradi.

Bofort dengizining muz qatlamidagi yashirin oʻzgarishlar 2009-yilda aniqlangan. Kuzatuv sunʼiy yoʻldoshlari maʼlumotlariga koʻra, muz maydoni barqaror boʻlib qolsa-da, bu suvning harorati va shoʻrlanishiga taʼsir koʻrsatmoqda, muzning tuzilishi yaqin vaqt oraligʻida oʻzgarganligi aniqlangan. Chirigan muz deb ataladigan yangi muz qatlami nozikroq va strukturaviy jihatdan ancha zaifdir.

Dengiz suvi barqaror haroratga ega va quyidagi tarzda toʻrtta alohida qatlamga boʻlinadi. Eng yuqori qatlam, dengiz sathidan 100 m (330 ft) balandlikda boʻlib, yozda −1.4 °C (29.5 °F) va qishda −1.8 °C (28.8 °F) haroratga ega boʻlgan yer usti suvlari qatlami hisoblanadi. Keyingi qatlam Tinch okeani va Bering dengizidan Bering boʻgʻozi orqali keladigan oqimlardan hosil boʻladi, u Shimoliy qutbga qadar choʻzilgan. Atlantikaning eng issiq, chuqur qatlami 0 dan 1 °C (32 dan 34 °F) gacha haroratga ega boʻlsa, pastki qismidagi suv nisbatan sovuqroq −0,4 dan −0,8 °C (31,3 dan 30,6 °F) gacha boʻlgan harorat namoyish etadi. Oʻrtacha shoʻrlanish janubdan shimolga qarab 28‰ va 32‰ orasida oʻzgarib turadi. Odatda havo harorati (Tuktoyaktukda) yanvarda −27 °C (−17 °F) va iyulda 11 °C (52 °F) ni tashkil etadi.

Suv oqimlari soat yoʻnalishi boʻyicha Bofort Girasini hosil qiladi, bu esa qirgʻoqlar yaqinida janubi-gʻarbiy va gʻarbiy oqimlar toʻqnashuviga sabab boʻladi. Makkenzi daryosi bu aylanishga qisman taʼsir oʻtkazadi va uning boʻgʻziga yaqin hududdagi sharq tomonda kichik oqimlarni paydo qiladi. Daryo har yili dolomit va kaltsiy karbonatga boy boʻlgan 15 million tonnaga yaqin choʻkindilarni oʻzi bilan olib keladi. Bu konlar dengiz boʻylab yoyilgan hamda loy va shagʻal bilan aralashgan holda boʻladi.

Florasi va faunasi



Bofort dengizining qirgʻogʻi tundra bilan qoplangan va quruqlik oraligʻining shimoliy chegarasini belgilaydi. Shimoliy Amerikadagi hududi oq ayiqning, Makkenzi daryosi esa kitlar va dengiz qushlarining muhim yashash joyi boʻlib, mazkur hudud hanuzgacha tijoriy oʻtish yoʻllariga aylantirilmagan. Makkenzi daryosining deltasida ondatralar yashaydigan koʻplab koʻllar va hovuzlar ham mavjud.

Dengizda 80 ga yaqin zooplankton, 70 dan ortiq fitoplankton, 700 ga yaqin poliketalar, bryozoanlar, qisqichbaqasimonlar va mollyuskalar yashaydi, ammo sovuq iqlim tufayli ularning umumiy hajmi nisbatan kichik hisoblanadi. Asosiy baliq turlariga qutb baliqlari (Boreogadus saida), (Arctogadus glacialis), zaʼfaron treska (Eleginus gracilis), arktika lososi (Salvelinus alpinus), chum lososi (Oncorhynchus keta), arktik omul (Coregonus autumna), koʻl oq baligʻi(Coregonus clupeaformis), chiroq baliq (Coregonus nasus), tinch okean seld baligʻi (Clupea pallasii), toʻrt shoxli skulpin (Myoxocephalus quadricornis, Stenodus leucichthys) va yassi baliq kabilar kiradi.

Dengizning sharqiy qismi beluga kitlarining asosiy yashash joyi boʻlib, ularning soni 39 000 nafarni tashkil etadi. Bu son barqaror boʻlib, hatto koʻpayishi ehtimoli ham mavjud; bu hududga dengizda neft qidirish ishlari ishlari taʼsir qilmaydi. Belugalar yozni qirgʻoq boʻyida va oʻsha paytda muzdan xoli boʻlgan Makkenzi daryosi deltasida oʻtkazadi hamda dengizning boshqa hududlariga koʻchib oʻtadi. Bofort dengizining belugalari Kanada va Alyaskaning boshqa suvlaridagidan farq qilishi aniqlangan. Ammo, koʻpincha qishlash uchun umumiy yashash joyi sifatida Bofort dengizi etirof etiladi.

Bofort dengizining oziq-ovqat zanjiri nisbatan sodda: u zooplanktonni energiya bilan taʼminlaydigan fitoplankton va epontik suvoʻtlari (dengiz muzining chuqur joylari bilan bogʻliq bir hujayrali suv oʻtlari) hamda epontik va qirgʻoq amfipodalaridan boshlanadi. Ikkinchisi dengiz qushlari va baliqlar uchun oziq-ovqat boʻlib xizmat qiladigan, birinchi navbatda qutb baliqlari va arktik losos baligʻi hisoblanadi. Soqolli tyulen va morj ham bentik umurtqasizlar bilan oziqlanadi. Oziq-ovqat piramidasining tepasida qutb ayigʻi joylashgan boʻlib, u asosan tyulenlar bilan oziqlanadi, shuningdek, imkoni boʻlganda har qanday yirik dengiz sutemizuvchilari, masalan, muz dalalarida qolib ketgan oʻlimtik va oʻlgan kitlarni ham isteʼmol qilaveradi.

Inson faoliyati




Umuman Arktika madaniyati kontekstida Bofort qirgʻoqlari boʻylarini anomal ravishda madaniylashtirish xususida tarixiy dalillar mavjud emas. Ammo taxminan 4000 yil oldin Paleo-eskimoslar, masalan Dorset madaniyati, taxminan 1000 yil oldin Tule va nihoyat zamonaviy Inuitlar tomonidan oʻzlashtirilgani haqida tarixiy manbalar mavjud. Ular yoshligidan boshlab baliq ovlash bilan shugʻullanishgan — Arktika baliqlarining suyaklari 4000 yillik aholi punktlari hududida topilgan. Bu yerga kelganlar dastlab koʻchmanchi hayot kechirgan boʻlsalar-da, keyinchalik doimiy aholi punktlarini tashkil qila boshlaganlar. Bugungi kunda bu yerlarda yashovchi mahalliy aholi soni ortib bormoqda, ammo ishsizlik darajasi nisbatan yuqori.

1888—1914-yillar oraligʻida Bofort dengizida kitlar juda koʻp miqdorda ovlangan. Kitlar sonining keskin kamayishiga sabab boʻlgan bu amaliyot keyinchalik hukumatning qarorlari tufayli toʻxtab qoldi. Lekin 1990-yillarda kitlarni ovlash ishlari yana boshlandi.

Bofort dengizi boʻyidagi yirik aholi punktlari Kanadadagi Tuktoyaktuk (2009-yilda 930 kishi) va Alyaskadagi Prudxo koʻrfazi hisoblanadi. Aslida Prudxo koʻrfazining doimiy aholisi necha kishidan ortmaydi lekin bu yerda joylashgan neft konida shu soha bilan shugʻullanadigan minglab ishchilar istiqomat qiladi, bu koʻrfaz Shimoliy yonbagʻir deb nomlanuvchi qirgʻoq pasttekisligida joylashgan. Endicott va Northstar kabi sunʼiy orollar 1987 va 2001-yillarda qirgʻoqlar yaqinida barpo etilgan. Bu yerdan olingan neft Trans-Alyaska quvur tizimi orqali janubiy Valdez portiga tashiladi.

Mahaliy aholining asosiy yumushi baliq va boshqa dengiz jonivorlarini ovlash hisoblanadi. Baliqchilik bu hududda hech qanday tijorat qiymatiga ega emas, ayniqsa 2009-yilda Bofort dengizining AQShga tegishli qismida tijorat maqsadida baliq ovlashga moratoriy qoʻyilganidan keyin bu yerda yashovchi mahalliy aholi uchun 1920—1960-yillarda daromad manbai hisoblangan Makkenzi daryosi deltasida ondatra ovlash ishlari kamayib ketgan.

Neft va gazni qidirish ishlari



Bofort dengizi tubida yirik gaz va neft zaxiralari mavjudligi aniqlangan, bu yaqin atrofdagi Makkenzi daryosi va Shimoliy nishablikdagi aniqlangan asosiy zaxiralarning davomi hisoblanadi. Bu dengiz tubi birinchi marta 1950-yillarda subshelf uglevodorodlarini aniqlash maqsadida oʻrganilgan hamda taxminan 250 km (60 cu mi) neft va qirgʻoq boʻyidagi 300,000 km (72,000 cu mi) maydonni oʻz ichiga olgan tabiiy gaz zaxiralari mavjudligi aniqlangan. Dengizda burgʻulash ishlari 1972-yilda boshlangan. 1980-yillarga kelib 70 ga yaqin quduq qazilgan, 2000-yilga kelib bu son 200 taga yetgan . Ushbu tadbirlar natijasida 46,5 million m³ ga yaqin dengiz tubi tuproqlari chuqurlashtirildi, shuningdek, tarkibida barit, gil, kaustik soda va ogʻir metallardan: rux, mis, qoʻrgʻoshin, xrom, kobalt, nikel, kadmiy va simob boʻlgan burgʻulash loylari qazib olingan. Bofort dengizidan 1986-yilda taxminan 50,400 m (1,780,000 cu ft) neft qazib chiqarilgan.

1971-yilda Makkenzi daryosi deltasida „Taglu gaz koni“ deb nomlangan yirik gaz koni, undan keyin Parson koʻli va Niglintgak koni ochilgan. Bu konlarning taxminiy gaz zaxiralari 58,600 km (14,100 cu mi), 35,400 km (8,500 cu mi) va 13,600 km (3,300 cu mi) ni tashkil etadi. Bundan tashqari, Makkenzi deltasida Amauligak koni joylashgan. Bu, Bofort dengizining eng yirik neft koni hisoblanadi. Mazkur kon 1984-yilda topilgan va 37.3 km (8.9 cu mi) neft va 38,500 km (9,200 cu mi) gaz zaxirasiga ega. Bu konlarda ishlarning rivojlanishiga ularning uzoq hududda joylashganligi toʻsqinlik qilmoqda. Bu muammo Trans-Alyaska quvur liniyasini qurish orqali Prudxo koʻrfazi bilan yaqin masofaga ochildi, ammo Makkenzi daryosi atrofidagi konlarda muntazam tijoriy ishlab chiqarish cheklangan. Masalan, „Amauligak loyihasi“ kon ochilgandan soʻng koʻp oʻtmay boshlangan. 1985-yil sentyabr oyida „Gulf Beaufort“ tankeri 50,300,000 L (316,377 bbl) xom neftni Yaponiyaga yetkazib berdi, bu Arktika konlaridan joʻnatilgan neftning birinchi joʻnatmasi boʻlgan. Biroq, shundan keyin loyiha toʻxtab qolgan.

2017-yil iyul oyida AQShning Okean energiyasini boshqarish byurosi tomonidan Italiyaning xalqaro Eni tashkilotiga Bofort dengizidagi toʻrtta sunʼiy oroldan biri boʻlgan Spy orolida toʻrtta neft qazuv qudugʻini burgʻulashga ruxsat berilgan.

Ommaviy madaniyatda



Stan Rogers oʻzining Kanada xalq qoʻshigʻi „Northwest Passage“ (tarjimasi „Shimoli-gʻarbga harakat“) asarida Bofort dengizi haqida yozgan.

Manbalar




Adabiyotlar




Qoʻshimcha oʻqish uchun adabiyotlar




Havolalar





uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz