Bodom
Bodom (Amygdalus L.) — raʼnodoshlar (anorgullilar oilasi)ga mansub daraxt va butalar turkumi. 40 ga yaqin turi maʼlum. Osiyo, Shimoliy hamda Markaziy Amerikada, Yevropaning jan.da, Zakavkazye, Oʻrta Osiyoda tarqalgan. Oʻzbekistonda 5 turi mavjud. Ulardan bittasi — shirin magʻizli B. (A. communis L.) ekiladi, qolganlari yovvoyi holda uchraydi. Oʻzbekistonning dengiz sathidan 1000–1200 m gacha boʻlgan togli zonalarida (Fargʻona vodiysi, Surxondaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlarida) oʻstiriladi.
Botanik tavsifi. Daraxti 6– 10 m, shoxshabbasi piramidasimon yoki tarvaqaylagan. ildiz tizimi yaxshi rivojlangan. Barglari nashtarsimon. Oʻsuv va meva novdalari chiqaradi. Erta bahorda, barg chiqarishdan oldin gullaydi. Guli oq yoki pushti, ikki jinsli. Gʻoyat yorugʻsevar va qurgʻoqchilikka chidamli. Chetdan changlanganda yaxshi hosil beradi. Mevasi (bodomi) pust (pishganda yorilib ketadi) bilan qoplangan qattiq qobikli danak (yongʻoqcha). Iyul—sentabrda pishadi. Bodomi 0,5—4 g (magʻzi 12—80%). Magzi tarkibida 35—67% yogʻ, 30% gacha oqsil moddalar, shuningdek qand, yelimsimon moddalar (achchiq B. tarkibida 2,5% gacha amigdalin) bor. Poʻchogʻi naviga qarab yupqa (gʻalvirak), oʻrtacha va qattiq, magʻzi shirin yoki achchiq boʻladi.
Xoʻjalik ahamiyati. B. asosan, shirin magʻzi uchun yetishtiriladi. B. magʻzi isteʼmol qilinadi, konditer sanoatida, moyi tibbiyotda, achchiq magʻiz B.dan olinadigan efir moyi kosmetika sanoatida, poʻchogʻi likyor, konyak va vinolar rangi va taʼmini yaxshilashda ishlatiladi.
Biologik xususiyatlari. B. 100, hatto 130 yilgacha yashaydi. Koʻchati danakmevalilar (shaftoli, olcha, oʻrik) yoki achchiq B. danagini ekib olingan nihollarga shirin B. navlarini payvand qilish yoʻli bilan yetishtiriladi. Koʻchati kuzda yoki bahorda 8×6, 8×8, 10×10 m sxemada ekiladi. Soz va toshloqi tuproqli, sugʻoriladigan boʻz yerlarda yaxshi usadi. Ekilgan yili 8—10-marta, hosilga kirgach, 4—6-marta sugʻoriladi. Shoxshabbasiga siyrak yarusli, baʼzan kosasimon shakl beriladi. Daraxti 4—5 yildan boshlab meva beradi. 12—15yili toʻliqhosilga kiradi. Bir tupidan 60–80 kg gacha hosil olinadi. Daraxti 20—25° sovuqqa bardosh beradi.
Oʻzbekistonda ekiladigan asosiy navlari. Boʻstonliq — shaftoli bilan chatishtirish natijasida yetishtirilgan. Bodomi 2 g keladi. Poʻchogʻining qalinligi oʻrtacha, magʻzi shirin. Bahorgi qorasovuqqa chidamli. Ertagi — Buxoro bodomini oddiy B. bilan chatishtirib olingan. Erta gullaydi, mevasi iyudda pishadi. Magʻzi shirin. Sovuqqa chidamli. Gʻalvirak (yupqapoʻchoq) — bodomining oʻrtacha ogʻirligi 1,9 g, magʻzi toʻq, erta gullaydi, mevasi avg,da pishadi, sovuqqa chidami oʻrtacha. B.ning Yalta, Kosmos, Nikitskiy 62, Turkmenistan aʼlosi kabi navlari ham ekilmoqda.
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org