BODIBILDING
BODIBILDING, kulturizm (inglizcha BodyBuilding — tana tuzilishi) — sport turi; tana mushaklarini gantel, shtanga, tosh va hokazolar yordamida rivojlantirish, uni chiroyli va baquvvat qilishga qaratilgan mashqlar tizimi. Bunday mashkdarga dastlab Yunoniston va qadimgi Rimda katta e’tibor berilgan. Misrda gavda muskullari chiroyli, kelishgan odamlargina Fir’avn unvoniga munosib bo’lgan. Keyinchalik bu xildagi mashqlar ko’p mamlakatlarga tarqaldi. 19-asr oxirida Buyuk Britaniyada hozirgi zamon kulturizmi (frantsuzcha culturisme, inglizcha physical culture — gavda madaniyati) asoslari ishlab chiqildi. 1901 yildan erkaklar gavda go’zalligi xalqaro konkurslari, 20-asr o’rtalaridan esa kulturizm bo’yicha har yili jahon chempionatlari o’tkazila boshlandi. 1946 yil Xalqaro kulturizm (bodibilding) federasiyasi (IFBB) tashkil qilindi. 170 dan ortiq davlat bu federatsiya a’zosi. O’zbekistonda Bodibilding 1960 yillardan paydo bo’ldi va dastlabki musobaqalar uyushtirildi. Ammo 80-yillarga kelib unga burjua sport turi sifatida salbiy baho berila boshlandi va unutib yuborildi. Mustaqillik yillarida jismoniy tarbiya va sportning barcha turlari qatori Bodibildingga ham e’tibor kuchaydi. Bodibilding ishqibozlari ko’paydi. Bodibilding bo’yicha turli ko’rik va musobaqalar o’tkazilmoqda. Daniil Plakida, Fuat Gimush, Ruslan Murodasilov, Rustam Fotihov, Gennadiy Blajko, Ibrohim Bekboev taniqli Bodibildingchilardir.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz