BODIYAGALAR



BODIYAGALAR (Spongillidae) — g’ovaktanlilar tipining chuchuk suvlarda yashaydigan oilasi. 16 ta avlodi va 94 turi bor. Asosan Yevrosiyoning daryo va ko’llarida tarqalgan. Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi daryo va ko’llarda bir necha turi uchraydi. Kattaligi 1 metrgacha. Bodiyagalar aniq shaklga ega emas. Po’stloqsimon, daraxtsimon shoxlangan yoki boshqa shaklda bo’ladi, suv ostidagi narsalarga yopishib yashaydi. Rangi sarg’ishqo’ng’ir, jigarrang, yashil yoki qizg’ish. Skeleta kremniydan tuzilgan bir o’qli nina shaklida, organik modda — spongin bilan bir-biriga yopishgan. Bo’linish, tashqi yoki ichki kurtaklanish va jinsiy yo’l bilan ko’payadi. Kuzda ko’pincha mustahkam ikki qavat qobiq bilan o’ralgan ichki kurtaklar — gemmulalar hosil qiladi. Gemmulalar qishlab, bahorda yosh bulutga aylanadi. Xalq tabobatida quritilgan Bodiyagalardan bod va asab kasalliklarini davolashda foydalaniladi, kosmetikada sun’iy qizillik yugurtirish uchun ishlatiladi. Ba’zan quvurlarga kirib qolib, suv yo’lini to’sib qo’yishi mumkin.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz