BODOM



BODOM (Amygdalus L.) — ra’nodoshlar (anorgullilar oilasi) ga mansub daraxt va butalar. 40 ga yaqin turi ma’lum. Osiyo, Shimol hamda Markaziy Amerikada, Yevropaning Janubda, Zakavkaze, O’rta Osiyoda tarqalgan. O’zbekistonda 5 turi mavjud. Ulardan bittasi — shirin mag’izli Bodom (A. comminis L.) ekiladi, qolganlari yovvoyi holda uchraydi. O’zbekistonning dengiz sathidan 1000-1200 metrgacha bo’lgan tog’li zonalarida (Farg’ona vodiysi, Surxondaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlarida) o’stiriladi. Botanik tavsifi. Daraxti 6— 10 metr, shoxshabbasi piramidasimon yoki tarvaqaylagan. Ildiz tizimi yaxshi rivojlangan. Barglari nashtarsimon. O’suv va meva novdalari chiqaradi. Erta bahorda,barg chiqarishdan oldin gullaydi. Guli oq yoki pushti, ikki jinsli. G’oyat yorug’sevar va qurg’oqchilikka chidamli. Chetdan changlanganda yaxshi hosil beradi. Mevasi (bodomi) pust (pishganda yorilib ketadi) bilan qoplangan qattiq qobiqli danak (yong’oqcha). Iyul sentabrda pishadi. Bodomi 0,5—4 gramm (mag’zi 12-80%). Mag’zi tarkibida 35-67% yog’, 30% gacha oqsil moddalar, shuningdek qand, elimsimon moddalar (achchiq Bodom tarkibida 2,5% gacha amigdalin) bor. Po’chog’i naviga qarab yupqa (g’alvirak), o’rtacha va qattiq, mag’zi shirin yoki achchiq bo’ladi. Xo’jalik ahamiyati . Bodom asosan, shirin mag’zi uchun yetishtiriladi. Bodom mag’zi iste’mol qilinadi, konditer sanoatida, moyi tibbiyotda, achchiq mag’iz Bodomdan olinadigan efir moyi kosmetika sanoatida, po’chog’i likyor, konyak va vinolar rangi va ta’mini yaxshilashda ishlatiladi. Biologik xususiyatlari. Bodom 100, hatto 130 yilgacha yashaydi. Ko’chati danakmevalilar (shaftoli, olcha, o’rik) yoki achchiq Bodom danagini ekib olingan nihollarga shirin Bodom navlarini payvand qilish yo’li bilan yetishtiriladi. Ko’chati kuzda yoki bahorda 8×6, 8×8, 10×10 metr sxemada ekiladi. Soz va toshloqi tuproqli, sug’oriladigan bo’z yerlarda yaxshi usadi. Ekilgan yili 8-10 marta, hosilga kirgach, 4-6 marta sug’oriladi. Shox-shabbasiga siyrak yarusli, ba’zan kosasimon shakl beriladi. Daraxti 4-5 yildan boshlab meva beradi. 12—15 yili to’liq hosilga kiradi. Bir tupidan 60— 80 kilogrammgacha hosil olinadi. Daraxti 20— 25° sovuqqa bardosh beradi. O’zbekistonda ekiladigan asosiy navlari. Bo’stonliq — shaftoli bilan chatishtirish natijasida yetishtirilgan. Bodomi 2 gramm keladi. Po’chog’ining qalinligi o’rtacha, mag’zi shirin. Bahorgi qorasovuqqa chidamli. Ertagi — Buxoro bodomini oddiy Bodom bilan chatishtirib olingan. Erta gullaydi, mevasi iyudda pishadi. Mag’zi shirin. Sovuqqa chidamli. G’alvirak (yupqapo’choq) — Bodomining o’rtacha og’irligi 1,9 gramm, mag’zi to’q, erta gullaydi, mevasi avgustda pishadi, sovuqqa chidami o’rtacha. Bodomning Yalta, Kosmos, Nikitskiy 62, Turkmaniston a’losi kabi navlari ham ekilmoqda. Ad.: Pomologiya Uzbekistana, T., 1983; Sobirov M., Tomorqa bog’dorchiligi, T., 1991. Rixsivoy Jo’rayev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz